Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:36

Hokimlar va vazirlar maorif va tibbiyot xodimlarini majburiy mehnatga jalb etmaslikka va’da berdi


Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev (suratda) majburiy mehnatga barham berishni va’da qilgan hokimlardan biri.
Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev (suratda) majburiy mehnatga barham berishni va’da qilgan hokimlardan biri.

17 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan majburiy mehnatga qarshi kampaniya doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir bu borada sodir etilgan qonunbuzarliklar haqida aytib o‘tdi.

Bosh vazir sodiqligini ko‘rsatish uchun byudjet tashkilotlari xodimlarini majburan ishlatayotgan rahbarlarni qattiq qoraladi.

Yig‘ilishda bir necha viloyat hokimi hamda ikki vazir majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganini tan oldi va bunday tutum qaytarilmasligiga va’da berdi.

Quyida Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyat hokimlari hamda Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash vazirlarining aytganlarini keltiramiz. Material kun.uz, xabar.uz saytlari asosida tayyorlandi.

Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoev:

«Prezidentimizning Sirdaryoda gapirgan barcha gaplarini yaxshilab eshitdik. Bu gaplardan keyin viloyatdagi rahbarlar, tumanlar va shaharlar hokimlari bilan qat’iy kelishib oldik, bundan keyin hech kimni majburiy mehnatga jalb qilmaymiz.

Prezidentimizning siyosati bunday yo‘nalishda bo‘lganidan keyin bu masalalarga jiddiy qarayapmiz.

To‘g‘risini aytish kerak, oldingi siyosatda paxtaga olib chiqmasa, ishdan olardik. Endi vaziyat boshqa. Lekin hali buni ko‘pchilik tushunib etmayapti. Prezidentimizning oxirgi gaplaridan keyin ko‘pchilikka yetib borgan deb o‘ylayman. Hammaning mas’uliyati o‘zida. Bundan keyin vaziyatni tuzatish uchun keskin choralarni ko‘ramiz».

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev:

«Haqiqatdan ham Farg‘ona shahridagi kollejlar kichik halqa yo‘liga jalb qilingan. Hatto tomorqa ishlariga ham. Buning uchun tegishli rahbarlar chorasini oldi.

Bu juda katta uyat. Eng ko‘p aholiga ega shahar bo‘laturib, shuncha korxona tashkilotlar bo‘laturib, obodonlashtirishdayam xodimlar yetarli bo‘laturib, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgan.

Marg‘ilonda ham Ahmad Donish ko‘chasini kengaytirishda kasb-hunar ta’lim kollejlari jalb etilgan.

Biz chuqur xulosa qildik. Yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanmabmiz. Viloyatga ajratilgan 84 milliard so‘mdan faqat 5 milliard o‘zlashtirganmiz. Bu juda katta uyat.

Va’da beraman, ta’lim, tibbiyot va boshqa byudjet tashkilotlari vakillari majburiy mehnatga jalb etilsa chora ko‘riladi».

Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziev:

«Endi chuqur xulosa chiqaramiz. Hammasi yuz foiz tushunarli. Jamoatchilik ishlari uchun pullarimiz yetarli. Ijtimoiy soha xodimlari, o‘qituvchilar, talabalar majburiy mehnatga jalb qilinmaydi».

Samarqand viloyat hokimi Turob Jo‘raev:

"Abdulla Nig‘matovich, sizga va’da beraman, bundan keyin ham buni o‘zim qattiq nazorat qilaman. Agar shuni qilmasak, biz nafaqat prezidentga, xalqimizga ham, siyosatimizga ham xiyonat qilgan bo‘lamiz. Qo‘l ostimdagi barcha idoralar rahbarlaridan ijtimoiy soha vakillarini bunday ishlarga jalb qilmasliklari to‘g‘risidagi tilxatlarini olib qo‘ydim".

Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov:

«To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, rahbar sifatida menda jur’at yetishmagan. Kerak bo‘lsa, vaqtida majburiy mehnatga xayrixoh bo‘lib, buni vatanparvarlik sifatida bilib, tepasida turganman.

O‘sha paytda siyosatimiz shunga mos edi. Chunki, biz ziyolilar bu jarayonda qatnashmasdan, bir chetda tursak bo‘lmasdi, buni jamiyatdagi o‘zgarishlarga munosabat sifatida ko‘rilgan bo‘lardi.

Hozirgi kunda Xalq ta’limi tizimida 675 ming nafarga yaqin xodim ishlaydi. Texnik xodimlar bilan birga. Men ularning har biriga yetib bora olmayman, lekin seminarlarda qonuniy mehnat va noqonuniy mehnat farqi borasida tushunchalar berib boramiz. Har bir xodimning huquqi masalasida tushuncha berib boramiz.

To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, bunday o‘zgarishlarga moslasha olmadik. Shuning oqibatida mana shu holatlar kelib chiqdi. Samarqanddagi holatni shaxsan borib o‘rgandim, bu yerda barchasi og‘zaki topshiriqlar bilan bo‘lgan. Hech qanday hujjat bo‘lmagan. Kattaqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilish borasida og‘zaki topshiriq berganini tan oldi. U o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shadi. Maktab direktori ham»,

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov:

«Haqiqatan ham men rahbar sifatida shu masalaga e’tibor bermaganman va nazoratimga olmaganman. Muhtaram prezidentimiz Sirdaryo viloyati Sayxunobodda o‘tkazgan yig‘ilishdan keyin ertasiga Jizzax viloyatidagi barcha soha rahbarlari, deputatlar, kasaba uyushmalari rahbarlari, jamoatchilik vakillari, hokimlik vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdik. Bundan keyin har bitta viloyatda shunday yig‘ilish o‘tkazishni reja qilib oldik. Shu bilan bir qatorda, 19 aprel kuni soat 14:00da Bosh vazir o‘rinbosari Akmalov Qahramon Valievich boshchiligida butun Respublika bo‘yicha selektor o‘tkazishni rejalashtirdik.

Shu bilan bir qatorda, har bir vazirlik va boshqarmalarda nazorat guruhlarini tashkil etdik. Ishonch telefonlariga xabar berish tizimini yo‘lga qo‘yyapmiz.

Va, albatta, bu yerda har bir rahbarimiz va xodimlarimizning huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirish bo‘yicha ham ishlarni olib borishimiz kerak. Bunda ham o‘zimizga chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Men muhtaram prezidentimizga va sizga minnatdorlik bildirmoqchiman. Chunki, mana shu ijtimoiy soha, ayniqsa, tibbiyot sohasi xodimlarini bunday noqonuniy ishlarga jalb qilishda qalqon bo‘lib, to‘siqlar qo‘yib berayapsizlar. Shuning uchun men minnatdorlik bildiraman va bu borada bundan keyin xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da beraman».

***

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda majburiy mehnatning oldini olishning moliyaviy asoslari ham mavjud. Kun.uz sayti ma’lumotiga qaraganda, 2018 yili ishsiz aholini jamoat ishlariga jalb qilish maqsadida 714 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu pulning 84 milliard so‘mi Farg‘ona viloyatiga ajratilganini, undan faqat 5 milliardi o‘zlashtirilganini viloyat hokimi o‘zining yuqorida keltirganimiz "tavba-tazarrusida" tan oldi.

Abdulla Aripov pul to‘g‘risida:

“Shuncha pul bor edi. Birinchi chorakda salkam 150 milliard pul ajratilgandi. Bor yo‘g‘i 40 milliard so‘m ishlatilgan. Bu hududlardagi ko‘p hokimlar hujjatlarni to‘g‘ri o‘qishni bilmasligi, yoki prezident yaratib berayotgan imkoniyatlardan foydalana olmasligiga yaqqol namuna».

Material kun.uz, xabar.uz saytlari asosida tayyorlandi.

XS
SM
MD
LG