OzodMikrofon eshitirishi nomiga Farg‘onadan kelgan xat mana bunday boshlanadi: “Men, O‘rmonova Mavluda Akramovna, I guruh nogironiman – ko‘zim ojiz. Qizlarim: G‘ofurova Matluba II guruh nogironi – tug‘ma serebral falaj (TSF); G‘ofurova Muhayyo uch karra I guruh nogironi - oligofreniya, TSF, glaukoma.
Uchinchi qizim - Xoliqova Muxlisa 26-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi sog‘lom. Yolgiz onaman, boquvchim yo‘q. 2007 yildan buyon ijarama-ijara, ijara to‘lovi va kommunal to‘lovlarini to‘lab, uch farzandim bilan yashab kelmoqdaman...”
Mavluda O‘rmonovadan kelgan uzun xatning qisqa mazmuni budir: Farg‘ona viloyat hokimligi mulozimlari uning arizasini olib, hovlisi ikki so‘tixlik uy ajratishga va’da bergan, lekin uydan hanuz darak yo‘q.
“Men Farg‘ona viloyat xotin-qizlar kengashiga, Farg‘ona shahar xotin-qizlar kengashiga, Farg‘ona shahar hokimiga, Farg‘ona viloyat hokimiga bordim, ba’zilari qabulida bo‘ldim. Biroq hech qanday natija bo‘lmayabdi”, - deb yozdi Mavluda O‘rmonova.
OzodMikrofon eshitirishi xat muallifi bilan bog‘landi. Uning his-xayajonga to‘la hasratini eshitgach, suhbatni yana boshidan boshladi.
Mavluda O‘rmonova Ozodlik so‘roviga javoban o‘zi va qizlarining, ijarada yashab turgan uyining, o‘zi va qizlarining nogironligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarning suratlarini taqdim etdi:
Ozodlik ixtiyorida ona va uning qizlarining kasalligini tasdiqlovchi ma’lumotnomalar suratlari ham mavjud.
Ikki qizi tug‘ma falaj ko‘zi ojiz farg‘onalik ona - Mavluda O‘rmonova bilan suhbatni e’tiboringizga OzodMikrofon eshittirishi formatida, ya’ni masalani qo‘shimcha o‘rganmay havola qildik.
Qahramonimiz tilga olgan Farg‘ona viloyat xotin-qizlar kengashi, Farg‘ona shahar xotin-qizlar kengashi, Farg‘ona shahar hokimligi, Farg‘ona viloyat hokimligining O‘rmonovalar oilasi muammolari yuzasidan izohlarini eshitish va e’lon qilishga Ozodlik radiosi tayyor.