Rossiyaning Kaliningrad viloyatida 2018 yilning 1 avgustigacha ishga ruxsat beruvchi patentlar berilishi to‘xtatildi. Viloyat politsiyasi matbuot xizmati buni futbol bo‘yicha jahon chempionati oldidan ko‘rilgan “xavfsizlik chorasi” ekanini ochiqchasiga aytmayotgan bo‘lsada, rossiyalik huquq faollari bu cheklov xorijlik ishchilar va kaliningradlik minglab biznesmenlar huquqlari buzilishiga olib kelishini gapirmoqda.
Rossiyaning eng g‘arbiy hududi sanalgan Kaliningrad viloyatida joriy yilning 4 iyunidan boshlab xorij grajdanlariga ishga ruxsatnoma – patentlarni berish vaqtinchalik to‘xtatildi.
Bu xabarni tarqatgan Kaliningrad viloyati hukumatiga ko‘ra, mehnat faoliyatiga ruxsat beruvchi hujjat Kaliningrad viloyati hududida 1 avgustgacha berilmaydi.
“Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining 2018 yil 25 mayda qabul qilingan 1/5841-sonli qaroriga binoan, Kaliningrad viloyati hududida xorij grajdanlari va grajdanligi yo‘q shaxslarga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun patentlar berilishi joriy yilning 1 avgustigacha vaqtinchalik to‘xtatiladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Sabablari aniq ko‘rsatilmagan bu qaror “Xorij grajdanlarining Rossiya Federatsiyasi hududidagi huquqiy holati to‘g‘risida” deb nomlangan 115-Federal qonun asosida 4 iyun, dushanbadan boshlab kuchga kirishi aytilgan. 10 kun oldin – 2018 yilning 25 mayida qabul qilingan bu qaror oradan 6 kun o‘tib - ya’ni 31 may kuni Kaliningrad viloyat hukumati rasmiy saytida chop etildi.
Kaliningrad viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha bo‘limi rahbariyati vakili Ozodlik so‘roviga shunday qaror borligini tasdiqlab, uning qabul qilinishi Kaliningrad viloyati tashabbusi ekanini bildirdi:
- Bilasizmi, Ichki ishlarga ushbu rasmiy iltimosnoma bilan Kaliningrad viloyat hukumati chiqqandi. Bilmadim, bu qaror futbol bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biz viza talab qilinadigan mamlakatlardan kelayotgan xorij grajdanlari va malakali mutaxassislar uchun ishga ruxsatnomalarni berishni davom ettirayapmiz. Cheklov faqat viza talab qilinmaydigan mamlakatlar, jumladan O‘zbekistondan kelayotgan ishchilarga taalluqli. Ularga patent berish haqiqatan 1 avgustgacha vaqtinchalik to‘xtatildi, dedi Kaliningrad politsiyasi migratsiya bo‘limi boshlig‘i rasmiysi Natalya Laks.
Shunga qaramasdan, politsiya boshqarmasida Kaliningrad hududida xorij grajdanlariga qaydga turish man etilmaganini ham qo‘shimcha qilishdi.
Kaliningrad viloyat hukumatida bu qaror sabablari borasida hozircha biror izoh berilmasligi, chunki unga javob bera oladigan matbuot xizmati vakili “yig‘ilishga ketgani” aytildi.
Jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan bu xabar ortidan Kaliningrad viloyatida nafaqat ish patentlari muddati tugayotgan yoki patent olish uchun kelgan minglab mehnat muhojirlari, balki o‘nlab Rossiya korxonalari va mayda biznesmenlar katta talafot ko‘rishi turgan gap.
Bu haqda Ozodlikka gapirgan “Migranto.ru” portali asoschisi Svetlana Salamova “Nima uchun Kaliningrad hukumati bu yangilikni bir-ikki oy oldin ogohlantirmasdan 5 kun qolganda kichkinagina xabar tarzida saytiga ilib qo‘ygani”dan taajjublanganini aytadi:
- Bir yil ishlab qo‘ygan va patent muhlati tugayotgan muhojirlar qanday qilib patentlarini uzaytira olishlariga boshim qotayapti. Axir ularni ishdan bo‘shatishga to‘g‘ri keladi! Bunday ishlarni kamida 2 oy oldin e’lon qilishlari kerak edi, chunki biznesmenlar tayyorgarligini ko‘rib olishardi. Qonunan bu qarorning qabul qilinishiga e’tiroz yo‘qdir, chunki patentlarni berish-bermaslik viloyat hukumati vakolatidir. Ammo u g‘ayriinsoniydir!
Kaliningrad futbol bo‘yicha Jahon Chempionati tashkilotchilaridan biridir. Va patentlar 1 avgustgacha berilishi to‘xtatilishi aynan shu chempionat bilan bog‘liq ekaniga shubham yo‘q. Ammo tadbirkor ish beruvchilarda minglab savollarga kim javob beradi, dedi Svetlana Salamova.
Huquq faoli bu yangilikdan ko‘plab migratsiya mutaxassislari va inson huquqlari himoyasi tashkilotlari bexabar ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Ozodlik Rossiyaning turli mintaqalarida, xususan futbol bo‘yicha JM-2018 o‘yinlari o‘tkazilayotgan 11 Rossiya shaharlarida migratsiya tartiblari keskinlashtirilgani va politsiya va boshqa davlat organlarinazorati kuchaytirilgani borasida xabar berib kelmoqda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yil, 12 mayda imzolagan 214- qarorga muvofiq, endi chet elliklarga qaydga turish uchun 3 sutka vaqt beriladi: “Registratsiya” qog‘ozini faqat Ichki ishlar bo‘limlari yoki Ko‘p tarmoqli markazlarida (MFTs) olish mumkinligi aytilgandi.
Kuni kecha futbol uyinlari o‘tkazilajak shaharlardagi oliy o‘quv yurtlari va o‘quv muassasalari talabalariga 1 iyunga qadar sessiya imtihonlarini yopib, yotoqxonalarni bo‘shatib qo‘yish va o‘quv muassasasiga kelmaslik buyruq tarzida “tavsiya qilingani” xabari paydo bo‘ldi.
Kaliningrad viloyat migratsiya boshqarmasi boshlig‘i Yelena Aksyonovaga ko‘ra, o‘tgan 2017 yilning birinchi yarmi davomida viloyatda patent rasmiylashtirgan mehnat muhojirlardan 85 foizi - O‘zbekiston grajdanlaridir. Migratsiya boshqarmasi Kaliningradda nolegal holatda ishlayotgan o‘zbek migrantlari soniga oid aniq raqamlarni keltirganicha yo‘q.