Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:26

G‘allaorollik ikki farzandning onasi ajrashish uchun erini izlamoqda


Sevara va Dilmurod bundan 10 yil oldin.
Sevara va Dilmurod bundan 10 yil oldin.

31 yashar jizzaxlik Sevara Musulmonovaning iddao qilishicha, G‘allaorol tuman sudi va tuman prokuraturasi unga bundan 7 yil oldin Rossiyada bedarak ketgan erini topib kelishni buyurgan.

Moddiy tomondan og‘ir ahvolda qolgan ikki bolaning onasi oilasdan xabar olmay qo‘ygan eridan ajratish to‘g‘risida bergan ikkita arizasini sudya va prokuror qabul qilmaganini aytmoqda

G‘allaorollik Sevara Musulmonova ikki farzandining otasi, 7 yil burun Rossiyaga ketganidan beri daragi yo‘q 33 yoshli Dilmurod Musulmonovni topishda ko‘mak so‘rab, Ozodlikning Moskvadagi tahririyatiga murojaat qildi.

Sevara shu kunlarda onasi og‘ir kasal bo‘lib, yostiqqa mixlanib qolgani va endilikda ikki bolasi va onasini boqishga mutlaqo sharoiti qolmaganini gapirib berdi. U eridan ajrimini olib, pul ishlash uchun Rossiyaga ikki bolasini olib ketishga qaror qilganini aytadi.

- 2011 yilda xo‘jayinim Rossiyaga ishlagani ketuvdi. O‘rtamizda ikkita bolamiz, ZAGS bor. Orada men o‘zim Rossiyaga uni orqasidan ishlagani borib keldim. Uni topish muammo bo‘lyapti. Ismi Musulmonov Dilmurod, 1985 yilda tug‘ilgan. Kalujskiy oblast, Kozelsk shahrida bo‘lgan u oxirgi marta. Men o‘zim borganimda u bir rus ayoli bilan bo‘lib qolganini va bizdan voz kechganini bildim. Endi ajrashaman desam, o‘zi yo‘q. Onam davlenie bo‘lib, yotib qoldi. Bolalarimga qarab turadigan odam yo‘q. Bolalarimni Rossiyaga olib ketaman desam, otasidan ruxsat so‘rash kerak ekan, deydi Sevara.

Jizzaxlik ayol hozirda nogiron bo‘lib qolgan onasining nafaqa puliga ikki farzandi bilan yashayotganini aytdi.

Dilmurod Musulmonov 2011 yilda Rossiyaga chiqib ketgan
Dilmurod Musulmonov 2011 yilda Rossiyaga chiqib ketgan

Sevara Musulmonova o‘tgan yillar davomida 2007 va 2009 yilda tug‘ilgan bolalariga Dilmuroddan biror tiyin yordam puli olmadim, deydi.

Uning iddaosicha, ajrashish to‘g‘risida yozgan arizasi ikki marotaba mahalliy sud tomonidan qabul qilinmagan.

- G‘allaorol tuman sudi va prokuraturasiga murojaat qildim. Bollarimni o‘zim bilan olib chiqib keta olmayapman va uni otalik huquqidan mahrum qilishga ariza tashlagan edim. Ular ham “O‘zini topib kel!”, deb arizamni 2 marta qaytarvordi. To‘lovini qildim, advokatga 600 ming so‘m ham berdim – “O‘zi yo‘q odam bilan ajrashishning iloji yo‘q”, deyapti. Advokat ham biror ish qilgani yo‘q. Qidiruvga e’lon qildim. Topishim kerak uni, topmasam arizamni olmayapti hech kim, qiynalib ketdim, dedi Sevara.

Ozodlik Sevara Musulmonovaning so‘zlariga ko‘ra, uning "arizasini qaytarib yuborgan" amaldor G‘allaorol tumani Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Davronov ekanini aniqladi. Biroq sudya bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Sevaraning aliment ishlari bilan shug‘ullanayotgan Majburiy ijro bo‘limi xodimi sud ijrochisi Baxtiyor Bobobekov Ozodlik bilan suhbatda Dilmurod Musulmonovning haqiqatan qidiruvga berilganini tasdiqlab, dedi:

- Bizda aliment masalasida ijro hujjati mavjud. Aliment pullarini undirib berishimiz kerak. Biz uyidagilari, mahalladagi qo‘ni-qo‘shnilaridan xat olganmiz, ota-onasi bilan gaplashganmiz. Rossiyaga bola chiqib ketib, qaytib kelmagan va hozir qaerda ekani noma’lum bo‘lgani sababli G‘allaorol tuman Ichki ishlar bo‘limi qidiruv e’lon qilgan. Ichki ishlardan so‘rab-surishtirsak, “Qidiruvda turibdi, shug‘ullanayapti!”, deyapti. Musulmonova Sevaramidi? Arizasini qabul qiladi, agarda kamchiliklari bo‘lmasa. Lekin arizasini olishga majbur. Olmabdimi? Arizani olishi kerak – eri yo‘qolganini u qaerdan biladi, deya taajjublandi sud ijrochisi.

Sevara 2011 yildan buyon daragi yo‘q eridan rasman ajrashtirib berish iltimosi bilan G‘allaorol tuman prokuraturasiga ham murojaat qilgani va O‘sarov degan prokuror yordamchisidan ham “Eringni topib kel!” degan javobni olganini aytdi.

G‘allaorol tuman prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik radiosidan murojaat bo‘layotganini eshitib, “Kechirasiz, adashib tushib qoldingiz!”, deya telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi 80 yoshli nafaqaxo‘r va faol Nabijon Jo‘raboev tumanda odamlarning juda ko‘pi hokimiyat, prokuratura va sudga shaxsan shikoyat qilishdan hayiqib qolgan, deydi.

- Ariza topshirishga hammaning haqqi bor. Bunaqasi G‘allaorolda tiqilib yotibdi! Bilmadim, G‘allaorol O‘zbekistonga qaraydimi yo boshqachami?! Bechoralar menga keladi, yordam so‘rab. Bittasiga hokim “Muncha hammang o‘sha 70 oshgan odamning oldiga boraverasan?”, debdi. Agar hokimiyat, prokuratura va xalq qabulxonasi ishlasa meni oldimda bular nima qiladi? -deya vaziyatni tasvirlab berdi Nabijon Jo‘raboev.

Qonun nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksining 43- va 219-moddalariga muvofiq er-xotindan biri:

- sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;

- sud tomonidan ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;

- sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, o‘rtada voyaga yetmagan umumiy bolalari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko‘ra nikohdan ajratish qayd etilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG