Keyingi oylarda O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasidagi nazorat-o‘tkazish maskanlari “tovar o‘tkazish maskanlari”ga aylanib qoldi. Toshkent shahri va viloyati aholisi o‘simlik yog‘i, qandolat mahsulotlari, sanitariya-gigiena tovarlari hamda maishiy texnikani Qozog‘istondan sotib olib kelmoqda.
Ozodlik Tashqi savdo vazirligi mulozimi, toshkentlik sotuvchilar hamda iqtisodiyot masalalari bo‘yicha ekspertdan O‘zbekistondagi narxlarning Qozog‘istondagidan balandligi sabablarini so‘radi.
Toshkentlik Toshbek 20 fevral kuni O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasiga borib, vaziyat bilan tanishdi va o‘zbekistonliklar olib kelayotgan ba’zi tovarlarning Qozog‘iston va O‘zbekistondagi narxlarini qiyosladi:
Bugungi narxlar
O‘simlik yog‘i (“Zolotaya Semechka” va “Oleyna” - 5 litri) - Qozog‘istonda 40-42 ming so‘m, O‘zbekistonda 50 ming so‘m;
Konfet (“Qoraqum”, “Roshen” -1 kg) Qozog‘istonda 30-40 ming so‘m, O‘zbekistonda 60 ming so‘mgacha;
Televizor Qozog‘istonda O‘zbekistondagidan o‘rtacha 50 dollarga arzon.
Oy boshidagi narxlar
Fevral boshida Ozodlikning mobil muxbiri ham O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tib, o‘zbekistonliklar tashiyotgan tovarlar narxini o‘rgangan va ularni Toshkentdagi narxlarga qiyoslagan edi:
Kungaboqar moyi (5 litri) - O‘zbekistonda 58 000 so‘m, Qozog‘istonda 41 000 so‘m;
Konfet (“Snikers”, “Mars” – 1 kg) - O’zb - 79 990 UZS, Qoz - 52 000 UZS
Kolbasa ("Salyami" navi 1 kg) - O’zb - 43 000 UZS, Qoz - 40 000 UZS
Kofe (Jakobs Monarch - 200 gr.) -- 38 690 UZS, Qoz - 25 000 UZS
Kir yuvish kukuni (Tide, Persil -3 kg) - O’zb - 62 990 UZS, Qoz - 45 000 UZS;
Shampun (Head & Shoulders) - O’zb - 28 000 UZS, - 20 000 UZS.
Ko‘rinib turibdiki, o‘rganilgan tovarlar O‘zbekistonda Qozog‘istondagidan 10 foizdan 30-35 foizgacha qimmat.
Ozodlikning ikki qo‘shni davlatdagi narxlarni qiyoslagan mobil muxbiriga ko‘ra, maishiy texnika O‘zbekistonda Qozog‘istonga qaraganda, o‘rtacha 25 foizga qimmat.
Masalan, Koreyada ishlab chiqarilgan 42 dyuymli, Samsung televizorini Qozog‘istonda 2 million so‘mga sotib olish mumkin. Xuddi shu televizor O‘zbekistonda 2,5 mln. turadi.
Vazirlik mulozimi narxlardagi farqni tan olgisi kelmadi
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining o‘zini tanishtirishni istamagan mulozimi Ozodlikning narxlar tafovutiga oid savoliga javoban bunday dedi:
- Siz qiyoslaganday qiyoslash noto‘g‘riroq bo‘lib qoladi. Chunki har bir tovarning turi bor, ishlab chiqaruvchisi, hajmi boshqa bo‘lishi mumkin. Masalan, kolbasa, deyapsiz. Axir kolbasa ham har xil bo‘ladiku? Axir, 10 ming so‘mdan ham kolbasa borku, to‘g‘rimi? – dedi mulozim.
“Biz ishlab chiqaruvchisi ham, hajmi ham bir xil tovarlarni qiyosladik”, degan pisandamizga vazirlik mutaxassisi javob berishni istamadi.
Sotuvchilar: Narxlarning O‘zbekistonda balandligi boj stavkalari balandligidan
Maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi shirkat boshlig‘i (ismi aytilmasligini so‘radi) bunday dedi:
- Qozog‘iston Rossiya bilan bitta bojxona zonasida. Qozog‘istonda rastamojka arzonroq. Bizda esa, qimmatroq. Ishlab chiqaruvchidan olinadigan tovar bir xil narxda, lekin boj stavkasidagi farq oxirgi narxni oshirib yuboradi, - dedi maishiy texnika sotuvchisi.
Ozodlik yana bir shirkat sotuvchisi bilan bog‘landi va undan ham shunga o‘xshash gaplarni eshitdi. Ikkala sotuvchi ham Qozog‘istondan olib kirilayotgan maishiy texnikaning O‘zbekistondagi egalari kafolat muddatisiz va servis xizmatisiz qolib ketishi mumkinligiga potensial xaridorlar e’tiborini qaratishimizni so‘radi.
Ekspert fikri
Ostanadagi Yevroosiyo iqtisodiyot universiteti dotsenti Saparboy Jubaev 20 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda narxlarning O‘zbekistonda balandligini 4 omil bilan bog‘ladi.
Ekspert bilan suhbatning muxtasar mazmuni:
Birinchidan, devalvatsiyaning ta’siri (so‘m rasmiy kursining birdaniga ikki marta ko‘tarib yuborilgani nazarda tutilmoqda );
ikkinchidan, Qozog‘iston Jahon savdo tashkilotiga a’zo va shuning uchun bu mamlakat boj stavkalari masalasida imtiyozlardan foydalanadi;
uchinchidan, O‘zbekiston geografik o‘rni noqulay bo‘lgani sababli transport xarajatlari ko‘p;
to‘rtinchidan, korrupsiya darajasining baland qolayotgani ham narxlarning pasayishiga yo‘l qo‘ymayapti, dedi Saparboy Jubaev.
Boshqa ekspertning muhim qo‘shimchasi
Yana bir o‘zbekistonlik ekspert (ismini aytmaslikni so‘radi) tovarlarning O‘zbekistonga nisbatan Qozog‘istonda biroz arzonligini Qozog‘istonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi ekanligi bilan izohladi.
Ekspertning aytishicha, sobiq Sovet ittifoqi hududida ikki xil temir yo‘l tarifi mavjud bo‘lib, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zolari uchun arzonroq, Ittifoqqa a’zo emaslar uchun qimmatroq tarif qo‘llaniladi.
- Masalaning yana bir muhim jihati bor, - deydi ekspert, -hukumat Qozog‘iston bilan chegaradan boshlab mamlakat ichkarisiga qarab 100 kilometrgacha bir tarif o‘rnatgan. 101- kilometrdan boshlab o‘sha tarif ikki barobarga tushirilgan. Natijada tovarning egasi temir yo‘ldagi yukini yo Qozog‘istonda tushirib, buyog‘iga avtomashinada tashishga, yoki temir yo‘l bilan 101 kilometr ichkariga olib kirib, yana Toshkentga qaytarib olib kelishga majbur bo‘lmoqda. Toshkentda narxlarning oshishiga shu omil ham ta’sir qilayapti.
Chegaradan tovar olib o‘tayotganlar diqqatiga:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 6 fevralda imzolagan “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga binoan jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni olib kirishning bojxona to‘lovlari undirilmaydigan quyidagi cheklangan me’yorlari tasdiqlangan.
Unga ko‘ra:
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 2000 (ikki ming) AQSh dollari miqdorida;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdorida;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida;
xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar manziliga kelayotgan tovarlar uchun bir kalendar oy mobaynida – 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdori belgilangan.