Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:28

Samarqandda pishmagan g‘alla uchun safarbarlik e’lon qilindi


Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev g‘alla o‘rimidan o‘n kun oldin safarbarlik e’lon qilib, barcha mas’ullarni dala boshiga haydadi. Hokimlik rasmiylari buni joriy yilda g‘alla kam bo‘lgani sabab bor hosilni nobud qilmasdan tezroq yig‘ishtirib olish harakati sifatida izohlashdi. Joriy yilda yog‘ingarchilik kam bo‘lgani va suv tanqisligi sabab viloyatda g‘alla hosilining o‘tgan yilga nisbatan 35-40 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.

Mas’ullar dala shiyponida yashaydi

3 iyun kuni Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev raisligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida hokimlik va mutasaddi tashkilotlar vakillariga dala shiyponlariga borib joylashish topshirildi.

Bu haqda ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan fermer shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan Ozodlikka ma’lum qildi.

“G‘alla bo‘yicha tungi soat 1 gacha selektor majlisi o‘tkazdi. Hokim barcha mas’ullarning ertadan g‘alla dalalariga ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib borishi shartligini aytdi. “Hammang dala shiyponida yashaysan, mehmonxona yoki birorta uyda yashaganingni ko‘rmay”¸ deb dag‘dag‘a qildi. “Topshiriqlarimni bajarmasang¸ joningni sug‘urib olaman, hech qaysingni ayamayman” deb ochiqchasiga po‘pisa qildi hokim”, dedi yig‘ilishda qatnashgan fermer.

O‘tgan yilgidan farqli bu yil Samarqand viloyatidagi barcha tashkilot rahbarlari o‘z xodimlari bilan birga g‘alla ekilgan hududlarga mas’ul etib tayinlangan.

“Bu yilgi g‘alla o‘rimiga viloyatdagi barcha davlat tashkilotlari bilan birga, nodavlat tashkilotlari ham jalb etilgan. Hatto O‘zbekiston prezidenti 2017 yil 30 iyundagi yoshlar faollari bilan o‘tgan majlisda ta’kidlagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat, tuman bo‘limlari ham fermer xo‘jaliklari va kombaynlarga biriktirildi”, dedi samarqandlik fermer.

Ozodlik 5 iyun kuni bog‘langan Samarqand viloyat hokimligi mulozimi “4 iyundan viloyatda g‘alla safarbarligi e’lon qilingani”ni tasdiqladi.

“Prezidentimiz 29 may kuni o‘tgan yig‘ilishda g‘alla hosilini nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatda yig‘ishtirib olishni topshirdi. Shu bois¸ barcha mutasaddi tashkilotlarga safarlik e’lon qilindi. Agar lozim bo‘lsa, dala shiyponida ham, dala boshida ham uxlaymiz”, dedi mulozim.

Pishmagan g‘allaga safarbarlik

Ozodlik suhbatlashgan samarqandlik fermerlar bunday misli ko‘rilmagan safarbarlikning bug‘doy pishib etilishidan 10-15 kun oldin boshlanganini aytadilar.

“Bu yil bahor salqin va quruq keldi, g‘alladan kutilayotgan hosil avvalgi yilday emas. Undan keyin hozir Samarqandda havo harorati 22-26 daraja issiq xolos. G‘alla hali sarg‘aygani yo‘q yam- yashil. Taxminan 10-15 kundan keyin tayyor bo‘ladi, agar o‘shanda ham havo isib ketsa”, deydi kattaqo‘rg‘onlik fermer.

Samarqanddagi pishmagan g‘alla dalasi. Surat 4 iyun kuni olingan.
Samarqanddagi pishmagan g‘alla dalasi. Surat 4 iyun kuni olingan.

Suv bo‘lmadi, hosil kam bo‘ldi

Ishtixonlik fermerga ko‘ra, joriy yilda yog‘ingarchilik kam bo‘lgani bois suv tanqisligi kuzatilgan va bu bug‘doy hosiliga salbiy ta’sir qilgan.

“Bir-ikki marta yomg‘ir yog‘di¸ xolos. Suv umuman bo‘lmadi. Hozir ham ariqlarimiz qurib yotibdi. Bug‘doy hosili¸taxminimizcha, 35-40 foizga kam bo‘ladi. Dalani ko‘rsangiz¸ bug‘doy tizzadan ham kelmaydi”, dedi ishtixonlik fermer.

Viloyat hokimligi mulozimi ham joriy yilda yog‘ingarchilikning nisbatan kam bo‘lgani va oqibatda suv tanqisligi yuzaga kelganini e’tirof etdi. Shu sabab¸ Ozodlik suhbatlashgan mulozim¸ viloyatda joriy yil takroriy ekinlar ekish maydonining 42 ming gektarga qisqartirilishini qo‘shimcha qildi.

Bu yil fermer uyiga g‘alla ololmaydi

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy fermerlarning aytishicha¸ Samarqand viloyat hokimi Jo‘raev 28 may kuni o‘tgan yig‘ilishda ham g‘alla o‘rimi mavzusiga to‘xtalib, joriy yilda fermer g‘alla rejasini bajarsa ham, unga bug‘doy qoldirilmasligi haqida topshiriq bergan.

“Hokim “Bu yil g‘alla hosili ko‘ngildagidek emas, plan bajarilsa katta gap, birorta fermerga bir gramm ham g‘alla berilmaydi. Hammang qulog‘ingga quyib ol. Birorta fermer uyiga g‘alla olib kirganinini eshitmay. Bu yil fermerga g‘alla yo‘q. Agar ortig‘i bilan bajarib qo‘ygan bo‘lsa ham, tuman bajarolmaydi, o‘shanga topshiradi. Bajarmaganini bajartirasan, men bilmayman! Planni bajargan- bajarmaganinga qarab, sani keyin ishda qolish-qolmasligingni hal qilaman”¸ dedi hokim”, deydi yig‘ilishda ishtirok etgan samarqandlik fermer.

XS
SM
MD
LG