2018 yil, 25 maydan xorijliklarning Rossiya Federatsiyasiga kirishiga oid yangi tartib joriy qilindi. Vladimir Putinning shaxsiy ko‘rsatmasiga binoan futbol bo‘yicha Jahon Chempinati final o‘yinlari o‘tkaziladigan Rossiyaning 11 shahrida “maxsus rejim” joriy etiladi.
Bunday "rejim" nimalardan iborat? Ozodlik savollariga Migranto.ru portali rahbari, huquq faoli Svetlana Salamova javob berdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yil, 12 mayda imzolagan 214- qarorga muvofiq, endi chet elliklarga qaydga turish uchun 3 sutka vaqt beriladi: “Registratsiya” qog‘ozini faqat Ichki ishlar bo‘limlari yoki Ko‘p tarmoqli markazlarida (MFTs) olish mumkin. Shunday qilib, ilgari joriy qilingan “pochta orqali vaqtinchalik qaydga olish” tartibi futbol bo‘yicha final o‘yinlari o‘tkaziladigan shaharlarda bekor qilinadi.
Ilgariroq Rossiya politsiyasi migratsiya qaydiga turishga 1 sutka vaqt berilishi to‘g‘risida axborot tarqatgan edi.
"Chempionat kunlari nazorat kuchaytiriladi!"
26 may kuni Moskvada MDH davlatlaridan kelgan xorij grajdanlari uchun axborot-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Migranto.ru portali xodimlari tomonidan “Futbol bo‘yicha Jahon Chempionati FIFA 2018: xorij grajdanlari nimalarni bilishi kerak” mavzusida maxsus vebinar o‘tkazildi.
Uni uyushtirgan Migranto.ru portali rahbari huquqbon Svetlana Salamova Ozodlik savollariga javob berib, chempionat o‘tkazilishi davomida Rossiyaga kirib kelayotgan xorijliklar, xususan o‘zbekistonlik muhojirlar nimalarga e’tibor qaratishlari kerakligiga to‘xtaldi.
- Eng avvalo, migrant kirishda migratsiya kartasini to‘g‘ri to‘ldirishi va rus tilida yozishga qiynalayotgan bo‘lsa kartada lotin yozuvida ham yozish imkoniyatiga ega. Ikkinchisi, Rossiyaga kelishdan maqsadini aniq belgilashi lozim! – dedi mehnat qilgani kelayotgan migrantlar migratsiya varaqasida “ishga” degan katakni belgilashlari shartligini aytgan Svetlana Salamova.
Suhbatdosh oxirgi paytlarda migrantlar orasida Rossiyadan kirdi-chiqdi masalasiga oid ko‘paygan mish-mishlarga ham to‘xtaldi:
- MDH davlatlari grajdanlarining Rossiyaga kirishiga hech qanday cheklovlar qo‘yilgani yo‘q! Chempionat oldidan nazorat choralari kuchaytirilgani va “180/90 qoidasi”ga rioya qilmaganlarga kirish man etilayotgan holatlar ko‘paygani ham rost gap. Ammo sizda hech qanday qonunbuzarlik aniqlanmagan bo‘lsa, qonunan ishlab, barcha soliqlarni vaqtida to‘lagan bo‘lsangiz bumalol kirib chiqaverasiz. Ishga ruxsatnomalarni ham hech qanday qiyinchiliksiz rasmiylashtirib olaverasiz, dedi Svetlana Salamova.
Huquq faoli Rossiyaga ishlagani kelayotgan muhojirlarning aksari qaydga turish masalasida juda ko‘p qiyinchiliklarga uchrashini eslatdi. U Rossiyaning 11 shahrida migratsiya qaydiga turish tartiblari o‘zgarganini tasdiqlab, dedi:
- Jahon Chempionati o‘yinlari o‘tkazilayotgan shaharlardan biriga kelayotgan muhojir bu shaharga yetib kelgani kunidan boshlab 3 kun mobaynida migratsiya qaydiga turishi shart. Ya’ni, ko‘pchilik o‘ylaganidek, chegarani kesib o‘tganidan 3 kun o‘tib emas! O‘tgan yili prezident qabul qilgan “1 sutka ichida migratsiya qaydiga turish tartibi” bekor qilingan. Migratsiya qaydi faqat mahalliy Ichki ishlar bo‘limlari yoki Ko‘ptarmoqli markazlar (MFTs)da amalga oshiriladi, dedi Migranto.ru portali asoschisi.
Svetlana Vladimirovna joriy etilgan barcha cheklovlar futbol chempionati yakunlangach, 25 iyul kuni olib tashlanishini ham ma’lum qildi.
Migranto.ru portali xodimlari chempionat o‘tkazilayotgan kunlari politsiya va boshqa davlat idoralarining, ayniqsa, migrantlar ustidan nazorati kuchaytirilishi hech kim uchun sir emasligini ham qo‘shimcha qildi.
Ayni damda Internet tarmoqlarida Rossiyaning markaziy shaharlarida xorijliklarni “yaxshi” va “yomoni”ga ajratish boshlangani to‘g‘risida xabar-mulohazalar ko‘paymoqda.
Rossiya Dumasida esa migratsiya tartiblarini yanada keskinlashtirish bo‘yicha qator loyihalar ilgari surilayotgani kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “maxsus rejim” Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Sochi, Volgograd, Yekaterinburg, Kaliningrad, Nijniy Novgorod, Rostov-Don, Samara va Saransk shaharlarida kiritildi.
3 kunlik qaydga turish tartibi oldinroq qaydga turib olgan xorij migrantlariga taalluqli emasdir.
Futbol bo‘yicha Jahon Chempionati FIFA 2018 Rossiyada 14 iyundan 15 iyulga qadar davom etadi. Ayni paytda, maxsus migratsiya choralari yuqorida ko‘rsatilgan shaharlarda 25 maydan 25 iyulgacha davom etishi ko‘zda tutilgan.