Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:34

Yekaterinburgda 7 muhojir o‘zbek 12 yildan 17 yilgacha qamaldi (VIDEO+AUDIO)


Samara shahrida Moskva, Sankt-Peterburg va Yekaterinburgda terrorchilik hurujlarini rejalashtirganlikda va IShIDga aloqadorlikda ayblangan qilingan bir guruh o‘zbek muhojiri ustidan sud jarayoni yakunlandi.

Privoljskiy okrug harbiy sudi o‘zining yopiq majlisida o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik 7 migrantni “terrorizm”, “g‘ayriqonuniy qurol savdosi” va “portlovchi moddalarni g‘ayriqonuniy saqlash” moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi va ularga 12 yildan 17 yilgacha qamoq jazosiga tayinladi.

Sudlanganlar yaqinlari va himoyachilar FSB qo‘ygan biror ayblov sudda asoslab berilmaganini gapirmoqda.

Sudlanayotganlar ustidan hukm chiqqani haqda Ozodlikka sudlanganlardan biri – Kozim Abdullajonovning advokati Denis Gudkov xabar qildi.

- Kozimjon va yana 6 sudlanuvchi IShIDning Yekaterinburgdagi bo‘linmasi a’zosi ekani va shaharning “Karnaval” savdo markazini portlatishga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblandi. Hurujning maqsadi etib go‘yo bu aksiya bilan ular Rossiya hukumatini Suriyadagi harbiy amaliyotlarni to‘xtatishga undamoqchi bo‘lgan. Boshidanoq bu jinoiy ishda o‘zaro bog‘liqlik yo‘qligi aniqlandi. Kulgilisi, Kozim kvartirasida tong saharda ushlashganida u qishki kurtkada cho‘ntagiga granata solib o‘tirgan ekan. Yana ikki sudlanuvchi ham xuddi shu tarzda ushlanibdi. Ushlanganlarning uyiga avval maskalilar kirgani, yarim soatlardan keyin “guvohlar” taklif qilingani ham e’tiborga molik. FSB olgan videoda ulardan islomiy adabiyot, kolbasasimon va simli buyumlarni musodara qilayotganini ko‘rish mumkin. Shu ikki yil davomida ulardan hech bir tergovchi va sudya granatani qaerdan olgani to‘g‘risida so‘ramagan. Mening shaxsiy fikrimcha, buning barchasi xo‘jako‘rsinga qilinayotgan ishlar! dedi Denis Gudkov.

U tergovchilar aka-uka Abdullajonovlarni o‘ziga qarashli “Sulton” oshxonasida “yig‘ilishlar” uyushtirib turganlikda ayblagani, ammo sud jarayonida bu “yig‘ilishlar” borasida birorta isbot-dalil keltirilmagani aytdi.

Sudda ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lmadi. Suratda - Abrorbek Karimoxunov.
Sudda ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lmadi. Suratda - Abrorbek Karimoxunov.

U sudni fsbchilar keltirayotgan “qurol-aslaha va portlovchi moddalar” ayblanuvchilar bola-chaqalari va ota-onalari bilan yashab kelayotgan kvartiralardan musodara qilingani ham taajjubga solmadi, deydi.

Denis Gudkov o‘zbek muhojirlari ustidan mahkama yopiq tarzda o‘tgani va sud advokatlarning tergov qonunga xilof tarzda olib borilgani va qiynoqlar qo‘llanilgani borasidagi shikoyatlarini mutlaqo inobatga olmaganini bildirdi.

Privoljskiy okrug harbiy sudida Ozodlik so‘roviga sud bo‘lib o‘tgani, biroq mahkama qarori borasida ommaviy axborot vositalariga biror ma’lumot berilmasligini ma’lum qilishdi.

- Men sizga javob bera olmayman - rasman murojaat qilib ko‘ring. Mahkama ishtirokchilari sud qarorini tingladi. Bu turdagi ishlar yuzasidan hukmlar odatda e’lon qilinmaydi, deya bildirdi harbiy sud kotibi Vladimir Borisov.

Tergov xulosasiga ko‘ra, ayblanuvchilar IShIDning Jabhat an-Nusra jangarilar guruhiga a’zo bo‘lgan o‘zbekistonlik Ziyodullo Ibodov ismli 34 yashar shaxs yordamida portlovchi moslama yasamoqchi bo‘lgan, ular Suriyaga hatto 100 dollar miqdorida pul ham o‘tkazgan.

Ozodlik hibsga olinganlar yaqinlari bilan uchrashib, maxsus videolavha ham tayyorlagan.

Himoyachi Gudkov uni sudda taqdim etilgan ayblov ashyolaridan biri – A4 formatidagi qog‘ozga printerda chop etilgan shahar xaritasi va uning markaziga nuqta qo‘yilib, ““Karnaval” savdo markazi” deb izoh berilgani hayratga solganini aytdi.

- Bu hammasi kulgiliku! Ularga kompas ham bermabdi-da... Bizda sudlar doimo, ayniqsa terrorchilik bo‘yicha ishlarda, ayblanuvchilar tarafida turadi. Ishonchim komilki, agarda bu ishlarni harbiy sud emas, maslahatchilar ishtirokida mahkama ko‘rib chiqqanda, ayblanuvchilarning hammasi oqlanib chiqardi, dedi advokat Denis Gudkov.

Denis Gudkov 12 yildan 17 yilgacha qamoq jazosiga va jarimaga tortilgan yigitlar ishi masalasida yuqori instansiyalarga, jumladan Inson haqlari bo‘yicha Strasburg sudiga adolat so‘rab murojaat qilishini bildirdi.

Адвокат Д.Гудков: Бунинг барчаси хўжакўрсинга қилинмоқда!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:19 0:00
Бевосита линк

Ozodlik bundan ikki yil oldin Yekaterinburgda hibs etilgan Kozim va Komil Abdullajonovlar, Ilhom Qodiraliev, Abrorbek Karimoxunov, No‘monjon Xurulboev, Farruh Jumaev va Ravshan Karimov to‘g‘risida xabar bergandi.

Qirg‘izistonning O‘zgan shahridan bo‘lgan bu yigitlar oilalari bilan Yekaterinburgda yashagani va mayda biznes bilan shug‘ullanib kelgani ma’lum.

FSB rasmiylariga ko‘ra, rossiyalik, qirg‘izistonlik va bir o‘zbekistonlikdan iborat bu guruh “Moskva, Sankt-Peterburg va Sverdlovsk viloyati hududida qo‘lbola portlovchi moslamalar yordamida yirik terrorchilik xurujlarini” amalga oshirishni rejalashtirishgan.

Rossiyada terror hujumini amalga oshirgach, Suriyadagi IShID guruhiga qo‘shilishni niyat qilishgan, deya qo‘shimcha qilingan edi rasmiy bayonotda.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Suriyadagi “Islomiy davlat” guruhiga taxminan 3000 nafar Rossiya grajdani qo‘shilgan.

XS
SM
MD
LG