Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:30

AQSh sanksiyalari ortidan rus rubli qulashni davom ettirdi


6 aprelda AQSh rossiyalik qator tadbirkorlar va kompaniyalarga yangi sanksiyalar joriy etishi ortidan rus rubli keskin qulashni davom ettirmoqda. "Qora dushanba" ortidan kelgan "qora seshanba" davomida Rossiya jamg‘arma birjasi kotirovkasi pasayishi natijasida elikka yaqin eng badavlat rossiyalik oligarxlar boyligi 12 milliard dollarga kamaygani qayd etildi.

Seshanba kuni 1 dollar 64 rublga chiqdi

AQSh 6 aprelda Rossiyadagi ba’zi shirkatlar va shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalarni kiritishi ortidan rubl qurbi keskin tushishi davom etmoqda.

Seshanba, 10 aprel ish kuni oxirida yevro kursi – 76,85 rubl, AQSh dollari – 63,54 raqamlarini ko‘rsatayotgan edi.

Shu kunlarda Moskva birjasi kotirovkasi va RTS indeksi 7-9 foizga, Sberbank – 11,59, Rusal – 24, VTB – 9,2, “Gazprom” bilan “Rosneft” – 7-8 foizga quladi.

"Qashshoqlashayotgan oligarxlar"

“Qashshoqlashib” qolgan rus oligarxlaridan eng ko‘p zarar “Rusal” alyuminiy kompaniyasi egasi Oleg Deripaskaga yetkazilgani ma’lum bo‘ldi: u boshqarayotgan 8 kompaniya Tramp jazo choralariga uchradi.

Forbs jurnali birgina 9 aprel kuni davomida Vladimir Putinning eng yaqin odamlaridan sanalgan Oleg Deripaska mulki 1,6 milliard dollarga kamayganini xabar qildi.

Oleg Deripaska – “Bazoviy element”( “Bazel”) kompaniyasi yakka boshqaruvchisidir.

Uning qo‘l ostida Rossiya va jahonda 100ga yaqin energetika, tog‘-kon, metallurgiya, mashinasozlik, aviatsiya, moliya, qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi shirkatlar birlashtirilgan.

V.Putin va O.Deripaska.
V.Putin va O.Deripaska.

9 aprel kuni ertalab Deripaskaga tegishli “RusAl” 3,6 milliard dollar miqdorida yo‘qotgani va shirkat texnik defolt xatari yoqasiga kelib qolgani to‘g‘risida bayonot berildi.

London va Moskvada Deripaskaning aktivlari keskin arzonlashishi davom etmoqda.

AQSh Moliya vazirligi 7 maygacha amerikalik sarmoyadorlarga Oleg Deripaskaga tegishli bo‘lgan aksiyalardan xalos bo‘lishlari kerakligi, 5 iyungacha esa u bilan barcha shartnomalarni bekor qilishlarini uqtirdi.

AQSh sanksiyalariga uchragan barcha kompaniyalar va shaxslar bilan ham xuddi shunday yo‘l tutish kerakligi aytildi.

Kipr va Rossiya grajdanligiga ega 50 yashar Oleg Deripaska 2001 yilda Boris Yelsinning ma’muriy boshqaruvchisi Valentin Yumashev qiziga uylangan. 2002 yilda Yumashevning o‘zi Yelsinning qizi Tatyana Dyachenkoga uylangan.

Shu davrdan boshlab birinchi prezident oilasiga yaqin bo‘lib qolgan Deripaska 2008 yilda Rossiyaning eng badavlat odamiga aylangandi.

Sanksiyalarning Bashar Asad kuchlarning Suriya muxolif kuchlari boshqarayotgan hududlarda tinch aholiga nisbatan kimyoviy qurol qo‘llagani uchun joriy etilgani ham aytilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu hujumga aloqador barcha davlatlarga “qimmatga tushishi”ni bildirgandi:

- Prezident Putin, Rossiya va Eron Asaddek hayvonni qo‘llab-quvvatlashda javobgardir, - dedi Tramp.

Shu tariqa AQSh Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin ekani aytilayotgan qator milliarderlar va amaldorlar hamda yirik davlat va nodavlat kompaniyalariga nisbatan keskin choralar joriy etgani e’lon qilindi.

Sanksiyalar kengaytirilishi mumkin

Rossiyadan katta sarmoyadorlar qochishni boshlagan bir paytda Vashington Rossiya kompaniyalari va boshqaruvchilariga nisbatan sanksiyalar kengaytirilishi mumkinligi bilan tahdid qilishni davom etmoqda.

Suriya masalasida yuzaga kelgan keskin vaziyat ham geosiyosiy xatarlarni oshirayotgani mutaxassislar tomonidan inobatga olinmoqda.

Amerikaliklar sanksiyalari joriy etilishi Vladimir Putinga yaqin bo‘lgani ishonilgan milliarderlar - Viktor Vekselberg, Roman Abramovich, Sulaymon Kerimov, Leonid Mixelson, Gennadiy Timchenko, Oleg Tinkov, Vladimir Lisin, Vagit Alekperov, Aleksey Mordashov va boshqalar boyligiga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazdi.

Rublning bunday qulashi 2014 yilgi Ukraina bo‘hronidan buyon kuzatilmaganini eslatish joyiz.

Rossiya Mehnat vaziri Maksim Topilin rubl kursining o‘zgarishi oddiiy rossiyaliklar va, ayniqsa, byudjet sohasi maoshlariga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligini yashirmadi.

Ayni paytda, Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedev vazirlarga AQSh sanksiyalari ostiga tushgan rus kompaniyalariga ko‘mak berish va “javob qaytarish” bo‘yicha chora-tadbir ishlab chiqishni buyurdi.

- Bu sanksiyalar ostiga tushgan kompaniyalar masalasida esa, ularga yordam berishni o‘ylab ko‘rishimiz kerak: metallurglarga ham, energetiklarga ham, harbiy-sanoat kompleksiga ham, dedi Medvedev.

Mutaxassislar sanksiya ostiga tushgan rus kompaniyalariga davlat banklari va Milliy farovonlik jamg‘armasi (FNB) hisobiga kreditlar berilishi mumkinligini aytmoqda.

Iqtisodchi Vladimir Tixomirovning RBK nashriga bergan izohiga ko‘ra, Rossiya davlati birgina Deripaska qarzlaridan qutulish uchun byudjetdan 13 milliard dollar ajratib berishga majbur bo‘ladi.

Ayni damda, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning yangi sanksiyalarining “noqonuniyligiga” jamoatchilik e’tiborini qaratdi.

- Bu hodisa qonunsizlik, hamma narsani oyoq-osti qilish nuqtayi nazaridan chidab bo‘lmaydigan darajadadir. Shu sababli buni har tomonlama o‘rganib chiqish lozim, - dedi dushanba kuni Peskov.

Seshanba kuni esa hozircha bo‘layotgan hodisalarga munosabat bildirmayotgan Vladimir Putin yadro va atom energiyasi tadqiqotlari bilan shug‘ullanuvchi Kurchatov institutiga tashrif buyurdi.

XS
SM
MD
LG