Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:20

Toshkent shahar hokimligi zaxirasidagi ko‘kargan piyozni o‘qituvchilarga pullamoqda


30 martdan Toshkent shahridagi xalq ta’limi bo‘limlari maktab o‘qituvchilariga majburan piyoz sotishni boshladi. Mutasaddilarga ko‘ra, shahar hokimligi zaxirasidagi piyoz ko‘karib¸ chiriy boshlagani bois bozorda o‘tmaganidan uni o‘qituvchilarga sotish yo‘lga qo‘yilgan.

“Chirigan piyozni oldik”

Yakkasaroy tumani maktablaridan biri o‘qituvchisining Ozodlikka aytishicha, ko‘karib ketgan piyoz o‘qituvchilarga 10 kilodan majburlab sotilgan.

“30 mart kuni bizning maktabga bir tonnadan ziyod piyoz berishdi. O‘qituvchilarga shu piyoz 10 kilodan bo‘lib berildi. Oyligimiz plastik kartada bo‘lgani holda¸ naqd pulda to‘ladik. Bir kilo piyozni 1000 so‘mdan sotishdi. Piyozlarning hammasi ko‘karib ketgan. Ovqatga ishlatishga umuman yaroqsiz. Bu piyozlarni faqat ekish mumkin. Lekin domda yashasak, qaerga ekamiz? Bu savol hech kimni qiziqtirmadi. Shu pulga bozordan sara piyoz xarid qilish mumkin. Bozorda ham piyoz 600-1200 so‘mdan sotilayapti”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan o‘qituvchi yigit.

Shu tumanda yashovchi yana bir o‘qituvchining aytishicha, chirigan piyozni olishni istamaganlardan ham piyoz puli undirilgan.

“Piyozni chirigani uchun olishni istamagan o‘qituvchilardan ham “Elga kelgan to‘y” deb, baribir piyozning pulini olishdi. Direktor “cho‘ntagimdan to‘lamayman, sizlar uchun, kim piyozni uyiga olib ketishni xohlamasa, pulini bersin” dedi. Puli to‘lanib, tashlab ketilgan piyozlar farroshlarga bo‘lib berildi”, dedi yakkasaroylik boshqa bir o‘qituvchi.

Maktab direktori: Biz topshiriqni bajarayapmiz

Yakkasaroy tumanidagi maktablardan birining direktori Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 1500 kilo piyoz berilgani va uni zudlik bilan o‘qituvchilarga sotish borasida topshiriq olganini ma’lum qildi.

“Piyozni RayOnodan o‘zimiz mashina topib borib olib keldik. RayOno hovlisiga tonnalab to‘kib qo‘yishgan. Har bir maktabning katta- kichikligiga qarab, bo‘lib berishdi. O‘qituvchilar direktorni yomon ko‘rayapti. Lekin bu direktorning tashabbusi emasku! Bizga RayOnodan topshirishdi. Qanday bajarmaymiz? Hozir berilgan piyozni sotib bo‘ldik. Lekin yana beriladi deyishdi”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan maktab direktori.

Xalq ta’limi bo‘limi: Piyozning ikkinchi partiyasi keldi!

Yakkasaroy tuman Xalq ta’limi bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 3 aprel kuni maktablarga tarqatish uchun yana 3 tonna piyoz olib kelingan.

“Birinchi partiyasida 2 tonna 902 kilo piyoz kelgandi. Uni tarqatib bo‘ldik. Hozir yana 3 tonna piyoz keldi. Bizga tuman hokimligidan topshiriq bo‘ldi. Biz ham topshiriqni bajarayapmiz. Bu bitta bizning tumanda emas, poytaxt bo‘yicha hamma tumanlar piyoz tarqatayapti”, dedi Ozodlik muxbiri 3 aprel kuni kunning ikkinchi yarmida gaplashgan Yakkasaroy tuman Xalq ta’limi bo‘limi xodimi.

"Hokimlik piyozni byudjet tashkilotlariga tarqatib¸ zaxira omborini tozalamoqchi!"

Poytaxtdagi tuman hokimliklaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘qituvchilarga majburiy tarqatilayotgan piyoz shahar hokimligi zaxirasidagi piyozlar bo‘lib, ular shahar hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan maktablarga tarqatilayapti.

Shahar hokimligida o‘tgan yig‘ilishlaridan birida qatnashgan toshkentlik tadbirkorga ko‘ra, hokimlik zaxirasidagi piyozni nafaqat o‘qituvchilar¸ balki boshqa byudjet tashkilotlariga ham tarqatish haqida buyurilgan:

"Piyoz masalasi o‘zi fevral oyidagi yig‘ilishlardan boshlandi. Shahar hokimi o‘sha paytda zaxiradagi piyozni Toshkentdagi bozorlarda sotish haqida topshiriq bergandi. Bozorlarda o‘zi piyoz ko‘pligi bois shahar hokimligining piyozi o‘tmadi. Chunki bozor narxidan qimmatroq sotishdi. Shundan keyin mart oyining o‘rtasidan boshlab, byudjet tashkilotlariga tarqatish haqida buyurdi. Hozir maktablardan tashqari kasalxona va bog‘chalarga ham piyoz tarqatish boshlanadi. Hokim buni qattiq topshirdi" dedi toshkentlik tadbirkor.

O‘tgan yilning noyabrь oyida prezident Mirziyoev topshirig‘i bilan 2018 yilning qish-bahor mavsumi uchun 330 ming tonna oziq-ovqat zaxirasi tayyorlash lozimligi aytilib, bu vazifa “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi zimmasiga yuklatilgan edi.

“O‘zbekoziqovqatzaxira”ning 3 aprel kuni Ozodlik bog‘langan mulozimi prezident topshirgan zaxiradagi oziq-ovqat bu mahsulotlarning yil davomida shahardagi yarmarkalarda sotilganini bildirdi.

“Biz bozorlarda yarmarka tashkil qilib, o‘sha yerda sotayapmiz. O‘qituvchilarga sotilayotgan piyozlar shahar hokimligi zaxirasidagi piyozlardir. Chunki ular ham alohida o‘zlari oziq-ovqatni zaxiraga g‘amlaydi. Hozir shu piyozlarni tarqatishayapti. O‘zi o‘tgan yili piyoz hosili juda mo‘l bo‘lgan edi”, dedi “O‘zbekoziqovqatzaxira” rasmiysi.

Toshkent shahar Xalq ta’limi boshqarmasi va shahar hokimligining Ozodlik boshlangan rasmiylari o‘qituvchilarga majburiy piyoz sotilayotgani haqidagi ma’lumotlarga munosabat bildirishni istamadi.

O‘tgan oy viloyatlarda ham mahalliy hokimiyatlar tomonidan o‘qituvchi va shifokorlarni eski piyozni bozor narxidan qimmatga sotib olishga majburlash holatlari kuzatildi.

XS
SM
MD
LG