Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:31

O‘zbek telekanallaridagi ayrim diniy ko‘rsatuvlar to‘xtatildi


"Madaniyat va ma’rifat" telekanalidagi "Oltin silsila" ko‘rsatuvi ham 3 haftadan beri efirga berilmayapti
"Madaniyat va ma’rifat" telekanalidagi "Oltin silsila" ko‘rsatuvi ham 3 haftadan beri efirga berilmayapti

Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonlik yuzerlar orasida O‘zbekiston telekanallaridagi qator diniy ko‘rsatuvlarning to‘xtatilgani bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda.

Bu munozaraga munosabat bildirgan MTRK mas’ullari, Ozodlik bilan 12 iyul kungi suhbatda "diniy ko‘rsatuvlarning davriy bo‘lgani uchun to‘xtatilganini" bildirdi.

Diniy mazmundagi ko‘rsatuvlar eng ko‘p namoyish qilib kelingan “Madaniyat va ma’rifat” telekanalidagi kamida oltita diniy ko‘rsatuv 25 iyundan buyon efirga chiqarilmayapti.

Jumladan, joriy yil mart oyidan buyon har chorshanba kuni efirga uzatilib kelingan “Qur’oni karimni o‘rganamiz” ko‘rsatuvi so‘nggi uch haftada namoyish qilinmadi. Ushbu ko‘rsatuvning Youtubega joylangan sonlarining ko‘pchiligi ham o‘chirib tashlandi.

Diniy ko‘rsatuvlar to‘xtatilgani ijtimoiy tarmoqlardagi muayyan guruhlar e’tiroziga sabab bo‘lgani kuzatilmoqda.

Jumladan, Facebook foydalanuvchilaridan biri 9 iyul kuni ketma- ket uchinchi hafta "Madaniyat va ma’rifat" telekanali efirida diniy- ma’rifiy ko‘rsatuvlar yo‘qolganiga" hech qanday izoh berilmaganini tanqid qildi.

Ozodlik bog‘langan “Madaniyat va ma’rifat” telekanali mas’ullaridan biriga ko‘ra, diniy mazmundagi ko‘rsatuvlarni namoyish qilmaslik, umuman dindorlarni ko‘rsatuvlarga taklif qilmaslik borasida yuqoridan ko‘rsatma berilgan.

“Diniy ko‘rsatuvlar to‘xtatilgan, soqolli odamlar chiqarilmayapti. Imom domlalar birorta ko‘rsatuvga taklif etilmaydigan bo‘ldi”, dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan telekanal mas’uli.

Ozodlik mazkur telekanalning Facebookdagi rasmiy sahifasida diniy ko‘rsatuvlar yopilgani bilan bog‘liq qoldirgan savollariga quyidagi javobni oldi:

“MTRK tizimida tayyorlanib, efirga uzatib kelingan, diniy-ma’rifiy mazmundagi ko‘rsatuvlarni yanada takomillashtirish, tayyorlash uchun sarflanadigan resurslarni birlashtirish orqali rivojlantirish, g‘oyaviy-mazmuniy saviyasini yanada oshirish, bu ko‘rsatuvlarda ishtirok etadigan soha mutaxassislarining chiqishlari takrorini oldini olish maqsadida, "O‘zbekiston" telekanalining "Hidoyat sari" va "Ziyo" ko‘rsatuvlariga barcha imkoniyatlar safarbar etilishiga kelishildi”, deyiladi telekanalning Facebookdagi sahifasi orqali jo‘natilgan ma’lumotda.

Ozodlikning “Endilikda MTRKda faqat “Hidoyat sari” bilan “Ziyo” ko‘rsatuvlari qoladimi”, degan savoliga “Madaniyat va ma’rifat” telekanali mas’uli tasdiq javobi berdi.

MTRKning Ozodlik bog‘langan mas’uli "Madaniyat va ma’rifat" telekanalidagi diniy ko‘rsatuvlar to‘xtatilganiga boshqacha izoh berdi.

"Bu ko‘rsatuvlar boshidan davriy ko‘rsatuv shaklida bo‘lgan. Ularga belgilangan muddat tugagani uchun hozir ko‘rsatuvlar to‘xtadi. Bu ko‘rsatuvlar efirga berilmasidan avval davriy ko‘rinishda bo‘lishiga qaror qilingan. Rejaga ko‘ra, ko‘rsatuvlar barchasi davriy bo‘lgan. Hech narsa o‘zgarmadi. Oldindan diniy ko‘rsatuvlar "O‘zbekiston" telekanali orqali berib kelingan. Hozir ham shunaqa, shu telekanal orqali diniy ko‘rsatuvlar namoyish qilinayapti", dedi ismi ochiqlanishini istamagan MTRK mas’uli.

O‘zbekiston telekanalida ishlaydigan jurnalistlardan biri iddaosiga ko‘ra, diniy mazmundagi ko‘rsatuvlarni to‘xtatish haqida shaxsan O‘zbekiston prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov tomonidan ko‘rsatma berilgan.

“Yaqinda bir guruh jurnalist Xitoyda bo‘lib qaytdi. “Axborot” komandasidan yettita reportaj yuborgan ekan, shundan beshtasini berishmapti. Sababi soqollilar bor ekan intervyu berganlar orasida. Hozir soqolga qattiq senzura bor TVda, ayniqsa, "O‘zbekiston 24" va “Axborot”da”, deb iddao qildi telekanal jurnalisti.

Keyingi bir yil davomida aksar telekanallar, jumladan, “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida diniy mazmundagi ko‘rsatuvlar sonining ko‘paygani kuzatilgan edi.

Xususan¸ O‘zbekiston Musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda tayyorlangan “So‘ragan edingiz” ko‘rsatuvi yoki Hadislarga sharh beriladigan “Oltin silsila” ko‘rsatuvlari muntazam namoyish qilib kelindi.

Yaqinda Toshkent shahar bosh imom-xatibligiga tayinlangan shayx Abdulaziz Mansurning “Bitiklar mutolaasi” ko‘rsatuvi ham “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida muntazam efirga berib kelingan. Shayx Abdulaziz Mansur Ozodlik bilan suhbatda ko‘rsatuvining namoyishi to‘xtatilganini shunday izohladi:

- “Bitiklar mutolaasi” degan dasturda arab xatlarini yozishni o‘rgatishni boshlagandim. Shuning bir turkumini tugatdim. O‘zim to‘xtadim. Endi ikkinchisini tayyorlab, yana boshlayman. O‘zi bu uch qism, bir qismi tugadi. Endi ikkinchi qismini tayyorlayapman. Keyin uchinchi qismi bo‘ladi... Ko‘rsatuvni o‘zim to‘xtatdim. Hozir ishimiz ko‘payib ketdi. Shuning uchun to‘xtab qoldi,- dedi 12 iyul kuni shayx Abulaziz Mansur.

Shayx Abdulaziz Mansur bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Телеканалдаги кўрсатувимни ўзим тўхтатдим
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:26 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG