Moskvada o‘z ishini davom ettirayotgan “Ramazon chodiri”da 28 may kuni O‘zbekiston kechasi uyushtirildi. 13- marta o‘tkazilayotgan bu yilgi iftorlik Moskvada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik musulmonlar tomonidan berildi.
Unda marhum prezident Islom Karimov davridagidan farqli o‘laroq ilk marotaba O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi. Kechaning madaniy qismi ochilishida O‘zbekiston vakolatxonasining Peterburgdagi Bosh konsuli Mehriddin Xayriddinov so‘zga chiqdi:
- Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar! Hammalaringizni O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi nomidan qutlug‘ kun bilan tabriklaymiz. Xonadonlaringizga baxt, to‘kinchilik va sokinlik tilaymiz,- dedi O‘zbekiston konsuli.
Shu kuni yozilgan dasturxonga 500 dan ortiq mehmon yig‘ildi. Iftorlik Rossiya diniy boshqarmasi, Moskva meriyasi, ko‘ngillilar va homiylar ko‘magida uyushtirildi.
Uni tashkillashtirishda Moskva shahar O‘zbek Milliy-madaniy avtonomiyasi ham bevosita ishtirok etdi.
- Iftorlik haqida shuni aytishim mumkinki, bu o‘z madaniyatimiz, milliy qadriyatlarimiz bilan o‘rtoqlashish imkoniyatidir. Chunki O‘zbekiston Islom xazinasiga juda ulkan hissa qo‘shgan va bu holdan biz faxr tuyib turibmiz. Biz shu iftixorimiz bilan bo‘lishish istagidamiz! - dedi Moskva shahar O‘zbek Milliy-madaniy avtonomiyasi rahbari Habib Abdullaev.
O‘zbekiston kechasi tashkilotchilari rasmiy Toshkentning islomiy an’analarga nisbatan o‘zgarayotgan siyosati tufayli avvalgi yillardagiga nisbatan bu yil hayriya mablag‘ini yig‘ish biroz osonroq kechganini bildirdi.
- Bu yil elchixona ham yordam berdi, diasporalar yordami tegyapti. Yordam beruvchilar juda ko‘p! Boshida bir-ikki kun qiynaldik, haqiqatan, tayyorgarlik ko‘rishda. “Mo‘l-Buloq” kompaniyasi rahbari buni eshitib, “Qancha yetmayapti?”, dedi va bir-ikki kunda bajarishdi, deydi kecha tashkilotchilaridan biri Jamshid Sakkizov.
Ramazon oyi boshlanganidan buyon Moskvaning Poklonnaya maydonida shahar hukumati, Rossiya musulmonlar diniy boshqarmasi va musulmon jamiyatlari tashabbusi bilan “Ramazon chodiri” ishlamoqda. Bundan ikki yil oldin Ramazon chodirida Moskvada yashab, mehnat qilayotgan o‘zbek yoshlari tomonidan iftorlik uyushtirilgan edi.
Rossiyada oxirgi marotaba o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishda 10 foiz rossiyalik, yoki 14,5 million kishi, o‘zini musulmon bilishini e’tirof etgan. Bugunda Rossiyada musulmon davlatlaridan, jumladan O‘zbekistondan, kelgan yana 10 milliondan ortiq muhojir yashab mehnat qiladi.