Rossiyaning Kemerovo viloyati gubernatori Aman Tuleev iste’fo berdi. Viloyat poytaxti Kemerovo shahridagi «Zimnyaya vishnya» savdo markazida 25 mart kuni yong‘in chiqib, 64 odam halok bo‘lgan edi. 1 aprel kuni Viloyat ma’muriyati Tuleev «o‘z xohishi» bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ariza yozganini bildirdi.
Tuleev va uning qo‘lidagilar fojiaga sovuqqon munosabatda bo‘lganlari uchun keskin tanqidga uchradi. Jumladan, gubernator va uning yordamchilari yong‘in sabab yuzaga kelgan ommaviy rezonansni «siyosiy opportunistlar» ishi o‘laroq baholagani uchun rossiyaliklar g‘azabiga yo‘liqdi.
Viloyat administratsiyasi saytida e’lon qilingan videoda Tuleev iste’fo berish «yagona to‘g‘ri qaror» ekanligini aytganini ko‘rish mumkin.
- Bunday og‘ir yuk ostida gubernator o‘laroq ishlashning iloji yo‘q. Axloqiy jihatdan buning iloji yo‘q, - dedi Tuleev.
Kreml esa Putin Tuleev arizasini qabul olganini, uning vazifalari gubernator o‘rinbosari Sergey Sivilyovga yuklanganini bildirdi.
73 ga chiqqan Tuleev 1997 yildan beri Kemerovo viloyatiga yetakchilik qilib kelayotgan edi.
27 mart kuni minglab odam Kemerovo markaziga yig‘ilib, viloyat gubernatori va boshqa rasmiylarning iste’fosini talab qildi. O‘sha kuni Rossiyaning Moskva, Peterburg va boshqa shaharlarida ham Kemerovoga hamdardlik bildirilgan namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishlar «Korrupsiya odamlarni o‘ldirmoqda», «Haqiqatni gapiring!» kabi shiorlar ostida o‘tdi.
Kemerovoga borgan prezident Vladimir Putin halok bo‘lganlarning yaqinlari bilan bo‘lgan uchrashuvda voqeani yuz nafar tergovchi o‘rganayotganini aytdi va barcha aybdorlar jazolanishini va’da qildi.
Putin bilan uchrashuvda Tuleev namoyishga atigi 200 ga yaqin odam chiqqanini aytdi. Aslida korrupsiya va rasmiylarning beparvoligiga qarshi minglab odam namoyishga chiqqan edi. Tuleev, shuningdek, Putinga «buzg‘inchilar» va «muxolifat kuchlari» siyosiy maqsadlarni ko‘zlab tartibsizlik keltirib chiqarishga urinayotganini iddao qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 25 mart kuni sodir bo‘lgan yong‘inda halok bo‘lgan 64 odamning 41 nafari bolalardir. Yong‘inda tiriklayin yonib ketgan bolalarning eng kichigi 2 yoshda bo‘lgan. Bundan tashqari, yong‘inda 76 nafar odam tanjarohat olgan. Ularning 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Yong‘in qurbonlarining qarindosh va do‘stlari o‘t o‘chirish bo‘limlari hamda boshqa xodimlarning loqaydligi yong‘inda ko‘p odam o‘lishiga sabab bo‘lgani haqida prokuraturaga rasmiy shikoyat yuborgan.
Tergovchilar dastlabki tekshiruv savdo markazida xavfsizlik qoidalari qo‘pol buzilganini ko‘rsatishini bildirdi. Xususan, markazda ayrim evakuatsiya eshiklari to‘siq bo‘lgani, xavfsizlik tizimi o‘chiq bo‘lgani aniqlangan.
Rossiya politsiyasi to‘rt nafar odam, jumladan, savdo markazini ishlatgan shirkat direktori hamda yong‘in o‘chog‘i bo‘lgani taxmin qilinayotgan ofisdan foydalangan shirkat yetakchisini qo‘lga olgan.
Yong‘in oqibatida markazning 1500 kvadrat metrdan ko‘proq hududi yonib kul bo‘lgan. Sovet Ittifoqi davrida qurilgan binoda 2013 yilda ochilgan savdo markazining umumiy maydoni 23 ming kvadrat metrni tashkil qilgan.
Rossiyada yong‘in tufayli jabr ko‘rganlar soni nisbatan yuqori bo‘lib, buning sababi beparvolik, xarajatlarni qisqartirishga urinishlar, korrupsiya hamda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslikdir.
Yong‘in va qutqarish xizmatlari xalqaro birlashmasi ma’lumotlariga ko‘ra, aholisi Rossiyanikidan deyarli ikki barobor ko‘p bo‘lgan AQShda 2014 yil 3 275 odam yong‘in tufayli halok bo‘lgan. Rossiyada esa ayni yilda yong‘inlar 10 068 odam umriga zomin bo‘lgan.