Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:22

Akademiklar: Karimov davrida “unutilgan” Habib Abdullaev xotirasi qayta tiklansin


Taniqli o‘zbek olimi, geolog, O‘zFA prezidenti, akademik Habib Abdullaev.
Taniqli o‘zbek olimi, geolog, O‘zFA prezidenti, akademik Habib Abdullaev.

O‘zbekistonlik qator akademiklar, yuristlar, siyosatshunoslar va jurnalistlar akademik Habib Abdullaev xotirasi qayta abadiylashtirlishini iltimos qilib, Vazirlar Mahkamasiga murojaat yo‘lladi.

Академиклар: Каримов даврида “унитилган” Ҳабиб Абдуллаев хотираси қайта тиклансин
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:54 0:00
Бевосита линк

“O‘zbekistondagi o‘zgarishlar Habib Abdullaev haqida kitob nashr etilishiga sabab bo‘ldi”

Mazkur murojaatni imzolagan 19 odam orasida taniqli akademiklar Naim Karimov, Ahmadali Asqarov, Habibulla Akbarov, Tursunboy Rashidov, professor Yusuf Abdullaevlar ham bor.

Murojaatda aytilishicha, 25 may kuni Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada Habib Abdullaev hayoti va faoliyati aks etgan “Buyuklikka yo‘l” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tgan.

“Tadbirda so‘zlaganlarning barchasi O‘zbekiston fan va texnikasining yirik namoyondasiga bag‘ishlangan kitobning nashr etilishi bizning jamiyatimizda bugungi kunda yuz berayotgan katta o‘zgarishlar mahsuli bo‘lganini e’tirof etdilar. Bu bilan biz boy tariximizga hurmat bildirib, o‘z vaqtida iqtisodiyotimizning mustahkam poydevorini yaratgan vatandoshlarimiz mehnatlarini munosib baholamoqdamiz”, deyiladi murojaatda.

Shundan kelib chiqqan holda, murojaatni imzolaganlar hukumatga Habib Abdullaev xotirasini qayta abadiylashtirish taklifini kiritganlar.

Islom Karimov davrida Habib Abdullaev xotirasi abadiylashtirildi, keyin esa unutildi

Sovet Ittifoqi parchalanib, O‘zbekiston mustaqil davlatga aylanganidan bir yil o‘tgach, ya’ni 1992 yilning kuzida prezident Islom Karimov farmoni bilan Habib Abdullaevning 80 yilligi ko‘plab xorijiy olimlar ishtirokida tantanali ravishda nishonlangan edi.

O‘shanda Islom Karimov imzolagan qarorga asosan Habib Abdullaev nomidagi diplom va oltin medal, Habib Abdullaev fondi joriy etilgan edi. Toshkent metrosining bir bekatiga, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi katta ko‘chaga, maktablarga hamda Fanlar Akademiyasining Geologiya va geofizika institutiga Habib Abdullaev nomi berilgan.

2008 yilda ko‘cha, maktab va institutdan Habib Abdullaev nomi olib tashlangan edi. 2016 yilning iyunida esa akademik nomiga berilgan metro bekati nomi ham “Shahriston” deb o‘zgartirilgan.

Toshkentda may oyida qator“unutilgan nomlar” qayta tiklandi

O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda Islom Karimov prezidentligi davrida unutilgan nomlar va shaxslar qayta tiklanmoqda.

Jumladan, General Sobir Rahimov haykali Toshkentdagi G‘afur G‘ulom bog‘idan avvalgi maskaniga - Olmazor tuman hokimligi binosi oldiga qaytarildi.

“Istiqlol” san’at saroyiga¸ saroy oldidagi maydonga, “Bunyodkor” metro bekatiga “Xalqlar do‘stligi” nomi qaytarildi.

Toshkent shahar kengashi “Shayxontohur tumani, “Obinazir”, “Jarariq” mahallalari hududida joylashgan Toshko‘cha ko‘chasiga, ko‘chaning avvalgi nomi - ikkinchi jahon urushi davrida yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etgan Shoahmad Shomahmudov nomini berish” to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Shuningdek, Shoahmad Shomahmudov oilasiga bag‘ishlangan haykallar majmuasi ham “Xalqlar do‘stligi” maydoniga qayta o‘rnatildi.

Akademik Habib Abdullaev haqida ma’lumot

Habib Muhamedovich Abdullaev 1912 yilda O‘shning Aravon qishlog‘ida dunyoga kelgan. Taniqli o‘zbek geolog-olimi, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston FA akademigi, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.

1935 yilda O‘rta Osiyo sanoat institutining konchilik fakultetini tugatgach, geologiya-razvedka partiyasi boshlig‘i etib tayinlangan. O‘zbekistondagi Langar volfram-molibden konining geologik tuzilishi, mineral tarkibi va hosil bo‘lishini tadqiq qildi. 1940 yildan O‘rta Osiyo sanoat institutining foydali qazilmalar kafedrasida dotsent, so‘ngra shu institutda direktor, 1942 yildan O‘zbekiston hukumati (Sovnarkom) raisi o‘rinbosari, 1944 yildan - Davlat plan komissiyasi raisi.

1946 yilda u doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Abdullaev 1947 yildan O‘zbekiston FA vitse-prezidenti, ayni vaqtda Geologiya instituti direktori hamda uning Petrologiya va metallogeniya bo‘limi rahbari.

Habib Abdullaev 1956 yildan to umrining oxirigacha, ya’ni 1962 yilgacha O‘zbekiston FA prezidenti bo‘lgan.

Abdullaev ko‘plab ilmiy jurnallar, to‘plamlar, ilmiy-ommabop nashrlarning mas’ul muharriri, tahrir hay’ati a’zosi edi, jumladan, O‘rta Osiyoda birinchi "O‘zbekiston geologiya jurnali" asoschisi va uning mas’ul muharriri ham bo‘lgan.

Abdullaev O‘zbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan, geologiya bo‘yicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi. Habib Abdullaev rahbarligida 7 kishi doktorlik, 28 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.

Abdullaev 1950 yildan umrining oxirigacha mineralogiya jamiyati O‘zbekiston bo‘limini boshqardi. 1960 yildan Fransiya geologiya va Buyuk Britaniya Qirollik mineralogiya jamiyatlari a’zosi. Tanlangan asarlaridan 7 jildi nashr etilgan (1964 - 69).

Habib Abdullaev Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn qilingan. Uning qabri ustiga mashhur haykaltarosh Yevgeniy Vuchetich tomonidan yasalgan marmar byust o‘rnatilgan.

XS
SM
MD
LG