Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:31

Toshkentning “smotryashchiysi” sudida xolis guvoh o‘z ko‘rsatmalaridan tondi (VIDEO)


Тошкентнинг "смотряшчийси" судида холис гувоҳ ўз кўрсатмаларидан тонди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:46 0:00

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudida sudlanuvchi Abbos Xo‘jaev ustidan yanvarning ikkinchi yarmida boshlangan sud jarayonining o‘tgan haftadagi majlisida ishtirok etgan xolis guvoh tergov davomida bergan ko‘rsatmasidan tondi.

1988 yilda tug‘ilgan toshkentlik Tal’at Ermuhammedov bilan suhbatlashgan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulova Ozodlikka taqdim etgan audioyozuvda Ermuhammedov qanday qilib “xolis guvoh”ga aylanib qolgani, sudlanuvchiga qarshi ko‘rsatmalarini tezkor xodimlarning bosimi ostida bergani to‘g‘risida aytganlari aks etgan.

Талъат Эрмуҳаммедов билан Малоҳат Эшоқулова ўтказган суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:35 0:00
Бевосита линк

Toshkentning “smotryashchiysi” ekanligi aytiladigan Abbos Xo‘jaev (hujjatlarda Xodjaev) 2017 yilning 13 sentabrida qo‘lga olingan edi.

Shirakayf "xolis guvoh"

Tal’at Ermuhammedov bilan o‘tkazilgan suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, u Abbos Xo‘jaevning uyida o‘tkazilgan tintuvda xolis guvoh sifatida ishtirok etishga majbur bo‘lgan.

Tal’atning 18 mart kuni jurnalist Malohat Eshonqulovaga bergan suhbatida aytishicha, uni 2017 yil, 13 sentabr oqshomida, shirakayf holatida PPS xodimlari to‘xtatib, “hujjatlarini tekshirgan va uni ichki ishlar bo‘limiga olib borish bahonasida qandaydir bir jinoyatchining uyida o‘tkaziladigan tintuv jarayoniga xolis guvoh sifatida olib borishgan”.

Tal’at tintuv o‘tkazilgan xonadonga tintuv tugagandan so‘ng olib kirilgan va tezroq uyga ketishni o‘ylab turgani uchun tezkor xodimlar aytgan qog‘ozlarga qo‘l qo‘yib beraqolgan.

Ertasiga ertalab, Tal’atning aytishicha, uni “shahar Ichki ishlar boshqarmasiga ikki xodim olib ketgan. U yerda tergovchi ortida turgan 3 kishi ishtirokida Tal’atdan kecha kechqurun tintuv o‘tkazilgan xonadonda giyohvand modda topilgani to‘g‘risida ko‘rsatmaga qo‘l qo‘yishi kerakligini aytgan. Shu asnoda, Tal’atning aytishicha, tezkor xodimlardan biri uning yuziga bir tarsaki tushirgan va shundan keyin u qo‘l qo‘yib berishga majbur bo‘lgan.

O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan sud majlisida Tal’at Ermuhammedov tergov davomida o‘sha ko‘rsatmalaridan tondi.

Balki xolis guvohga sudlanuvchi bosim o‘tkazgandir?

Sudlanuvchi Abbos Xo‘jaev Toshkentning “smotryashchiysi”, ya’ni jinoyat dunyosining hudud bo‘yicha favqulodda vakili ekanligi aytiladi. Bas, shunday ekan, balki uning atrofidagilar xolis guvoh Tal’at Ermuhammedovga bosim o‘tkazgandirki, u tergovdagi ko‘rsatmalaridan tongandir?

Malohat Eshonqulova
Malohat Eshonqulova

​Ozodlik bu savolni Tal’at bilan suhbatlashgan Malohat Eshonqulovaga berdi.

Malohatning aytishicha, xuddi shunday savolni u Tal’atga suhbat davomida 3 marta bergan.

- U yigit, “o‘shanda ichgan edim, oradan 6 oy o‘tdi, men o‘zimga kelib qoldim, birovga tuhmat qilayotganimni chuqur tushunib yetdim va shuning uchun ko‘rsatmamdan qaytdim”, dedi. Qolaversa, sudda oldingi ko‘rsatmalaridan tongan birgina bu yigit emas. Ularni ham topib suhbatlashmoqchiman”,- dedi Malohat Eshonqulova.

Sudlanuvchining yaqinlari nima dedi?

Sud majlisida o‘zining avvalgi ko‘rsatmalaridan Abbos Xo‘jaevning akasi Ahror Xo‘jaev ham tongan.

Aka-uka Xo‘jaevlarning yaqinlaridan birining Ozodlikka aytishicha, tintuv o‘tkazilgan kuni ularning xonadoniga 15 nafarcha xodim kirib kelgan va ukasi Abbos bilan bitta xonadonda yashaydigan Ahror Xo‘jaevni “butun oilangni jinoyatga sherik qilamiz”, deb qo‘rqitib, “uydan o‘zlari tashlab qo‘ygan narsaning topilgani to‘g‘risida ko‘rsatma yozdirib olishgan”.

Xo‘jaevlar yaqinining Ozodlikka aytishicha, Ahror Xo‘jaev sudda xonadonida o‘tkazilgan tintuvning butun tafsilotlarini, unga qilingan bosimlar to‘g‘risida aytib bergan.

Boshqarma bayonoti va aka topgan video orasidagi farq

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda “2017 yilning 13 sentabr kuni soat 17:00 larda, ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan Mirobod tumani hududida o‘tkazilgan tadbir davomida, fuqaro Xodjaev Abbosxon Axmadovich to‘xtatib tekshirilganda (ta’kid Ozodlikniki) uning yonidan sotish maqsadida saqlab kelayotgan og‘irligi 0,34 gram bo‘lgan «geroin» giyohvandlik vositasi aniqlab olingan”i aytilgan.

Xo‘jaevlar yaqinlaridan birining Ozodlikka aytishicha, Abbos Xo‘jaev Ichki ishlar boshqarmasi xabar qilganiday, to‘xtatib tekshirilgan emas, balki Toshkentdagi “Tezikovka-dacha” kafesida o‘tkazilgan maxsus amaliyot davomida qo‘lga olingan. So‘zlarining isboti sifatida aka-uka Xo‘jaevlarning yaqini Abbos Xo‘jaevni qo‘lga olish jarayonining kafega o‘rnatilgan kuzatuv kameralarida yozilib qolgan tasvirlarini Ozodlikka taqdim etdi.

Aka-uka Xo‘jaevlar yaqinining iddao qilishicha, Abbosning yonidan topilgani aytilayotgan 0, 34 gramm narkotik moddaning bir qismi uni qo‘lga olish jarayonida “operlar tomonidan uning cho‘ntagiga solib qo‘yilgan, boshqa qismi esa, go‘yoki uning uyida o‘tkazilgan tintuv paytida topilgan”.

Abbos Xo‘jaev qo‘lga olinishining bu ikki xil talqini yuzasidan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi izohini olishning hozircha imkoni bo‘lmadi.

Inson huquqlari himoyachisi A’zam Turg‘unov bu ishni yaqindan kuzatmoqda

A’zam Turg‘unov
A’zam Turg‘unov

Ma’lum bo‘lishicha, Abbos Xo‘jaev ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonini 10 yil qamoqda o‘tirib, 2017 yilning 7 oktabrida ozodlikka chiqqan inson huquqlari himoyachisi A’zam Turg‘unov tomoshabin sifatida yaqindan kuzatmoqda.

Xo‘jaevning ishiga qiziqishi sababini Turg‘unov Ozodlik bilan suhbatda bunday izohladi:

- Abbos o‘g‘limning sinfdoshi, ota-onalarini ham, akalarini ham yaxshi taniyman. Abbosning o‘zi bilan juda yaqinman. Chunki qamoqda birga o‘tirganman,- dedi A’zam Turg‘unov.

U Abbos Xo‘jaevning muqaddam sudlanganini yashirmaganiday, uning shahardagi kriminal avtoritetlardan biri ekanligini ham yashirmadi.

- Avtoritet der ekansiz, nimani nazarda tutayapsiz?

- Eng obro‘lilaridan bittasi. Baxti Tashkentskiy bor, yana boshqalari bor.

- Kriminal dunyoning obro‘lilaridan demoqchimisiz?

- Ha, deb javob berdi A’zam Turg‘unov.

Inson huquqlari himoyachisiga ham “balki Abbos Xo‘jaevning atrofidagilar xolis guvoh Tal’at Ermuhammedov va boshqalarga bosim o‘tkazgandirki ular ko‘rsatmalaridan tonishga majbur bo‘lgandir?” degan savolni berdik.

Bu savolga javobi yo‘qligi aytarkan, A’zam Turg‘unov e’tiborimizni masalaning boshqa jihatiga qaratdi:

- U smotryashchiy bo‘ladimi yoki avtoritet bo‘ladimi, bundan qat’inazar, jinoyat qilganmi-yo‘qmi - gap shunda. Uning harakatlarida jinoyat tarkibi bormi-yo‘qmi? Gap shuning ustida bo‘lishi kerak. Ularning maqsadi Abbosni qamash edi. Bas, shunday ekan, men pogonlilarga aytmoqchiman: agar maqsading qamash bo‘ladigan bo‘lsa, ishni to‘g‘ri qil, qog‘ozlaringni o‘xshatib qo‘y, toki menga o‘xshagan mijg‘ovlar kelsa, shubhalanmasin, - der ekan A’zam Turg‘unov Abbos Xo‘jaev ustidan chiqarilgan ayblov xulosasini o‘rganish jarayonida 20 dan ziyod qonun buzilish holatlarini aniqlaganini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Abbos Xo‘jaev ishi bo‘yicha sudning navbatdagi majlisi 26, 27 mart kunlariga belgilangan.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, Abbos Xo‘jaev ustidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotishga suiqasd qilish) alomatlari bilan jinoyat ish qo‘zg‘atilgan.

Abbos Xo‘jaev 2017 yilning sentabrida Toshkent shahrida xalq orasida “ko‘cha avtoritetlari” nomi bilan tanilgan bir necha shaxs va ularning 20 ga yaqin safdoshi qatorida ushlangani to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG