Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:30

Rossiyadagi chempionat ochilishiga faqat MDH va Lotin Amerikasi rahbarlari keladi


Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga 14 iyun kuni ochilishi kutilayotgan Futbol bo‘yicha jahon chempionatiga 17 mamlakat rahbari kelishini e’lon qildi. Ro‘yxatda asosan MDH va Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari nomlari keltirildi. Ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Dmitriy Peskov JCh-2018 ochilish marosimiga kelayotgan davlat rahbarlari ismlarini ochiqladi. Jurnalistlar oldida bu haqda gapirgan Dmitriy Peskov Vladimir Putin ularning ayrimlari bilan alohida uchrashishini ham aytdi.

- Bugun (13 iyun kuni) Putin Ozarbayjon prezidenti (Ilhom Aliev), Ruanda (Pol Kagame), Boliviya (Evo Morales) prezidentlari, shuningdek, Livan (Saad Hariri) va Armaniston (Nikol Pashinyan) bosh vazirlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazadi, dedi Kreml rasmiysi.

Dmitriy Peskov Moskva Futbol bo‘yicha jahon chempionati ochilishi marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etishini ham bildirdi.

Matbuot xizmati jurnalistlarga e’lon qilgan ro‘yxatga ko‘ra, Moskvaga quyidagi davlat rahbarlari ham keladi:

Qozog‘iston— Nursulton Nazarboev,

Belarus — Aleksandr Lukashenko,

Qirg‘iziston — Sooronbay Jeenbekov,

Moldaviya — Igor Dodon,

Panama — Xuan Karlos Varela,

Tojikiston — Emomali Rahmon,

Paragvay - Mario Abdo Benites.

Bulardan tashqari, Dmitriy Peskovga ko‘ra, ochilish marosimiga Saudiya Arabistoni taxt vorisi shahzoda Muhammad ibn Salmon al-Saud, Shimoliy Koreya respublikasi Oliy xalq yig‘ini raisi Kim Yon Namlar tashrif buyuradi. Rossiya prezidenti matbuot xizmati 14 iyundan 15 iyulga qadar davom etishi rejalashtirilgan bir oylik final bahslari davomida o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlashga yana bir nechta davlat rahbari kelishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Rossiyada o‘tkaziluvchi eng nufuzli futbol musobaqasiga birorta G‘arb davlati yoki “Katta 7lik”, “Katta 20”lik davlat yetakchilari kelmayotgani chempionatga tayyorgarlikni kuzatib borayotgan jurnalistlar e’tiboridan chetda qolmadi.

Rassom Andriy Yermolenkoning siyosiy karikaturasi
Rassom Andriy Yermolenkoning siyosiy karikaturasi

JCh-2018 turniri tashkiliy qo‘mitasi rahbari Aleksey Sorokin chempionat tayyorgarligiga allaqachon 678 milliard rubl (~10 mlrd. AQSh dollari) miqdorida mablag‘ sarflangani va keyingi bir oy davomida yana harajatlar bo‘lishini bildirdi.

- Bu pulning yarmini biz transportga sarfladik, dedi chempionatga chiqarilgan chiptalar deyarli hammasi sotib bo‘linganini ham bildirgan Aleksey Sorokin. U bu musobaqa “tarixda eng qimmat baholangan chempionat bo‘lishi” to‘g‘risidagi gaplarga ishonmaslikka chaqirdi.

Jahonning rivojlangan davlatlari va Rossiya o‘rtasida davom etayotgan sovuqchilikka izoh bergan Vladimir Putin “Rossiya G8-dan chiqqani yo‘q, ular o‘zlari Rossiyaga kelishdan bosh tortdi”, dedi.

- Rossiyaning “yettilik”, “sakkizlik”ka qaytish masalasida: biz ulardan chiqqanimiz yo‘q. Hamkasblarimiz ma’lum sabablarga ko‘ra Rossiyaga kelishdan o‘zlari voz kechishdi. Marhamat, biz Moskvada hammani ko‘rishdan xursand bo‘lamiz, dedi Vladimir Putin.

Ayni damda, Rossiyadagi chempionatni boykot qilgan yana bir davlat - Buyuk Britaniya jamoatchiligi ochilish marosimida qo‘shiq kuylashini bildirgan taniqli ingliz xonandasi Robbi Uilyamsni “Putinning sharmandalarcha rejimiga” pul ishlash uchun xizmat qiluvchi “xoin”ga chiqardi.Buyuk Britaniya hukumati Rossiyadagi JCh-2018-ga rasman boykot e’lon qilishi ortidan Islandiya, Polsha, Ukraina ham bu aksiyaga qo‘shildi. Bundan oldinroq, Avstraliya hukumat rahbariyati Rossiyada o‘tkazilajak chempionatiga kelmasligini e’lon qilgan edi.

Musobaqani boykot qilish masalasi Yevropa parlamentida ham muhokama qilingani xabari tarqalgandi.

Rossiyadagi futbol chempionatiga qatnashmaslikka ko‘plab xalqaro huquq himoyasi, jumladan Human Rights Watch, tashkilotlari da’vat etdi. Boykotga qo‘shilgan tashkilotlar va davlatlar Rossiyani inson haqlari toptalishi, “Skripallar ishi”, Donbassdagi qonli mojaro, Qrim anneksiyasi, Malayziya uchog‘ining urib tushirilishi, Suriyadagi urush va doping-mojaroda ayblayotgani ma’lum.

10 iyun kuni Germaniya kantsleri Angela Merkel ARD nashriga bergan intervьyusida futbolni sevishi, ammo hozirgi vaziyatda uning chempionatga borishi “ayrim tortishuvlarni keltirib chiqarishi mumkinligi”dan ogohlantirdi.

Biroq, Merkel o‘z terma jamoasini borib qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini bildirdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, aksincha, Rossiyadagi mundialga borishini inkor etmadi.

Faqat ochilish marosimiga emas.

Eslatib o‘tamiz, 21 marotaba o‘tkazilishi kutilayotgan futbol bo‘yicha Jahon birinchiligi 14 iyun kuni Moskvada “Lujniki” stadionida Moskva vaqti bilan soat 18:00da ochiladi.

XS
SM
MD
LG