Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:24

Toshkentda yo‘l inspektori ishtirokidagi avariya qurbonlaridan biri dafn etildi


28 aprelьkungi avariya oqibatida o‘lgan 63 yashar Hamidillo Atametov 30 aprel kuni dafn etildi.
28 aprelьkungi avariya oqibatida o‘lgan 63 yashar Hamidillo Atametov 30 aprel kuni dafn etildi.

Yo‘l-patrul xizmati inspektori, serjant M.Hasanov gospitalda davolanmoqda. Uni javobgarlikka tortish masalasini sud hal qiladi. Hasanovning ishi bilan Toshkent shahar prokuraturasining Tergov bo‘limi shug‘ullanmoqda. Bu ma’lumotni Ozodlik 1 may kuni Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan oldi.

Serjant M.Hasanov ishtirokida 28 aprel tongida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidasodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan ikki kishidan biri, 63 yashar Hamidillo Atametov 30 aprel kuni dafn etildi.

72 yashar Xalilillo Atametovning iddao qilishicha, ukasining o‘limiga Yo‘l-patrul xizmati xodimining tezlikni oshirgani sabab bo‘lgan.

Voqea guvohi - video

Ozodlik qo‘lga kiritgan videotasvirda tunda sodir bo‘lgan og‘ir avariya aks etgan.

Chorrahadan (keyin ma’lum bo‘lishicha, A.Temur-Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasi) tun qorong‘isida katta tezlikda yengil mashina o‘tib ketadi. U, videoni taqdim etgan fuqaroning aytishicha, “Malibu” avtomashinasidir. “Malibu” chorrahadan svetoforning yashil chirog‘ida o‘tadi.

Shundan so‘ng qarshi yo‘ldan kelayotgan “Jiguli” yashil chiroqda chapga burilish uchun manyovr boshlaydi.

“Jiguli” manyovrini yakuniga yetkazishga ulgurmasdan, uning o‘ng yoni ort qismiga katta tezlikda kelgan yengil mashina uriladi.

Kelib urilgan mashina, videoni taqdim etgan fuqaroning aytishicha, Yo‘l-harakat xavfsizligi xizmatiga qarashli “Lasetti” avtomashinasi edi.

Videoda “Lasetti”ning chiroqlari yoniq ekanligi, biroq YPXga qarashli maxsus mashina ekanligini bildiruvchi sirenasi yoniq emasligi ko‘rinib turibdi.

“Lasetti”ning juda katta tezlikda kelganini, u to‘qnashuvdan keyin yana bir necha (o‘n?) metrga yurib borib, orti bilan yo‘l o‘rtasidagi to‘siqni buzib, qarshi yo‘lga o‘tib qolganidan taxmin qilish mumkin.

Voqea to‘g‘risida IIV xabari

Bu voqea to‘g‘risida 29 aprel kuni Ichki ishlar vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda bunday deyilgan:

“Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 28 aprel kuni soat 04.35larda O.Haydarov boshqaruvidagi “VAZ-2107” rusumli avtomashinani A.Temur-Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida haydab ketayotib, chap tomonga burilgan vaqtida shu chorrahada asosiy yo‘ldan kelayotgan YPX inspektori serjant M.Hasanov boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir etgan”, deyilgan IIV xabarida.

Xabar davomida “VAZ-2107” avtomashinasi yo‘lovchilari, Toshkent viloyati Qibray tumanida yashagan A.Pozilova va osiyo millatiga mansub 55-60 yoshlardagi noma’lum erkak kishi jarohat olib, voqea joyida halok bo‘lgani” aytilgan.

"Osiyo millatiga mansub" kishi dafn etildi

Ozodlik “osiyo millatiga mansub 55-60 yoshlardagi noma’lum erkak kishi” toshkentlik 63 yashar Hamidillo Atametov ekanligini aniqladi.

Marhumning akasi, 72 yashar Xalilillo Atametovning Ozodlikka aytishicha, ukasi 30 aprel, dushanba kuni dafn etilgan.

- Kecha (30 aprel – tahr.) Oqil ota masjidida asr namozidan keyin janozasi o‘qildi. Oqil ota qabristoniga dafn qildik,- dedi marhumning akasi.

2 kecha-kunduz bedarak bo‘lgan uka

Voqea 28 aprel, tong saharda bo‘lgan. Biroq marhum Hamidillo Atametovning yaqinlari uning qaerdaligini ikki kun davomida, ya’ni 30 aprel ertalabgacha bilmagan.

Vaholanki, Xalilillo Atametovning aytishicha, u "102" ga telefon qilganidan so‘ng, 29 aprel kuni kechqurun, Atametovlar xonadoniga uchastka noziri yordamchisi 4 xodim bilan kelgan. "Surishtirib ko‘ramiz", deb qaytib ketishgan.

- Ulardan keyin 1-2 soat o‘tgach, 4 ta melisa keldi. Orasida kapitan bor, starshiy leytenant bor, qolgan ikkitasi formasiz edi. Hamidilloning uyini ko‘rdi, xonalarini suratga oldi. Ikkita qo‘shnini chaqirib, bir qog‘ozga qo‘l qo‘ydirishdi va ketishdi. Nima uchun kelishganini aytishgani yo‘q. Hamidillo to‘g‘risidayam bir gap aytishmadi, - dedi Xalilillo Atametov.

Ukasining qaerdaligini Xalilillo Atametov ertasi kuni “102” xizmatining maslahati bilan avval Yunusobod tuman prokuraturasiga, keyin Toshkent shahar prokuraturasiga telefon qilib biladi va uni yangi ToshMIning morgidan topadi.

Marhumning yaqinlaridan YPX xodimlari hol so‘ramadi

Xalilillo Atametov bilan Ozodlik 1 may kuni, uning ukasi dafn etilganidan 1 kecha-kunduz o‘tganda gaplashdi.

Bu vaqt ichida Atametovning aytishicha, yo‘l-transport hodisasi ishtirokchisi bo‘lgan M.Hasanov ishlaydigan tashkilotdan marhumning yaqinlaridan hol so‘rab qo‘yish uchun hech kim kelmagan.

- Hech kim kelgani yo‘q. Hech kim hol-ahvol so‘ragani yo‘q. GAIdan hech kim kelgani yo‘q, - dedi marhumning akasi.

"Cho‘ntagida ancha pul bo‘lgan bo‘lishi kerak edi"

Xalilillo Atametovning aytishicha, ukasi savdo-sotiq bilan shug‘ullangan va 28 aprel tongida ham tovar sotib olish uchun bozorga borish maqsadida yo‘lga chiqqan. “Shuning uchun yonida kamida 4-5 mln. puli bo‘lishi kerak edi. Lekin ukamni berishayotganda yonidan chiqdi deb 150 mingga yetmagan pul berishdi, uni ukamni olib kelib bergan haydovchiga tutqazdim”, - dedi Atametov.

"180 ga bosmasa, shu ish bo‘lmas edi"

Suhbat oxirida Xalilillo Atamatov ukasining o‘limida YPX xodimini aybladi.

- Bunday voqealarni, 170-180 km tezlikda har-xil mashinalarni quvlab, GAI xodimlari qilayapti. Quvlayotganidan bir narsa undiraman, degan bo‘lsa kerakda. Mana bekordan bekorga ukam o‘lib ketdi,- deb yig‘lab yubordi yoshi 73 ga qarab ketayotgan oqsoqol.

Marhum Hamiddillo Atametovning ortida uning 20 ga kirgan talaba o‘g‘li qoldi.

Halokatga uchragan boshqalar

Ozodlik Hamidillo Atametov bilan bitta mashinada halok bo‘lgan qibraylik A.Pozilova to‘g‘risida ma’lumot topolmadi.

“Lasetti” avtomashinasi haydovchisi serjant M.Hasanov va uning yo‘lovchisi YPX inspektori safdor F.Oqqulov hamda “VAZ-2107” avtomashinasi haydovchisi O.Haydarov va uning yo‘lovchilari Yunusobod tumanida yashovchi O.G‘aniev, Buxoro viloyat, Qorako‘l tumanida yashovchi Sh.Chorievlar jarohat olib kasalxonaga yotqizilgani to‘g‘risida IVV rasmiy sayti 29 aprel kungi xabarida bildirgan.

XS
SM
MD
LG