Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:27

Toshkentda militsiya xodimlari ko‘cha supurayapti


Suratda Shayxontohur tuman IIB qo‘riqlash xizmati xodimlari ko‘cha tozalayapti.
Suratda Shayxontohur tuman IIB qo‘riqlash xizmati xodimlari ko‘cha tozalayapti.

Toshkent shahar Shayxontohur tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari majburiy ravishda obodonlashtirish ishlariga chiqarilayotganidan shikoyat qildi. Ozodlikka bog‘langan militsionerlarga ko‘ra, bir oydan buyon bo‘lim xodimlari ish payti ko‘cha supirish va tozalash ishlariga jalb qilinmoqda. Tuman IIB rahbarlari bo‘lim xodimlarining ko‘cha tozalashga chiqarilayotganini tasdiqladi.

“Farroshga aylangan melisalar”

Ozodlikka bog‘langan Shayxontohur tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimiga ko‘ra, bir oydan buyon bo‘limning serjant va safdorlari “Obinazir” mahallasini tozalash ishlariga majburiy tarzda olib chiqilmoqda.

“ROVD xodimlari hamda qo‘riqlash xizmati va yong‘in xavfsizligi bo‘limining serjant va safdorlari bir oydan buyon har kuni uborkaga chiqarilayapti. Faqat yoshi 40dan oshganlar chiqmayapti. Bir kunda 30 kishi smenaga tushadi. Shundan 10 kishi uborkaga chiqadi. Ertalab soat 8 da razvod bo‘ladi. Razvoddan keyin formani yechib, grajdanskiy kiyimda uborkaga ketamiz. Qo‘limizga belkurak bilan ketmon berishgan. O‘tlarni chopayapmiz. Qurib qolgan daraxtlar bo‘lsa, kesayapmiz. Garajlarni buzayapmiz. Dardimizni kimga aytishni bilmayapmiz. Yordam bering”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan militsiya xodimi.

“Ro‘zador melisalar qiynalayapti”

Ozodlik suhbatlashgan yana bir militsionerga ko‘ra, Shayxontohur tuman IIB xodimlari tozalash ishlariga chiqarilayotgani sabab ular 34-35 soatlab uyiga bormayapti.

“Biz smenani ertalab soat 10 da almashtirishimiz kerak. Ishimiz 24 soatlik. Soat 10 da smenada turganlar almashib, uyiga ketishi kerak. Lekin smenaga kelganlarni uborkaga chiqarib yuborayapti. Shu bois kechki soat 8-10 gacha qolib ketayapmiz. Bu degani 35 soat ishlayapmiz. Chunki smenaga kelishi kerak bo‘lgan bolalar ko‘cha supirayapti. Shu uborka boshlanganidan buyon smena ertalab emas, har kuni shom payti almashayapti. Ko‘cha supirishga chiqarilgan hamkasblarim orasida ro‘za tutganlar bor. Ro‘zadorlar ham issiqda ko‘cha supirayapti. Ular ham rosa qiynalishayotganini aytishayapti”, deydi ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan gapirgan militsioner.

“Dardimizni hech kim eshitmayapti”

Ozodlikka bog‘langan militsiya xodimlariga ko‘ra, ular majburiy mehnatga jalb qilinganlaridan yuqori tashkilotlarga shikoyat qilishgan, biroq hech qanday natija bo‘lmagan.

“Uborka qilayotgan joyimizga biror rahbar kelib qolsa, bizni mardikorlar sifatida tanishtirishayapti. Dardimizni hech kim eshitmayapti. Shahar boshlig‘iga shikoyat qildik. O‘rganib ko‘ramiz deyishdi. Biroq 5 kun bo‘ldi, hech qanday natija yo‘q”, deydi militsoner yigit.

Militsiya boshlig‘i: Bitta biz emas, boshqa idoralar ham tozalayapti

Shayxontohur tuman IIB rahbarlari bo‘lim xodimlarining ko‘cha tozalashga chiqarilayotganini tasdiqlashdi.

“Biz “Obod mahalla” dasturi doirasida “Obinazir” mahallasida ishlayapmiz. Obodonlashtirish ishlari bilan shug‘ullanayapmiz. Obod qilish, bu prezident siyosati-ku! Qaror qabul qilindi. Shu asosda hamma tashkilot shu “Obod mahalla” bo‘yicha ishlayapti. Bitta militsiya emas, sog‘liqni saqlash bor, hamma tashkilot o‘sha yerda. Hamma birgalikda “Obod mahalla” qilayapmiz”, dedi Ozodlik bog‘langan IIB podpolkovnigi bo‘lgan mulozim.

Toshkentning boshqa hududlarida ham militsiya xodimlari obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotgani yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga bog‘landik.

Boshqarmaning Axborot multimedia markazi boshlig‘i Baxtiyor Inog‘omov bilan ilk bog‘langanimizda, u savollarimizni o‘rganib ko‘rib, keyin javob berishini aytdi. Biroq keyingi qo‘ng‘iroqlarimizda telefon go‘shagini ko‘tarmadi.

Prezident Mirziyoevning joriy yil 29 martdagi farmoniga ko‘ra, Toshkent shahridagi 44 mahalla “Obod mahalla” dasturi doirasida obodonlashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 10 mayida “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli qarorni qabul qilingan.

Ammo bunday choralarga qaramay O‘zbekistonda vatandoshlar, xususan, byudjet tashkilotlari xodimlari majburiy mehnatga jalb etilayotgani borasida Ozodlikka tez-tez shikoyat xatlari kelib turadi.

XS
SM
MD
LG