Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:23

OzodTa’sir: Chiroq yo‘qligidan norozilikka chiqqan chiroqchiliklarning chirog‘i o‘chmaydigan bo‘ldi


Chiroqchiliklar 12 may kuni ham norozilik bildirib, chiqishgan.
Chiroqchiliklar 12 may kuni ham norozilik bildirib, chiqishgan.

1 iyun kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bir hafta avval elektr muammosi bois norozilikka chiqqan Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Oqquduq qishlog‘ida yashovchi aholining shikoyati ijobiy hal bo‘lgan.

Chiroqchidan olingan ma’lumotga ko‘ra, tuman elektr tarmoqlari idorasi xodimlari qishloqda 24 soat chiroq o‘chmasligiga va’da berib, podstantsiyani ta’mirlash ishlarini boshlab yuborgan.

“Ozodlikda maqola chiqqan kunning ertasiga “Chorvador” podstansiyasini ta’mirlashni boshlab yuborishdi. Shu paytgacha qishlog‘imizga faqat 6 soatgina elektr berilgan. Odamlar podstansiyani ta’mirlashni talab qilib, norozilikka chiqqandi. Hozir podstansiyani ta’mirlab, unga qo‘shimcha transformator ham qo‘yishayapti. Endi qishlog‘imizda 24 soat svet o‘chmas ekan. Biz may oyida ikki marta norozilikka chiqdik. Faqat Ozodlik yoritgach, muammomiz hal bo‘ldi”, deya xabar yo‘lladi chiroqchilik yigit.

Ozodlik 26 may kuni chiroq yo‘qligidan norozilikka chiqqan chiroqchiliklar haqida maqola e’lon qilgandi.

Quyida o‘sha maqolani o‘qishingiz mumkin:

24 may kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Oqquduq qishlog‘ida yashovchi bir guruh aholi elektr muammosi bois norozilik aksiyasi o‘tkazdi. Chiroqchidan olingan xabarga ko‘ra, voqea joyiga kelgan elektr idorasi xodimlari bilan aholi o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqan.

Norozilik yig‘ini haqida Ozodlikka xabar bergan chiroqchilikka ko‘ra, u voqeaga shaxsan guvoh bo‘lgan:

“24 may kuni soat 19dan o‘tganda “Chorvador” podstansiyasi oldiga fuqarolarimiz norozilik bildirib chiqishdi. Elektr idorasi xodimlari bilan aholi o‘rtasida mushtlashuv bo‘lib ketdi. Mahalla posponlari yetib kelib janjalni ommaviy tus olishiga to‘sqinlik qilishdi”, deya xabar yo‘llagan chiroqchilik yigit voqea joyidan olingan suratlarni ham Ozodlikka jo‘natdi.

Surat 24 may kuni voqea joyida olingani aytildi.
Surat 24 may kuni voqea joyida olingani aytildi.

Chiroqchi tuman elektr tarmoqlari idorasida ishlovchi xodimlardan biri Ozodlikka voqeani tasdiqladi. Unga ko‘ra, mushtlashuv payti elektr tarmoqlari idorasi xodimi Yoqub Soipov kaltaklangan:

“Ahvoli og‘ir emas. Singan, chiqqan joyi yo‘q. Lekin rosa kaltak yegan. "Shifoxonaga murojaat qilaman" degan edi. Keyingi tafsilotlarini bilmayman”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz elektr idorasi xodimi.

24 may kuni Yoqub Soipov telefoni o‘chirib qo‘yilgani bois, u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Chiroqchi tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 24 may kungi mushtlashuv voqeasi bo‘yicha bo‘limga biror shikoyat kelib tushmagan.

Chiroqchiliklarga ko‘ra, 12 may kuni ham bir guruh aholi elektr muammosi bois norozilik aksiyasiga chiqqan edi:

“12 may kuni soat 12larda Qanotli MFY (mahalla fuqarolar yig‘ini), Gujumli MFY va Toshli MFYda yashovchi fuqarolar norozilik bildirib, “Chorvador” podstansiyasi oldiga yig‘ilishgandi. Dardimizni eshitadigan biror rahbar yo‘q. Bor umidimiz prezidentimizdan. Shu kuni prezidentimizga murojaat xati jo‘natdik”, deydi chiroqchilik yigit.

Surat 12 may kungi norozilik payti olingan.
Surat 12 may kungi norozilik payti olingan.

​Norozilikka chiqqan chiroqchiliklar tuman elektr tarmoqlari idorasidan “Chorvador” podstansiyasini ta’mirlab berishni talab qilmoqda.

"Chorvador" podstansiyasi
"Chorvador" podstansiyasi

“Aholi juda qiynalmoqda. Elektr sutkasiga faqat 6 soat beriladi. Chiroqchi elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Olmos Quvvatovdan talabimiz “Chorvador” podstansiyasini ta’mirlab bersin. Odamlar pul yig‘ib, yordam berishga ham tayyor”, deydi chiroqchiliklardan biri.

Ozodlik Chiroqchi tuman elektr tarmoqlari idorasi boshlig‘i Olmos Quvvatov bilan telefon orqali bog‘landi. Biroq Quvvatov “Chorvador” podstansiyasi oldidagi voqea haqidagi savolimizni eshitishi bilan telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi. Keyin Quvvatov telefon raqamini o‘chirib qo‘ygani bois u bilan boshqa bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Keyingi o‘n yildan ziyod vaqt davomida mamlakatning chekka qishloqlarida tabiiy gaz va elektr taqchilligi muntazam kuzatilmoqda. Ayrim joylarda elektr faqat kuniga bir necha soatgina beriladi. Ko‘plab qishloqlarda esa tabiiy gaz quvurlari allaqachon kesib tashlangan.

XS
SM
MD
LG