Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:34

Erdo‘g‘on qirg‘iz hamkasbini gulanchilarga qarshi kurashga chaqirdi


Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on (chapda) Anqarada qirg‘iz hamkasbi So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni kutib olmoqda.
Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on (chapda) Anqarada qirg‘iz hamkasbi So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni kutib olmoqda.

Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on Anqaraga davlat tashrifi bilan borgan Qirg‘iziston rahbari So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni Bishkekdan boshpana topgan gulanchilarga qarshi kurashga chaqirdi.

Эрдўғон қирғиз ҳамкасбини гуланчиларга қарши курашга чақирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:04 0:00

Bundan ikki yil avval Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambaev Fathullo Gulan tarafdorlarini mamlakatdan badarg‘a qilishga rozi bo‘lmagani ortidan Anqara va Bishkek munosabatlariga sovuqchilik oralagan edi.

Rejab Toyyip Erdo‘g‘on So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan uchrashganidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida:

-Gulanchilar bizda qilgan ishini ertaga Qirg‘izistonda ham amalga oshiradi. Yuzma-yuz va delegatsiyalar o‘rtasidagi uchrashuvlarda ham biz mana shu masalani kun tartibiga qo‘ydik. Bu tashkilot Turkiya uchun qanchalik xavfli bo‘lsa, Qirg‘iziston uchun ham shunchalik qo‘rqinchlidir. Bu tashkilot rahbarlarini qaerda bo‘lmasin qo‘lga olish va tomirini yulib tashlash, prezident sifatidagi majburiyatimizdir,- dedi Erdo‘g‘on.

So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov hamkasbining bu chaqirig‘a rasman javob bermadi va o‘z pozitsiyasini ham oshkor etmadi. Qirg‘iz prezidenti jurnalistlar e’tiborini boshqa mavzuga qaratdi:

-Bugun biz ikki tomonga ham o‘ta manfaatli bo‘lgan hujjatlarni imzoladik. Ulardan eng tarixiysi Qirg‘iziston va Turkiya o‘rtasida o‘zaro ijtimoiy himoya shartnomasi bo‘ldi. Bu shartnomaga asosan ikki davlatda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz bir vaqtning o‘zida ham Qirg‘iziston, ham Turkiya pensiyasini olish huquqiga ega bo‘ldi,-dedi Jeenbekov.

Qirg‘iziston prezidentining joriy tashrifidan har ikki tomon 2 yil avval sovuqlashgan munosabatlar iliqlasha boshlashini kutmoqda. Qirg‘izistonlik siyosatchi Ravshan Jeenbekovaga ko‘ra, iliqlashuv qirg‘iz prezidenti Erdo‘g‘onning gulanchilar bilan bog‘liq chaqirig‘iga qanday munosabat bildirishiga bog‘liq bo‘ladi.

-Agar bu chaqiriq biz tomonimizdan qabul qilinadigan bo‘lsa, unda Qirg‘iziston ichki siyosatida prezidentning obro‘siga jiddiy putr yetadi, -dedi Ravshan Jeenbekov.

Siyosatshunoslik fanlari doktori O‘ro‘zbek Moldaliev esa:

-Turkiya bizga gulanchilar bilan bog‘liq qator katta-katta savdo markazlari, nodavlat tashkilotlari, ta’lim maskanlaridan iborat ro‘yxatni taqdim etgan. Qirg‘iziston bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Chunki bu xavfsizlik masalasidir, -deb fikr bildirdi.

Turkiya hukumati 1999 yildan beri AQShda yashayotgan Fathulloh Gulanni 2016 yilning 15 iyulida muvaffaqiyatsiz tugagan davlat to‘ntarishini uyushtirganlikda ayblab keladi.

To‘ntarish urunishidan beri Turkiya hukumati Gulanga yoki terror guruhlariga aloqadorlikda ayblab, jami 110 mingdan oshiq odamni ishdan haydadi yoki vaqtincha chetlatdi, 50 mingga yaqin odamni qamadi.

Gulan o‘ziga bildirilayotgan ayblovlarni rad etib keladi.

Qirg‘iziston prezidenti ikki kunlik davlat tashrifi bilan 9 aprel kuni Anqaraga borgan edi. Jeenbekovning tashrifi 10 aprel kuni ham davom etadi.

XS
SM
MD
LG