Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:40

Marsda qadimiy organik birikmalar topildi


NASAning (AQSh Aeronavtika va kosmik tadqiqotlar milliy agentligi) Curiosity marsoxodi sayyorada 3 milliard yoshdagi cho‘kindi toshlarda organik molekulalar topdi.

Bu esa Qizil sayyorada yashash sharoiti hamda hayot izlarini saqlanib qolgan bo‘lishi mumkinligidan darak beradi.

Mars yuzasi sharoiti o‘ta keskin bo‘lib, u yerda organik molekulalar osonlikcha parchalanib ketadi.

NASAning Goddard Fazoga uchish markazi xodimi Jen Eygenbroud:

- Mars yuzasiga fazodan radiatsiya kelib turadi va u yerdagi kimyoviy moddalar organik moddalarni parchalaydi. Shunday ekan, yuqori besh santimetr qatlamda Marsda hayot bo‘lishi mumkin bo‘lgan paytdan qolgan qadimiy organik molekulalar topilgani chuqurroq qaziydigan kelajak missiyalar yordamida Marsdagi organik molekulalar tarixini o‘rganishimiz uchun yaxshi yangilikdir, - dedi.

Organik birikmalar va hayot o‘rtasida kuchli bog‘liqlik bor, ammo bu kabi birikmalar biologik bo‘lmagan jarayonlar natijasida ham hosil bo‘la oladi.

Eygenbroudning aytishicha, Curiosity o‘zi aniqlagan materiallar Marsdagi qadimiy hayot qoldiqlari ekanligi yoki yo‘qligini aniqlay olmaydi.

Marsoxod topgan toshlardagi organik molekulalarni o‘rganish uchun ularni 500-800 darajagacha isitish kerak. Bunday yuqori haroratlarda organik molekulalar bug‘lanib chiqadi.Yerga Marsdan kelgan meteorlar ham aynan shu yo‘l bilan o‘rganiladi.

Curiosity Marsning Uchqir tog‘i etagidagi to‘rt yerda cho‘kindi toshlarni teshgan.

Marsning hozirgi yuzasi hayot uchun noqulay bo‘lsa-da, uzoq o‘tmishda sayyorada suyuq suv mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi dalillar bor.

Curiosity analizlari milliardlab yil oldin Marsning Geyl krateridagi ko‘lda kimyoviy birikmalar, energiya manbalari hamda suyuq suv kabi hayot uchun muhim unsurlar bor bo‘lganini ko‘rsatadi.

Mars Ilmiy laboratoriyasi missiyasi olimi Maykl Meyer:

Sayyorada qadimiy uglerod topilgani NASAning 2020 yil sayyoraga yuboriladigan yangi marsoxodi hamda Yevropa fazo agentligining ExoMars marsoxodi yanada ko‘proq organik modda topishi ehtimoli yuqori ekanligini anglatadi, - dedi.

XS
SM
MD
LG