Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:31

Rossiyaga ishga yollangan muhojir sudlangani uchun ishga joylasha olmayapti


O‘zbek ishchilarining Kaliningraddagi yotoqxonasidagi manzara
O‘zbek ishchilarining Kaliningraddagi yotoqxonasidagi manzara

Rossiyaning Kaliningrad shahridan Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbekistonlik Sayfullo Bektoshev Rossiyaga O‘zbekiston Mehnat vazirligi tomonidan ishga yollanib kelgan esa-da, bir necha oydan buyon ishga rasman joylasha olmayotganidan shikoyat qildi.

Muhojir yigitning ishchilarga maoshi to‘liq berilmayotgani va hujjatlari tortib olingani haqidagi iddaolarini rad qilgan O‘zbekiston Mehnat vazirligi mutassadisi va kaliningradlik ish beruvchi muammo muhojirning o‘zida ekanini ta’kidlamoqda.

Ozodlikka Kaliningrad shahridan murojaat qilgan 31 yashar buxorolik Sayfullo Bektoshev O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan ishga yollangani va shu yilning 15 aprelidan buyon O‘zbekistonda qolgan oilasiga biror so‘m jo‘nata olmaganini aytdi.

Kaliningradga Buxoroning Olot tumanidan kelgan Sayfullo yaqinda qamoqdan chiqqani va O‘zbekistonda ish topa olmagani sababli mehnat muhojirligiga yollanishga majbur bo‘lganini so‘zladi:

- Bu yoqqa biz Buxoro migratsiya bo‘limi orqali keldik. Birinchi partiyada 23 kishi, keyingisida yana 18 kishi keldi. Hozir yana 30 kishi olib keladi. Aka, bu yerga olib kelgani bilan ishning o‘zi yo‘q. Ish topib bergan taqdirda ham, bu yerda kelganlarning bir tiyin puli yo‘q – dokumentlarini qilib bergani uchun 32-33 ming rubl ushlab qoladi. 15 aprelda kelgan bo‘lsak, hozirgacha uyga bir so‘m pul jo‘nata olmadik. Avans so‘rasak, 500-1000 rubl beradi – u hech narsaga yetmaydi. Oylikni esa bir oyga kechiktirib beradi, - deydi Sayfullo.

U bir guruh boshqa o‘zbekistonlik muhojirlar bilan birga Kaliningradning “Produkti pitaniya Kombinat” ("Oziq-ovqat mahsulotlari Kombinat”) korxonasida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelayotganini ma’lum qildi.

Muhojirning aytishicha, ular 20-21 ming rubl oyiga maosh olishadi.

Sayfullo ish beruvchi tashkilot mutasaddilari unga ishga ruxsatnoma bermayotganidan arz qildi.

- Men qamoqdan UDO (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish-tahr.) bo‘yicha chiqqanimdan keyin ish topolmay, bu yerga ish izlab keldim. Bu yerdagi brigadirimiz Botir “3 oy dokument pulini ishlaganingdan keyin O‘zbekistonga ketasan”, deb aytyapti. O‘zbekistonga ketishga esa bir tiyin pulim yo‘q! 35 ming dokument qarzni to‘laysan deyapti. “Patentni olmasam, qanday to‘layman?”, dedim. Men hozir noqonuniy ishlab kelayapman, - deydi Sayfullo.

U kombinatda 30 kundan 4 kun dam oladigan o‘zbeklar 26 kun ishlashi, ammo 15 kun ishlovchi mahalliylardan 1,5 barobar kam haq olishi, bunday sharoitda ishlashni istamayotgan o‘zbekistonliklardan pasport hujjatlari tortib olingani, ular “qullik sharoitlarida ushlab turilgani” va “oyliklar kechiktirilib berilayotganini” iddao qildi.

Sayfullo Bektoshev aprel-may oylari uchun maosh olmaganini aytdi.

Lekin, "Produkti pitaniya" kombinatiga ishchilarni O‘zbekistondan keltirib, ish bilan ta’minlagan hamda ularning yurish-turishi va mehnat faoliyatini nazorat qiluvchi va o‘zini Abgor deb tanishtirgan shirkat rahbari Ozodlik bilan suhbatda Sayfullo keltirgan vaj va iddaolarni qat’iyan rad etdi:

- Bu g‘irt yolg‘on! Shahrimizda chempionat ketyapti va har bir qadamda politsiya tekshiruvi. Shu sababli har birining hujjati o‘zida. Maosh ushlab qolinishi masalasida: har bir ishlab chiqarish zavodidagidek, bizning zavodlarimizda ham odamlarning bir oy mehnatidan keyin hisob-kitob qilinadi. Men nazorat qilayotgan zavodda 110 o‘zbek ishlaydi. Jami bizda 258 nafar O‘zbekiston vatandoshi ishlab kelmoqda. Buncha odamga maosh hisoblash, pul o‘tkazish, bank hisob-kitobi – shularni hisobga olib keyingi oyning 25 sanasiga cho‘zilib ketayapti maosh berish, - dedi rossiyalik Abgor.

U barcha qo‘shimcha to‘lovlar “Produkti pitaniya” kombinati tarafidan qoplanayotganini qo‘shimcha qildi.

- Yashash, ish joyiga olib boruvchi avtobus, ikki mahal ovqatlanishi bepul, patent to‘lovini tashkilotimiz amalga oshiradi. Sayfullo masalasida esa – uning sudlangani va shartli ravishda ozod etilgani tufayli, jazo muddati to‘liq tugatilgan sanalmaydi va qonunlarimiz bo‘yicha uni ishga qabul qila olmaymiz. Buni unga ishga yollagan tashkilot tushuntirishi kerak edi, - dedi familiyasini bildirishni istamagan korxona vakili.

Korxona vakili har bir noqonuniy ishlagan shaxs uchun Rossiyada katta jarima solinishi va ular bu masalada Sayfullo Bektoshevga yordam bera olmasligini ma’lum qildi.

Ozodlik og‘ir vaziyatda qolgan buxorolik muhojir masalasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Buxoro viloyat boshqarmasi rahbari Anvar Hamdamovga murojaat qildi.

Agentlik vakili o‘zbekistonlik ishchilar hol-ahvoli borasida doimo boxabar bo‘lib turgani va vaziyat Sayfullo aytganidek og‘ir emasligini bildirdi. Anvarning so‘zlariga ko‘ra, ishchilarni yollashda ishlab chiqarish korxonasi bilan Migratsiya agentligi o‘rtasida kadrlar agentligi vositachilik qilib keladi.

- Ular tanlab olish paytida o‘zlari Buxoroga kelgan va oyliklar biroz kechikadi, deb aytilgan. Zavod katta. Men ko‘pchilik bilan gaplashib turibman “Yaxshi!”, deyapti. 3-4 kishi norozi bo‘lishi mumkin. Ularga 25-30 mingdan patent qilib berilayapti. 1-2 oy davomida oyligidan saqlanayapti. Ular u yerda tovuqni qayta ishlaydi, konserva sexida va boshqa oziq-ovqat ishlab chiqaradi. Biznikilar oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi. Tovuqda ishlaydiganlarning yotoqxonasi ham, obed-poldnigi bepul. 4 ming rubllik oylik patentlarini ham o‘zlari to‘layapti. Biznikilar panika qilyapti: pasportlarini ham hech kim tortib olgani yo‘q. Sayfullo masalasida esa uning 2020 yilgacha sudlanganligi bor ekan. Shu sababli chempionat tugaguncha uning masalasi hal bo‘ladi, - dedi Buxoro viloyat bo‘limi boshlig‘i Anvar Hamdamov.

U yuzaga kelgan muammo yuzasidan ish beruvchi bilan yana bir marta suhbatlashib ko‘rishga va’da qildi.

Mehnat vazirligi xodimi Sayfullo Bektoshev masalasida ish beruvchi, kadrlar agentligi mutasaddilari bilan muzokaralar davom etayotgani va u ijobiy yakunlanishiga ishonch borligini ma’lum qildi.

Ozodlik O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Rossiyada ishga yollangan o‘zbekistonlik ishchilarning og‘ir vaziyatga tushib qolgani holatlari borasida oldin ham xabar bergan.

Ayni paytda, Kaliningrad prokuraturasi mintaqada yettita korxona mehnat muhojirlari huquqlarini poymol qilib kelganini aniqlagani xabari chiqdi.

“Stroytorg” MChJsi, «StroyRezerv» MChJsi, “Grand-Leon” MChJsi, “Marshrutnoe taksi” MChJsi, IP Skiba XKsi, “BALT-Ekologiya plyus” MChJsi i “Baltikbeg”» MChJsi rahbariyati ma’muriy javobgarlikka tortilgani va mazkur qonunbuzarliklar bartaraf etilishi talabi qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG