Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:35

13 yildan keyin uyiga qaytmoqchi bo‘lgan qidiruvdagi asakalik ayolni¸ IIB zobitlari aeroportda kutib olmoqchi


Ma’mura Rahmatova
Ma’mura Rahmatova

2005 yildan buyon Qirg‘iziston va Rossiyada, 3 yildan beri esa, Turkiyada yashayotgan Ma’mura Rahmatova turmush o‘rtog‘i, qizi, o‘g‘li, kelini va ikki nabirasi bilan O‘zbekistonga qaytishga qaror qildi. Uning 8 may kuni Ozodlikka aytishicha, oilasi bu qarorga prezident Mirziyoev olib borayotgan siyosatdan ruhlanib kelgan.

Turkiyadagi O‘zbekiston Bosh konsuli yordamchisining aytishicha, agar Ma’mura Rahmatova murojaat qilsa, unga va oilasiga O‘zbekistonga qaytishi uchun qonun doirasida ko‘mak ko‘rsatiladi.

Asaka tuman ichki ishlar bo‘limi zobiti, agar Rahmatova oilasi bilan O‘zbekistonga qaytsa, Toshkent aeroportida shaxsan o‘zi kutib olishini bildirdi.

Tergov - "vahhobiylik" - chegarani buzish - tergov - chegarani buzish...

O‘zbekistonga qaytish to‘g‘risidagi qarori qat’iy ekanligini Ozodlik bilan suhbatda bildirgan asakalik 50 yashar Ma’mura Rahmatovaning 2005 yil, 13 may voqealariga aloqasi yo‘q. Bu voqealarga qadar tergov izolyatorida saqlanayotgan bo‘lgan Rahmatova¸ aynan o‘sha voqealar tufayli izolyatordan ozod qilingan va shundan so‘ng O‘zbekistonni tark etgan.

Rahmatovaning Ozodlikka aytishicha, 2005 yili u davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanib tergovda bo‘lgan.

Chegarani noqonuniy kesib o‘tib, bir muddat Qirg‘izistonda yashashiga esa, 2000 yili Izboskan tumanidagi "qama-qamalar" sabab bo‘lgan.

Izboskan tuman markazi Poytug‘ shahriga kelin bo‘lib tushgan Ma’mura Rahmatova 2000 yili bir guruh poytug‘liklar qatori vahhobiylikda ayblanib, ushlangan.

- 2000 yili vahhobiy, deb bir gruppa qo‘lga tushdi. O‘shanda Poytug‘da juda ko‘p dindorlar qamalib ketdi. Ushlayotgan paytda otishmayam bo‘lgan. Shu paytda vahhobiy, deb ayblab, meniyam opkirib qo‘ydi, - deb esladi Rahmatova. Uning aytishicha, o‘shanda u ikki oyga yaqin hibsda ushlangan va keyin qo‘yib yuborilgan.

Chindan ham vahhobiy bo‘lganmisiz, degan savolga Rahmatova “vahhobiy deb kimni aytishlarini, to‘g‘risi, tushunmayman. Namoz o‘qiyman, ro‘zamni tutaman...”, deb javob berdi.

Vahhobiy sifatida ikki oy ushlanib qo‘yib yuborilganidan so‘ng Rahmatovaning aytishicha, “u va oilasi surunkali nazorat ostida qolgan” va ta’qibdan qochib, Qirg‘izistonga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

2005 yilga kelib, Rahmatova oila a’zolarining qistovi bilan O‘zbekistonga qaytadi va boya aytilganiday, chegaradan noqonuniy o‘tganlikda ayblanib, tergov izolyatoriga kiritiladi.

2005 yil, 13 may voqealari boshlanib ketgach, Rahmatovaning aytishicha, militsiya xodimlari tergov ostidagi boshqalar qatorida uni ham tergov izolyatordan chiqaradi.

- Militsiya xodimlari o‘zlari chiqargan. Mayda jinoyatchilarni, 15 sutkaga qamalganlarni – hammasini o‘zlari chiqarishgan. Andijondagi izolyatorda edik. O‘q ovozlarini eshitganmiz,- deb esladi Rahmatova.

Shundan so‘ng u bolalarini olib, yana Qirg‘izistonga, undan Rossiyaga ketadi. Birinchi eri bilan O‘zbekistondaligida ajrashgan Rahmatova Moskvada yana turmush qurgan. Hozirgi eri ham o‘zbekistonlik. Oila so‘nggi 3 yildan beri Turkiyaning chekka qishloqlaridan birida yashamoqda.

Ma’mura Rahmatovaning aytishicha, Moskva va Istanbulda yashash qimmat bo‘lgani uchun oila Turkiyaning chekka qishlog‘idan bir chog‘roq uy sotib olgan.

Erining, 27 ga kirgan o‘g‘li va 25 ga kirgan qizining O‘zbekiston pasporti bor. Lekin pasportlarning yaroqlilik muhlati tugagan. O‘zining hech qanday hujjati yo‘q.

O‘zbekistonning Turkiyadagi konsulxonasi yordam va’da qildi

Ma’mura Rahmatova bilan suhbatdan so‘ng Ozodlik muxbiri 8 may kuni O‘zbekistonning Anqaradagi Bosh konsulxonasi bilan bog‘landi. Konsul yordamchisi Zulxumor To‘raevaga Ma’mura Rahmatovaning oilasi bilan O‘zbekistonga qaytish istagida ekani¸ ammo oila hujjatlarining joyida emasligi tushuntirildi.

Konsul yordamchisi konsullik bu oilaga O‘zbekistonga qaytishi uchun talab qilinadigan hujjatlarni rasmiylashtirishga qonun doirasida yordam ko‘rsatajagini bildirdi. “Mavjud barcha hujjatlarini olib, chorshanbadan tashqari ish kunlari soat 10 dan 12 gacha kelib, murojaat qilsin”, dedi Zulxumor To‘raeva.

Asaka IIB zobiti: Kelaverishsin, o‘zim aeroportda kutib olaman!

Ozodlik muxbiri 10 may kuni Asaka tuman Ichki ishlar bo‘limining maxsus ro‘yxatdagi shaxslar bilan ishlovchi zobiti bilan bog‘landi.

Zobit “Ma’mura Rahmatova”, degan ismni eshitishi bilanoq “Abdurashidovna”, deb uning otasi ismini aytdi.

Zobitning aytishicha, “Ma’mura Abdurashidovna Rahmatova qidiruvda”.

“Qidiruvda, lekin kelsa, qamalmaydi. Mening nomerimni unga bering. Qachon kelishini bildirsin. O‘zimiz borib, aeroportda kutib olamiz. Prezidentimizning siyosati shunday”, - dedi zobit.

Uning aytishicha, Rahmatova O‘zbekistonga kelganida “qo‘lga olinmaydi, lekin tergov qilinadi. Aybi yo‘q bo‘lsa, qo‘yib yuboriladi”.

Asaka tuman Ichki ishlar bo‘limining maxsus ro‘yxatdagi shaxslar bilan ishlovchi zobitining Ozodlikka ma’lum qilishicha, yaqinda Turkiyadan A.Z.M.qizi ismli ayol ham qaytib kelgan.

“U ham xuddi Ma’mura Rahmatovanikiday moddalar bilan qidiruvga berilgan edi”,- dedi zobit.

Qaytganlar va qaytmoqchi bo‘lgan "misrlik"

Ozodlik qidiruvda bo‘lgan va shu paytgacha O‘zbekistonga qaytgan ikki kishi va qaytish istagini bildirgan bir kishi to‘g‘risida xabar qilgan.

Marg‘ilon shahrida istiqomat qilgan, xorijga chiqib ketganidan so‘ng bir qator diniy ayblovlar bilan ayblangan, to‘rt yil qidiruvda bo‘lgan Botirjon Ibragimov O‘zbekistonga qaytgani to‘g‘risida 22 martda, 4 yildan buyon Qirg‘izistonda yashab yurgan namanganlik Baxtiyor Hamroevning O‘zbekistonga qaytgani to‘g‘risida esa, 3 aprelda xabar qilgan edik.

4 farzandning otasi, 48 yashar kattaqo‘rg‘onlik Muhiddin Sayfullaev Misrdan O‘zbekistonga qaytish niyatini 27 aprelda bildirgan edi.

Qaytganlardan biri ustidan sud kutilmoqda

27 aprel kuni namanganlik Baxtiyor bilan bog‘langanimizda so‘nggi 3 kun davomida IIBda bo‘lib, tergovchi savollariga javob bergani, u bilan tergovchilar yaxshi muomalada bo‘lgani, uning ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakuniga yetganini, taxminan 20 kundan keyin ustidan sud o‘tkazilishini tergovchilar 26 aprel kuni e’lon qilgani to‘g‘risida aytib bergan edi.

10 may kuni Bahrom Hamroev bilan yana bog‘landik. “Hozircha sud qachon bo‘lishi noma’lum. O‘zlari povestka jo‘natar ekan. O‘shanda boraman ekan”, dedi qidiruvda bo‘lgan va Qirg‘izistondan qaytib kelgan Bahrom Hamroev.

Prezident siyosati

2017 yil 15 iyunda prezident Mirziyoev mamlakat imomlari va diniy xizmatchilar ishtirokida o‘tkazgan videoselektor majlisida "qora ro‘yxat"ga tushgan dindorlarni qayta tekshirish, qamoqdagi dindorlarning oilasi bilan ishlash haqida topshiriq bergan edi

2017 yilning 1 sentabrida Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasasida imom xatiblar bilan uchrashar ekan, prezident "qora ro‘yxat"da turgan 17 ming musulmondan 16 ming nafari ro‘yxatdan chiqarilgani va ulardan 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlanganini aytgan edi.

"Qora" ro‘yxatda chet eldagilar qolgan

“Maxsus ro‘yxatlar”da bu ro‘yxatlarga kiritilgan va hozirda O‘zbekistondan tashqarida yashayotganlar qolganini Ozodlik Samarqand viloyati misolida aniqlagan edi.

XS
SM
MD
LG