Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:28

Politsiya xodimi o‘qidan yaralangan o‘zbek muhojiri buyragidan ajraldi (VIDEO)


2018 yilning 21 mart kuni Moskvaning Novogireevo tumanidagi klinik shifoxonaga qorniga politsiyachi otgan o‘q tekkan 24 yoshli samarqandlik Athambek olib kelindi. Politsiya o‘zbek muhojirini boshqa sheriklari bilan akkumulyator o‘g‘irlaganlikda ayblamoqda. Athambek va uning himoyachilari esa, politsiya ayblovlariga mutlaqo asos yo‘qligini bildirmoqda.

21 mart, tungi soat 4 larda Moskvaning Novogireevo tumanidagi 70- klinik shifoxonaga o‘qotar quroldan og‘ir yaralangan shaxs keltirildi.

Reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan shaxs - 1991 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston vatandoshi Athambek ekani aniqlandi.

Ozodlikga murojat kilgan Athambekning onasi Ra’no Mamatova ikki kundan beri kasalxonaga qatnab, o‘z o‘g‘lini ko‘ra olmayotgani - Athambekni ikkita politsiya xodimi tunu kun qo‘riqlayotganini gapirib berdi

- Bu jinoyat qilgan deyishdi. Tergovchidan qog‘oz olib kelasiz, keyin ko‘rsatamiz, deyishdi. Menga hech kim hech narsa aytmayapti: qaerda bo‘lgan, nima bo‘lgan, nima uchun otganligi to‘g‘risida hech narsa bilmayman. O‘g‘lim politsiyaga qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lsa ham otishgan uni, dedi Ra’no Mamatova.

Jabrlangan yigit masalasida Ozodlik Novogireevo politsiya bo‘limiga murojaat qildi, ammo tergovchilar "surishtiruv ishlari olib borilayotgani bois, hozircha izoh berilmasligini" bildirish bilan cheklandi.

Рус полицияси ўқидан яраланган ўзбек муҳожирининг бўйраги олиб ташланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:47 0:00

Tergovga yaqin manbadan ma’lum bo‘lishicha, politsiya Athambekni va uning ikki nafar sherigini avtomobil akkumulyatorlarini o‘g‘irlashda gumonlamoqda.

Politsiya o‘g‘rilikda 1991 yilda tug‘ilgan yana bir o‘zbekistonlik yigitni gumonlayotgani ma’lum. Ozodlikka taqdim etilgan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi borasidagi qarorda Jamshid ismli boshqa o‘zbekistonlik yigit ko‘rsatilganini ko‘rish mumkin.

Unda 21 mart kuni ikki dona mashina akkumulyatorini o‘g‘irlayotgan ikki kishi qo‘lga olingani qayd etilgan. Bu ikki shaxsga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 158- moddasi 2- qismi (“O‘g‘irlik”) asosida jinoyat ishi ochilgani ko‘rsatilgan.

Ozodlik reanimatsiya bo‘limida qolayotgan Atxambekni borib ko'rdi. U o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarga mutlaqo asos yo‘q ekanini gapirib berdi. Athambekning aytishicha, o‘zining yaqin tanishi bilan uchrashib gaplashayotganda politsiyachilar hujumiga uchragan.

- Men ular bilan tortishganim ham yo‘q – pistoleti qo‘lida edi. Tortishsam qo‘limdan ham, oyog‘imdan ham otishi mumkin edi-ku. Men hech narsa o‘g‘irlamaganman. Moskvada kvartira remonti ishlari bilan shug‘ullanaman. Halol mehnat bilan pul topaman, dedi Athambek.

Uning advokati Shuhrat Hamroqulovning aytishicha, politsiya ogohlantirmasdan jangovar qurol ishlatgan va o‘q Athambekning qornidan teshib o‘tgan:

- Tushunishimcha, politsiya uni hibsga olish paytida otgan. Ammo buni isbotlovchi biror aniq dalillar yo‘q. O‘q bo‘yragiga tekkan va jarrohlik amaliyoti davomida uni olib tashlashibdi. Politsiya xodimi o‘z vakolatlari doirasidan chiqib ketgan va qurolni noqonuniy tarzda ishlatgan. Umid qilamanki, Perovo tuman tergov qo‘mitasi ishni sinchkovlik bilan taftish qiladi va aybdorlar o‘z jazosini oladi,- dedi himoyachi Shuhrat Hamroqulov.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ushbu xabar tayyorlanayotgan bir paytda politsiya xodimlari Athambekni Novogireevodagi klinik shifoxonadan kishanlangan holda tergov izolyatori kasalxonasiga olib ketgan.

Ozodlik vaziyatni kuzatib boradi.

So‘nggi paytlarda Moskva politsiyasining o‘zbekistonlik muhojirlarga nisbatan asossiz kuch ishlatishi holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda.

Podmoskovьening Solnechnogorskiy tumanida shu yilning 8 mart kuni ikki nafar politsiya xodimi o‘zbekistonlik bir guruh muhojirni o‘larcha kaltaklagani to‘g‘risida xabar qilingan edi. Haqoratlangan, kaltaklangan o‘zbek muhojirlari ustiga-ustak “politsiyaga ko‘rsatgan qarshiligi” uchun jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.

Ayni damda, Migratsiya ekspertlari o‘zbek muhojirlarining huquqsiz va chorasiz qolayotgani Rossiya hukumati uchun boshqarishga o‘ta qulay, politsiya uchun esa o‘ta foydali ekanini ta’kidlab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG