Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:25

"Nodir To‘raqulov guruhi Bobomurod Abdullaevni 38 kun tinimsiz qiynagan!"


Jurnalist Bobomurod Abdullaev
Jurnalist Bobomurod Abdullaev

Bobomurod Abdullaev va uning sheriklari sifatida ko‘rilayotgan yana uch kishi ustidan 5 martga belgilangan ilk sud jarayoni 7 martga qoldirildi. Sud arafasida Bobomurod Abdullaev bilan uchrashgan advokat Sergey Mayorov jurnalistning hibsga olingan 27 sentabrdan to 5 noyabrga qadar tinimsiz qiynoqqa tutilganini bildirdi. Joriy yilning 22 yanvar kuni Abdullaevning qiynoqqa solinishiga boshchilik qilgan MXX tergovchisi Nodirbek To‘raqulovning o‘zi ham hibsga olindi.

"Bobomurodga 6 kun uyqu bermay, qiynashgan"

Advokat Sergey Mayorovning 5 mart kuni Ozodlikka aytishicha, 3 mart kuni hibsda saqlanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev bilan uchrashgan payti, Abdullaev o‘zining qiynoqqa tutilganidan shikoyat qilgan:

- Tergov izolyatorida uchrashgan paytimiz men undan qiynoq izlari qolgan joylarini ko‘rsatishni so‘radim. U beligacha yechinib ko‘rsatganida, uning chap qo‘lida yara izlari va shikastlangan joylari bor edi. Uning ta’kidlashicha, bular unga nisbatan jismoniy kuch qo‘llash ta’sirida qolgan izlardir. Eng og‘ir qiynoq - unga 6 kun davomida uxlashga ruxsat berishmagan. Yana 3 kun davomida uni bir xonali kameraga qip-yalang‘och tashlab qo‘yishgan. Bu xona o‘z joniga qasd qilishga urinuvchilarga mo‘ljallangan kamera bo‘lgan. Uni kaltaklash payti asosiy qurol sifatida bir metrlik vodoporpovod uchun ishlatiladigan plastik trubani qo‘llashgan. Shu truba va kompyuter shnuri bilan uni kaltaklashgan. Kompyuter shnuri bilan do‘pposlashni ular “eslatma” deb atashgan, deydi advokat.

Bobomurod o‘zini o‘ldirishga harakat qilmagani va bunday niyati ham yo‘qligini aytib, agar o‘zini o‘ldirib “o‘z joniga qasd qildi” degan, xabar berishsa, bunga ishonmasliki so‘ragan.

Bobomurod o‘ziga nisbatan nafaqat jismoniy¸ balki ruhiy qiynoq usullari ham qo‘llanilganini aytgan.

- Ular Bobomurodning Rossiyada o‘qiyotgan qizini zo‘rlashni va Toshkentda yashayotgan boshqa bolalarini o‘ldirib, xotinini ham qamoqqa tiqishlarini aytishgan, deydi Mayorov.

Mayorovga ko‘ra, Bobomurod 27 sentabrda hibsga olinganidan boshlab, 5 noyabrgacha unga nisbatan to‘xtovsiz qiynoq qo‘llanilgan.

- 5 noyabr kuni u tergovchilar talab qilgan barcha “iqror”larga qo‘l qo‘ygan. Shundan keyin uni qiynashni to‘xtatishgan, deydi advokat.

Mulozimlarga qarshi ko‘rsatma

Sergey Mayorovning aytishicha, Bobomurod Abdullaev tergovchilar talabi bilan sobiq Bosh prokuror¸ hozirda MXX raisi bo‘lgan Ixtiyor Abdullaev va o‘tgan yilning 4 sentabrida Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan Po‘lat Bobojonovga qarshi yozilgan ko‘rsatmaga qo‘l qo‘yishga majburlangan:

- U tergovchi aytib turgan narsalarni yozib ko‘rsatma bergan. Aslida¸ bu odamlar bilan tanish bo‘lmagan, ular bilan biror ish qilmagan, biroq qiynoqlar ortidan tergovchi talabi bilan yozib bergan, deydi advokat.

Mayorovga ko‘ra, Bobomurod Abdullaev tergovchilar kimligi haqida hech narsa aytmagan va uni kaltaklash uchun tergov xonasiga begona kishilar keltirilganini aytgan.

Bobomurod Abdullaev ishi bo‘yicha Ozodlikka yetib kelgan hujjatdan aniqlanishicha¸ jurnalist tergoviga joriy yil 22 yanvarida hibsga olingan MXX tergovchisi Nodir To‘raqulov boshchilik qilgan.

(16 fevral kuni Toshkent harbiy sudi chiqargan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrimga ko‘ra¸ Nodir To‘raqulov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 301-moddasi 1-qismi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) va 230-moddasining 2-qismi (Aybsiz kishini javobgarlikka tortish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda.)

“Bobomurod Abdullaev Haqnazarovning radikal maqolalarini yozmagan”

3 mart kuni o‘z himoyasidagi mahbus bilan uchrashgan advokat Sergey Mayorovga ko‘ra¸ Bobomurod Abdullaev ayni uchrashuvda 2003 yil yanvaridan boshlab "Usmon Haqnazarov" taxalllusi bilan maqolalar yozgani, 2005 yilgi Andijon voqealaridan so‘ng yozishni to‘xtatib, keyinchalik yana ushbu taxallus ostida maqola yozishni boshlaganini tan olgan:

- Bobomurod “Usmon Haqnazarov” taxallusi uniki ekani va ushbu taxallus ostida ko‘plab maqolalar yozganini aytdi. Biroq u ushbu taxallus ostida mamlakatda to‘ntarish qilish mazmunida e’lon qilingan maqolalarga aloqasi yo‘qligini aytdi. Tergov payti uni yozmagan maqolalari muallifligini ham bo‘yniga olishga majburlashgan, dedi advokat.

Mayorovga ko‘ra, Bobomurod Abdullaev qiynoq haqidagi ma’lumotlarni videokamera orqali nazorat qilingan uchrashuv xonasida qog‘ozga yozib bergan va keyin bu qog‘ozlarni o‘zlari yirtib tashlagan. Uchrashuv oxirida yirtilgan qog‘oz bo‘laklarini MXX xodimlari yig‘ishtirib olib ketgan.

Mayorovning aytishicha, u uchrashuvdan keyin Bobomurod Abdullaevni zudlik bilan MXX hibsxonasidan Ichki ishlar vazirligiga qarashli hibsxonaga o‘tkazishni so‘ragan.

- Chunki uni MXX tergov izolyatorida qiynashgan. Agar u hozir o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirsa, uni qiynagan odamlar yana buni davom ettirishi xavfi mavjud. Shuning uchun men shanba kuni uni Ichki ishlar bo‘limi izolyatoriga o‘tkazishni so‘ragandim. Hozircha bu borada biror javob bo‘lmadi, deydi Mayorov.​

Sud qoldirildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdullaev¸ bloger Hayot Nasriddinov¸ shuningdek tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlarga nisbatan 5 mart kuni o‘tkazilishi rejalangan ilk mahkama 7 martga qoldirildi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan Bobomurod Abdullaevning advokati Sergey Mayorovga ko‘ra, sudning kechiktirish sababi "prokuror yetib kelmagani" bilan izohlangan.

Jurnalist Bobomurod Abdullaev¸ bloger Hayot Nasriddinov¸ tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloërovlar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.

O‘tgan yilning 27 sentabrida MXX tomonidan hibsga olingan Bobomurod Abdullaev 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.

12ta xalqaro tashkilot O‘zbekiston hukumatidan Bobomurod Abdullaev, Hayot Nasriddinov va Akrom Malikovni ozod etishni talab qilgan edi.

XS
SM
MD
LG