Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:19

Pilla rejasini bajarmagan fermerlarga yerini tortib olish bilan tahdid qilinyapti


Joriy yilda tut bargi taqchilligi bois ayrim fermerlar pilla rejasini bajara olmadi. Farg‘ona, Jizzax, Namangan viloyatlarida ishlayotgan fermerlarning Ozodlikka aytishicha, tuman hokimlari rejani bajarmagan fermerlardan topshirilmagan pilla o‘rniga pul talab qilmoqda, aks holda yerini tortib olish bilan tahdid qilayapti.

“Ipak qurti ochlikdan o‘ldi”

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi fermer yigit 40 gramm ipak qurti olgan va 120 kilo pilla topshirishi lozim edi.

Biroq fermerning aytishicha, ipak qurtlari ochlikdan o‘lib qolgani bois atigi 15 kilo pilla topshirgan xolos:

“Bu yil tut bargi bo‘lmadi. Qurtlarimiz ochllikdan o‘lib qoldi. Tumandagi ko‘pchilik fermerning qurti barg yo‘qligi bois ochlikdan o‘lib qoldi. Tuman hokimi va pillaxona mudiri fermerlarga topshirilmagan pillaning kilosi uchun 20 ming so‘mdan pul berishga majburlashdi. Hokim “Pul bermaganning erini olaman” deb do‘q qildi. Qo‘rqqanidan hamma fermer pul berayapti. Men o‘zim 2 million 80 ming so‘m pul berdim”, dedi farg‘onalik fermer.

“Pillaning kilosiga 40 ming so‘mdan pul talab qilishdi”

Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida yashovchi fermer yigitning Ozodlikka aytishicha, 25 gramm ipak qurti olgan va 99 kilo pilla topshirishi lozim edi.

Biroq fermer yigitga ko‘ra, tut bargi taqchilligi muammosi bois ipak qurtlari o‘lib qolgan va belgilangan rejani bajara olmagan:

“Hokimlikdagi yig‘ilishda pilla rejasini bajarmagan fermerlardan kilosiga 40 ming so‘mdan pul talab qilishdi. Pul bermaganlarning yeri olib qo‘yilishini aytishdi. Qo‘rqqanimdan pul berdim. 4 million so‘m pul berdim”, deydi jizzaxlik fermer yigit.

Jizzaxning Zafarobod tumanidagi pilla qabul qilish joyi
Jizzaxning Zafarobod tumanidagi pilla qabul qilish joyi

“Pilla rejasini bajarmaganlarni urishayapti”

Namangan viloyati Chortoq tumanida joriy yilda 135 tonna pilla yetishtirilishii lozim. Tuman rasmiylaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozircha faqat 67 tonna pilla topshirilgan.

Chortoqlik fermerga ko‘ra, tuman hokimi pilla rejasini bajarmagan fermerlarga bosim qilayapti:

“Har kuni pilla planini bajarmagan fermerlarni yig‘ilishga chaqirib, kechasi bilan tik turgizib, so‘kib, planni bajarishga majburlayapti. “Bajara olmayman” degan fermerlarni kuch ishlatib uryapti. “Bajarmasang, yoz arizangni” deb kurakda turmaydigan yomon gaplar bilan haqarot qilayapti. Ayol fermerlar qochishga joy topolmaydi. Hokim fermerlarni xohlaganicha haqorat qilishi adolatdanmi?, dedi chortoqlik fermer.

Ozodlik yuqoridagi tumanlar hokimliklari bilan bog‘langanida fermerlardan pilla rejasini bajarish talab qilinayotganini tasdiqlashdi.

Jumladan, Chortoq tumani hokimligi rasmiysi pilla rejasini bajarmagan fermerlarga yerini tortib olish bilan tahdid qilinganini ham tasdiqladi.

Tut bargi muammosi

Yillar davomida tabiiy gaz taqchilligi bois mamlakatdagi tut daraxtlari o‘tinga aylangani va bugungi kunda tut bargi yetishmovchiligi kuzatilayotgani ma’lum.

Fermerlar qo‘shni tumanlar, hatto qo‘shni mamlakatlarga borib tut bargi sotib olishga majbur qolishdi. Jumladan, Chortoq tumani hokimligi rasmiysidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Olabuqa tumanidan tut bargi olib kelingan.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlarga ko‘ra, joriy yilda ipak qurti avvalgi yillarga nisbatan ko‘proq berilgani bois ular tut bargi yetishmovchiligiga duch kelishgan:

"Tut bargiga yarasha qurt bermaydimi? Tut bargini Uychidan, To‘raqo‘rg‘ondan naqd pulga sotib olib keldik. Barg yetishmovchiligi bois deyarli hamma fermerlar pilla rejasini bajara olmadi”, dedi chortoqlik fermer.

Shuningdek, Jizzaxning Zafarobod tumanidagi fermerlar tut bargi zararlangani bois muammoga yuz tutishganini aytishdi:

"G‘o‘za va g‘allaga tushadigan hasharotlarga qarshi qandaydir dori sepishgan. Shundan tut barglari zararlangan. Biz bilmasdan zararlangan bargni qurtlarga berganmiz. Hammasi o‘lib qoldi. Bitta men emas juda ko‘p fermerning ipak qurti o‘lib qoldi", dedi jizzaxlik fermer.

Ozodlik tut bargi izlagan fermerlar duch kelgan muammolar haqida avval ham yoritgan: Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida yashovchi, ipak qurti boqayotgan to‘rt fermer tut bargi yetishmovchiligi bois barg izlab Mirzaobod tumaniga borganida¸ militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangandi.

Sirdaryoda tut bargi izlab borgan fermerlar militsiya boshlig‘i tomonidan kaltaklangan kuni olingan surat.
Sirdaryoda tut bargi izlab borgan fermerlar militsiya boshlig‘i tomonidan kaltaklangan kuni olingan surat.

Pilla yetishtirishni oshirish rejasi

2017 yilda 12 ming 450 tonna pilla yetishtirildi. Biroq bu raqam O‘zbekiston uchun kam ekani ta’kidlanib, o‘tgan yili prezident Mirziyoev 2021 yilgacha O‘zbekistonda pilla yetishtirish hajmini 50 foizga ko‘paytirish haqidagi maxsus farmonni imzoladi.

Ushbu farmondan kelib chiqib, joriy yilda uch mavsumda ipak qurti boqish belgilangan bo‘lib, bahorgi mavsumda 18 ming tonna pilla topshirish rejalangan.

Ozodlik pilla yetishtirish bo‘yicha mas’ul tashkilot – O‘zbekipaksanoat uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Shavkat Ochilov bilan bog‘landi.

Ochilov majlisda ekanini, biroz keyin qo‘ng‘iroq qilishimizdi aytdi. Biroq keyingi qo‘ng‘iroqlarimizga umuman javob bo‘lmadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha O‘zbekiston ipak tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy va Hindistondan keyin 3-o‘rinni egallaydi, aholi jon boshiga pilla ishlab chiqarish bo‘yicha esa dunyoda 1-o‘rinda.

XS
SM
MD
LG