Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:23

JCh-2018: Rossiya chempionatdan chiqdi, ammo jamoa olqishlarga ko‘mildi


Rossiya Xorvatiyaga yutqazib, o‘z yurtida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib bo‘lish imkoniyatidan ayrildi. Ammo, Rossiya siyosatchilari, fuqarolar va hatto, taniqli muxolifatchilar rus terma jamoasi mahoratini olqishlamoqda.

8 iyul kuni prezident Vladimir Putin Rossiya terma jamoasi Xorvatiyaga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, jamoa bilan faxrlanishini aytdi.

Sochidagi “Fisht” stadionida 7 iyul kuni bo‘lib o‘tgan o‘yin asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarda 2:2 hisobi bilan yakunlandi. Buning ortidan penaltilar seriyasida Xorvatiya 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin matchni televidenie orqali tomosha qilgani, rossiyalik o‘yinchilar yutqizgan bo‘lishiga qaramay, ularni “qahramonlar” deb hisoblashini aytdi.

“Interfaks” agentligi e’lon qilgan maqolada yozilishicha, Peskov:

- Prezident [matchni] ko‘rdi. Jamoani qo‘lladi. Haqqoniy va ajoyib o‘yinda mag‘lub bo‘ldik. Biz ularni baribir ajoyib yigitlar, qahramonlar deb bilamiz. Stadionda borlarini berishdi. Ular bilan faxrlanamiz, - degan.

Rossiya terma jamoasi a’zolari esa chempionatni “ko‘zimizda yosh bilan, ammo qaddimiz tik holda tark etyapmiz”, dedi.

Terma jamoa Twitterda o‘z muxlislariga minnatdorchilik bildirdi:

"Jahon chempionati davomida bizga baxshida qilgan samimiy, haqiqiy his-tuyg‘ular uchun rahmat. Bizga ishonganingiz uchun rahmat. Hammasi uchun rahmat! Siz jahondagi eng ajoyib muxlislarsiz!"

Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Stanislav Chercheshov esa:

- Bizda bu chempionatda g‘olib bo‘lish imkoni yo‘q endi va bu, tabiiyki, achinarli holat. Ammo biz o‘zimizni ko‘rsatdik, - dedi.

Mutaxassislar Rossiya chempionatda yaxshi natija ko‘rsata olmasligini bashorat qilgan edi. Chempionat boshlanishidan oldin Rossiya terma jamoasi FIFA reytingida 70-pog‘onada edi.

Endi Xorvatiya terma jamoasi 11 iyul kuni Moskvadagi “Lujniki” stadionida chempionat yarim finalida Angliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. 10 iyul kuni esa Belgiya Sankt-Peterburgda Fransiya bilan bellashadi.

Muxolifatchi Aleksey Navalniy ham Rossiya terma jamoasini yaxshi o‘yin ko‘rsatgani uchun olqishladi.

Muxolifatchi Twitterda: "Bu achinarli hol, ammo o‘yin ajoyib bo‘ldi. Mamlakatamiz milliy terma jamoamiz bilan faxrlanadi. Bir vaqtning o‘zini millionlab odam “Rossiya!” deya hayqirgani uchun rahmat, yigitlar!" deb yozdi.

1 iyul kuni chempionatining 1/8 finalida Rossiya FIFA reytingida 10 o‘rinda turgan Ispaniyani mag‘lub etgan edi. Uchrashuvning asosiy vaqtida kuchlar 1:1 hisobi bilan teng keldi va g‘olib penaltilar seriyasida aniqlandi: 4-3.

Kechagi o‘yinda Rossiya mag‘lub bo‘lishi ortidan rus futbol muxlislari ko‘chalarga chiqib, “Rossiya!” deya hayqirdi va jamoaga qizg‘in o‘yin uchun minnatdorchilik bildirdi.

Xorvatiyada esa poytaxt Zagrebda 15 mingga yaqin odam shahar maydonida to‘planib, tarixiy g‘alabani nishonladi.

XS
SM
MD
LG