Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:45

Toshkentdagi ko‘pqavatli uy devoriga taniqli rassomlar ishlagan mozaika o‘chirib tashlandi


Toshkentda sovet davridan qolgan keramik mozaikalar buyab tashlanmoqda.
Toshkentda sovet davridan qolgan keramik mozaikalar buyab tashlanmoqda.

Toshkentning Yunusobod tumani, 11 kvartal, 17 uy yon devoriga Fransiyada tug‘ilib, SSSRda ishlagan taniqli aka-uka rassomlar Petr va Nikolay Jarskiylar tarafidan 1966 yili yaratilgan mozaika ustini oq bo‘yoq bilan bo‘yab qo‘yishdi. O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda «vandalizm» deb baholagan qilmish 12 iyul kuni amalga oshirilgan.

Toshkent shahar hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ mozaikani bo‘yash ishlari Yunusobod tuman kommunal ta’mirlash-tiklash avariya xizmati xizmati xodimlari tarafidan amalga oshirilgan. Xizmat ishchilari esa, asarni o‘chirish borasidagi buyruqni Yunusobod tuman hokimi Baxtiyor Abdusamatov berganligini Ozodlik muxbiriga aytishdi. Tuman hokimligi bu hodisa borasida Ozodlik savoliga javob bermadi.

Binoning "ta’mirdan keyingi " ko‘rinishi
Binoning "ta’mirdan keyingi " ko‘rinishi

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Shaharni rejalashtirish, arxitektura va dizayn bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi bino fasadlaridagi dekorativ pannolar vayron qilinganiga oid masalani 18 iyul kungi majlisida muhokama qiladi. Bu haqda hokimlik vakili Ozodlikka bildirdi. Unga ko‘ra¸ bino fasadlaridagi dekorativ pannolarni tiklaydigan mutaxassislar ham qo‘mita majlisiga taklif etilgan. Ayni qo‘mita e’lon qilgan so‘rovda qatnashganlarning 91 foizi mozaik pannolarning qayta tiklanishini yoqlagan.

O‘chirilgan rasm haqida

Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdievning 17 iyul kuni Ozodlikka aytishicha¸ Yunusoboddagi mozaika “Toshkentda vayron qilingan birinchi devoriy asar emas”

- So‘nggi 25 yil ichida san’at va me’morchilikni umuman tushunmaydigan johil hokimchalar buyrug‘i bilan yuzdan ziyod panno yo‘q qilindi. Bu pannolarda sovet simvolikasi bor deya buzishdi. Masalan “Sharq” matbaa konserni binosi peshtoqidagi mozaik lavhada “Pravda” gazetasi ko‘rinib qolgani uchungina yo‘q qilindi. 12 iyul kuni Yunusobod hokimi buyrug‘i bilan o‘chirilgan mozaika pannosida sovet simvolikasi umuman yo‘q. Petr va Nikolay Jarskiylar asosan sharq motivlarini aks ettirishgan¸ - deydi me’mor.

Toshkentlik keksa dekorator rassom Yuriy Kuznetsov Ozodlik bilan suhbatda bu asar tarixini gapirib berdi:

- Men 1966 yilda Petr va Nikolay Jarskiylarga yordamchi bo‘lib ishlagandim. Petr Fransiyadagi rassomlik bilim yurtini tugatgan¸ fransuz tilida bemalol gapirardi. Ular Fransiyada oq gvardiyachi emigrant olilasida tug‘ilishgan. Urush paytida SSSRga kelib, rassomlikni o‘qib, shu yerda qolib ketishgan.1966 yilda u 32 yoshda edi¸ hozir hayotmi yoki o‘lganmi bilmayman. Ukasi Nikolay bilan kelib Toshkentdagi uysozlik kombinatiga ishga kirishdi. Zilziladan vayron bo‘lgan Toshkentni chiroyli qilamiz degan romantik ideya bilan kelishdi. O‘sha paytdagi rahbarlar ularning ideyasini qo‘llab quvvatladi. Leningraddan eng sifatli va eng yorqin smalta toshlarini Toshkentga sovg‘a deb olib kelishdi. Yunusoboddagi mozaikada ham ana shu sifatli smalta ishlatilgan. O‘zim bolg‘a bilan maydalab bergandim. Rasm temasi dunyo sivilizatsiyasi haqida . Pannoda Misr ehromlari¸ Bag‘doddagi qasrlar tasviri va Buxoro gilamlaridagi naqshlar ishlatilgan, - deydi toshkentlik rasssom.

Mozaika yaratilish jarayoni haqidagi bu rasm Toshkentdagi "mozaika" guruhi yetakchisi Emir Sharifullin arxividan olindi
Mozaika yaratilish jarayoni haqidagi bu rasm Toshkentdagi "mozaika" guruhi yetakchisi Emir Sharifullin arxividan olindi

Madaniyat vazirligi xavotirda

O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi Mavluda Asqarxo‘jaeva Ozodlik bilan 17 iyuldagi suhbatda yuz bergan voqeani “vandalizm” deb atadi:

- Biz Samarqand va Shahrisabzdagi qadimiy obidalar buzilishi misolida barcha mutasaddi tashkilotlarni jiddiy ogohlantirganmiz. San’at va madaniyat bilan yodgorliklarga Madaniyat vazirligidan izn olmasdan tegmaslik haqida tushuntirdik. Mana bugun ertalab ijtimoiy tarmoqda taniqli rassom yaratgan mozaik panno buzilgani haqida o‘qidim. Bu vandalizm borasida havotir bildiramiz. Bu ishni qilganlar qonunda belgilangan tarzda javob berishadi¸ - dedi O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi.

Hokimlik ishchilari rasmni o‘chirmoqda
Hokimlik ishchilari rasmni o‘chirmoqda

Mening shahrim

Mozaika o‘chirilgan mavzeda istiqomat qilgan va tuman hokimligi ishchilarining devordagi rasmni o‘chirayotgani aks etgan fotolarni jo‘natgan 32 yashar Sherzod Egamberdiev Ozodlik bilan suhbatda mahalliy amaldorlar saviyasizligi bois shahar o‘z jozibasini yo‘qotayotganidan tashvish bildirdi:

- Men Toshkentda shunaqa uylar ichida o‘sdim, bu mening Toshkentim. Rasmda hech qanaka politika, sovet paytidagi simvolika yo‘q. Mening fikrim buyicha, bu san’atni umuman bilmagan, tappi yopishgan devordan boshqa narsani tushunmaydigan hozirgi byurokratlar nafaqat Toshkentni, balki butun vatanimiz bezaklarini o‘ldirmoqdalar Chunki ular O‘zbekiston va Toshkentning ota -bobolarimiz yaratgan me’moriy qiyofasini sevmaydilar xam, tushunmaydilar xam. Men taniqli rejisser Mark Vayl ishlagan “Yo‘qotilgan Toshkent” filmida bu muammo ko‘tarilganini bilaman. Filьm olinganidan beri o‘tkan 18 yil davomida Toshkent qayta va qayta varvarlarcha buzildi¸ daraxtlari kesildi. Marhamat qilib, Yunusobod hokimi o‘z cho‘natgidan pul chiqarib bu mozaikani qayta tiklab bersin,- deydi suhbatdosh.

Toshkentdagi ba’zi mozaik pannolar zilziladan ozor ko‘rgan shaharga Ukraina vatandoshlaridan sovg‘a edi
Toshkentdagi ba’zi mozaik pannolar zilziladan ozor ko‘rgan shaharga Ukraina vatandoshlaridan sovg‘a edi

Mahalliy gerostratlar

Mahalliy amaldorlar yodgorliklarni “ta’mir qilamiz”, degan bahona bilan vayron qilgani haqida Ozodlik qator maqolalar e’lon qilgan.

Qo‘qon rasmiylari buyrug‘i bilan teatr devoridagi asar “islomga zid” deya buzib tashlangani haqidagi Ozodlik maqolasi ortidan o‘tgan oyda Madaniyat vazirligida ishchi guruh tuzilgan edi.

2016 yilda Toshkent metropoliteni boshqarmasi “Alisher Navoiy” metro bekati devorlaridagi taniqli rassom Chingiz Ahmarov ijodiga oid lojuvard koshin pannolarni oddiy moybo‘yoq bilan “bo‘yab” san’at asariga putur yetkazgan edi.

O‘shanda¸ O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov tomonidan ishlangan sakkizta pannodan uchtasini qo‘pol ravishda “ta’mir” qilishga ulgurgan metro rahbariyati aybini tan olgan va “ta’mirlash”ni to‘xtatib, keramika ustiga surilgan bo‘yoqni sidirib tashlashga qaror qilgan edi.

XS
SM
MD
LG