Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:34

Rossiya qamog‘ida ochlik e’lon qilgan o‘zbekistonlik ishini O‘zbekiston elchixonasi o‘z nazoratiga oldi


Ma’ruf Shakarov yoshligidan aviatsiyaga qiziqadi
Ma’ruf Shakarov yoshligidan aviatsiyaga qiziqadi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Moskvadagi o‘zbek konsulligi va parlament deputatlari Moskvadagi qamoqxonada ochlik e’lon qilgani aytilayotgan o‘zbek muhojiri ishini o‘z nazoratiga oldi. Narkotik modda saqlaganlikda ayblanib qamalgan 21 yashar toshkentlik Ma’rufjon Shakarov Moskvaga uchuvchilikka o‘qishga kelgani aytilmoqda.

Elchixona ochlik e’lon qilgan muhojir ishi bilan shug‘ullanmoqda

O‘zbekiston elchixonasi 1996 yilda tug‘ilgan Ma’rufjon Zohid o‘g‘li Shakarovga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishni boshladi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida paydo bo‘lgan xabarda bunday deyiladi:

"2018 yilning 14 iyul kuni Elchixona konsullik bo‘limining Moskva sh. 1-Tergov izolyatori rahbariyati bilan telefon orqali suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, M.Shakarov ochlik e’lon qilgan va shu sababli, qabul qilingan qoidaga binoan, tunu kun videokuzatish o‘rnatilgan yakka kameraga o‘tkazilgan. Tergov izolyatori rahbariyati u bilan suhbatlashmoqda, doimiy vrach nazoratida... Yaqin orada M.Shakarovning onasi va xolasiga u bilan uchrashishga izn beriladi", deyiladi O‘zbekiston TIV rasmiy xabarida.

Bu ish konsullikning maxsus nazoratiga olingani ham aytildi.

O‘zbek muhojiri himoyasiga Oliy Majlisning ayrim deputatlari ham qiziqish bildirdi.

Parlament vakili Alisher Qodirov o‘zining Feysbuk sahifasida Shakarovga yordam so‘rab ... negadir Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovga murojaat qildi.

- Hurmatli Ramzan Ahmatovich! Nahotki Rossiya kabi buyuk davlatda politsiya serjanti ilm izlab kelgan yosh yigitga bunchalik adolatsizlik ko‘rsatishi mumkin? – deya taajjublandi deputat Alisher Qodirov.

Toshkent viloyatilik Ma’rufjon Shakarov ishi ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in bahslar keltirib chiqardi va u oxirgi kunlarda eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilning 14 iyun kuni Moskva shahar sudi Sud kollegiyasi qarori bilan o‘zbekistonlik Ma’rufjon Shakarovning “giyohvand modda tarqatishga urinish” moddasi “katta miqdordagi narkotik moddalarini o‘z iste’moli uchun saqlagani”ga almashtirildi va qamoq jazosi 5 yil etib belgilandi.

2017 yilning 13 dekabrida Moskvaning Preobrajenskiy tuman sudi politsiyachilar ko‘rsatmasiga tayanib, o‘zbek muhojiriga 10 yillik qamoq tayinlagan edi.

Moskvaga o‘qishga kelgan o‘zbekistonlik 5 yilga qamaldi

Moskvadagi “Matrosskaya tishina” qamoqxonasida bir yildan beri saqlanayotgan O‘zbekiston vatandoshi Ma’rufjon Shakarov o‘zining soxta ayblov bilan qamalganini iddao qilib bir oydan beri ovqatlanishdan bosh tortayotgani haqida birinchi bo‘lib 15 iyulda “Moskovskiy komsomolets” gazetasi xabar berdi.

Ma’rufjon Moskvaga uchuvchilik kasbini egallashga kelgandi
Ma’rufjon Moskvaga uchuvchilik kasbini egallashga kelgandi

Nashrning yozishicha, 21 yoshli Shakarovning ahvoli o‘ta zaiflashib qolgan, arang harakatlanadi va gapiradi.

Xabarda qayd etilishicha, Ma’rufjon Shakarov Toshkent aviatsiya texnikumini bitirgach, Moskvaga fuqaro aviatsiyasi institutiga kirish va uchuvchi bo‘lish orzusida kelgan. Biroq Moskva politsiyasi uni o‘tgan yilning yozida ko‘chada qo‘lga olgan. Politsiyachilar uning yonidan giyohvand moddalar topilganini bildirganlar.

Ma’rufjon Shakarov politsiyachilar uni kamsitib, millatchilik qilgani ortidan mojaro kelib chiqqanini, shungdan so‘ng politsiya jinoyat ishini soxtalashtirganini, uni qo‘lga olishganidan so‘ng politsiyachilar o‘rmonga olib borib ayovsiz kaltaklashganini aytmoqda.

Shakarov to‘liq oqlanmagunga qadar ochlikni to‘xtatmaslikni bildirgani aytiladi “Moskovskiy komsomolets” nashrida.

Shuningdek, rus jurnalistlari Shakarov so‘zlariga tayanib, uning himoyachisi advokat Sharbatullo Sodiqov “jazo muddatini kamaytirish uchun unga o‘z aybiga iqror bo‘lishni” tavsiya qilganini bildirdi.

Himoyachi Sodiqov: Men o‘z ishimdan mamnunman!

Ozodlik Ma’rufjon Shakarov himoyasini oxirgi 1 yil davomida ta’minlab kelgan “Huquq va Adolat” Moskva advokatlar kollegiyasi advokati, yuridik fanlari nomzodi Sharbatullo Sodiqov bilan suhbatlashib, o‘zbek muhojiri ishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishga urinib ko‘rdi.

Himoyachi turli nashrlarda u haqda yolg‘on-yashiq gaplar tarqatilayotganidan afsus bildirdi.

Advokat “Komsomolka” nashrida u haqda yozilgan gaplarni “jurnalist fantaziyasi” deb atab, nashr ustidan sudga berganini bildirdi.

- U yerda yolg‘on tarqatishayapti. Uning qarindoshlari iltimosi bilan men shartnoma imzoladim. Ungacha unda boshqa advokatlar bo‘lgan. Men yarim yil dastlabki tergov, keyin yana yarim yil sud jarayonida Ma’rufjon Shakarovga advokatlik qildim. “Moskovskiy komsomolets” yozganlari uning himoyasiga qaratilmagan, oddiy piar. O‘zbekiston elchixonasi katta yordam berdi. Biz birgalikda giyohvand moddasi bo‘yicha 10 yillik qamoq jazosini 5 yilga qisqartirishga erishdik – bu kamdan-kam uchraydigan hodisa! Toshkentdan kelgan Shakarovning momosi, xolasi va onasi hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Men Ma’rufjonga qo‘limdan kelgan yordamni ko‘rsatdim va iloji boricha qonun asosida uning ahvolini yengillashtirishga urindim, dedi “Moskovskiy komsomolets” gazetasini yolg‘on tarqatgani uchun sudga berganini qo‘shimcha qilgan advokat Sodiqov.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek muhojiri 5 yillik muddatdan 1 yilini o‘tagani, yana bir yildan keyin u muddatdan oldin ozod qilinishga haqli ekanini bildirdi:

- Ochlik bilan bog‘liq shov-shuv ko‘tarilganidan keyin uni bitta qamoqxonadan boshqasiga o‘tkazildi. U hozir “Butirka” qamoqxonasida. U menga politsiya xodimlari unga narkotiklarni tashlab qo‘yganini aytgandi. Buning yuzasidan taftish o‘tkazilishini so‘rab, sudga davo kiritgandik. Tergov qo‘mitasi tekshirib, “jinoyat alomatlari aniqlanmadi” degan xulosa chiqardi. Unga qo‘yilgan ayblovlar sudda o‘z isbotini topmadi: qonida giyohvand moddalar aniqlanmadi, narkotik, bank kartasi, tarozi degan birorta ashyoviy dalil borligi sudda ko‘rsatilmadi. Biroq sud bularni inobatga olmasdan 10 yil berdi! U Toshkentda Aviatsiya kollejini tamomlab, Moskvaga Aviatsiya universitetiga o‘qishga kirish uchun kelgani ham rost. Afsuski, Shakarov bir o‘zi emas: Rossiyada minglab O‘zbekiston va Tojikiston grajdanlari o‘z haqlarini talab qilib ochlik e’lon qiladi, dedi Shakarov ishidan himoyachi sifatida mamnun ekanini bildirgan Sharbattulo Sodiqov.

Ta’kidlash joyizki, o‘zbekistonlik Ma’rufjon Shakarov hibsga olingan Golyanovo tumani huquq-tartibot idoralari mehnat muhojirlari orasida yomon nom bilan tanilgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG