Olimlar spirtli ichimliklar DNKga qanday ziyon keltirishini ildiz hujayralar ustida tajriba o‘tkazish orqali ko‘rsatib berdi.
Natijalari Nature jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflaridan biri professor Ketan Patel:
- Ayrim shikastlar tasodifan sodir bo‘lsa-da, izlanishlarimiz natijalari spirtli ichimlik ichish bunday shikastlar xavfini oshirishini ko‘rsatdi, - dedi.
Bundan avval o‘tkazilgan tadqiqotlar asosan sun’iy sharoitda o‘tkazilgan. Ammo yangi tadqiqot mualliflari sichqonlar yordamida alkogol doimiy shikast yetkazishini ko‘rsatib berishdi.
Kembridj molekulyar biologiya laboratoriyasi olimlari sichqonlarga etanol bergan. Buning ortidan organizm alkogolni hazm qilganida ajraladigan atsetaldegid moddasi sichqonlar xromosomalari va DNKsiga qanday ziyon ko‘rsatishi o‘rganilgan.
Tadqiqot davomida atsetaldegid qon ildiz hujayralari DNKsiga ziyon keltirishi aniqlangan. Bu esa xromosomalar o‘rni almashib qolishi hamda DNK ketma-ketligining bir umrga o‘zgarishiga olib keladi.
Ildiz hujayralarning DNKsi qanday shikastlanishini aniqlash juda muhim, chunki sog‘lom hujayralar strukturasi buzilsa, ular saratonga turtki bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot natijalari spirtli ichimlik ichish saratonning yetti turini, jumladan, ko‘krak bezi hamda ichak saratonlariga chalinish ehtimolini oshirishini ko‘rsatdi.
Tadqiqot mualliflari, shuningdek, spirtli ichimlik sabab bo‘ladigan shikastlarga organizm qanday javob qaytarishini o‘rgangan. Ularning aytishicha, organizm shikastlarni ikki yo‘l bilan bartaraf etishga urinadi.
Birinchi himoya mexanizmi aldegiddegidrogenaza deb ataluvchi fermentlarga tayanadi. Bu fermentlar atsetaldegidni atsetatga parchalaydi. Organizm o‘z navbatida atsetatdan energiya manbai o‘laroq foydalana oladi. Ammo millionlab odamda bu fermentlar yoki yo‘q, yoki shikastlangan holda uchraydi.
Organizmning ikkinchi himoya mexanizmi esa shikastlangan DNKlarni qayta tiklashga kurashishdir. Ammo organizm har doim ham shikastlangan hujayralarni to‘liq tuzata olmaydi.
Tadqiqotni Cancer Research UK, Wellcome hamda Medical Research Council tashkilotlari moliyalashtirgan.