Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:46

Nukus muzeyidagi eng qimmat asar vayron bo‘ldi. Voqea Bosh prokuratura nazoratida


Rassom Shevchenko tomonidan chizilgan "Chelak ko‘targan ayol "kartinasi Nukusdagi Savitskiy muzeyida saqlanayotgan edi.
Rassom Shevchenko tomonidan chizilgan "Chelak ko‘targan ayol "kartinasi Nukusdagi Savitskiy muzeyida saqlanayotgan edi.

Xalqaro mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonning yetti mo‘’jizasidan biri sifatida e’tirof qilingan Igor Savitskiy nomidagi Nukus davlat tasviriy san’at muzeyi asosiy ekspozitsiyasidan o‘rin olgan noyob rangtasvir asari shikastlangan quvurdan oqqan suv ostida qolib vayron bo‘ldi.

Muzey xodimlaridan birining Ozodlikka 19 iyul kuni ma’lum qilishicha¸ buyuk rassom Aleksandr Shevchenko (1883-1948) tarafidan 1913 yilda yaratilgan «Chelak ko‘targan qiz» asari «tiklab bo‘lmas holga kelgan».

O‘zbekistonlik san’atshunos Boris Chuxovichga ko‘ra¸ san’at jihatidan bebaho bo‘lgan bu asar Turkiston avangardi yo‘nalishining "Mona Liza"si deb tanilgan va uning bozor narxi bir necha million dollargacha borishi mumkin.

Asar saqlanayotgan zal mudirasi Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan haftada «yong‘inga qarshi quvurdan bexos suv oqib ketib Shevchenko asariga shikast» yetganini tasdiqladi.

Mudiraga ko‘ra¸ quvurdan oqqan suv bois asarning moy bo‘yoq qatlami matodan ko‘chgan. «Tiklab bo‘lmaydigan darajada shikast yetmadi¸ moy bo‘yoq qatlami ko‘chib» tushdi¸ dedi mudira.Mudiraga ko‘ra¸ "Asar ustidan o‘tgan quvurning ventili (jo‘mragi) zanglab sinib ketgan va kuchli bosimdagi suv asar ustiga quyilgan".

Nukus muzeyidagi yong‘inga qarshi qurilma loyihachilaridan birining Ozodlikka bildirishicha¸ “yong‘inga qarshi quvurlar ichiga maxsus o‘t o‘chiruvchi gaz o‘rniga suv to‘ldirilgani” bois qurilma ishdan chiqqan. Muhandisga ko‘ra¸ hodisaga mahalliy xodimlarning "ishga o‘lda-jo‘lda yondashgani” sabab bo‘lgan.

Ozodlik muzey xazinasi uchun ma’sul bo‘lgan asosiy mulozim - bosh muhofiz Valentina Sicheva bilan bog‘lana olmadi - uning mobil va xizmat telefoni kun davomida band bo‘ldi.

Nukus muzeyida vayron bo‘lgan asar
Nukus muzeyida vayron bo‘lgan asar

Prokuratura tekshiruv boshladi

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Nukus muzeyidagi asosiy kolleksiya shedevri bo‘lgan ”Chelak ko‘targan ayol” ("Baba s vyodrami") asarining yong‘inga qarshi sistema buzuqligi bois vayron bo‘lgani hodisasini O‘zbekiston Bosh prokuraturasi¸ xususan Qoraqalpog‘iston respublikasi prokurori nazoratiga olgan. 19 iyul kuni prokuratura rasmiylari voqea tafsilotlari yuzasidan surishtiruv boshlagan.

O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaevning yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda “asar vayron bo‘lgani bilan bog‘liq vaziyat borasida 19 iyul kuni favqulloda selektor majlisi o‘tkazilgan”ini bildirdi.

Mulozimga ko‘ra¸ selektor majlisida vazir Baxtiyor Sayfullaev¸ vazir o‘rinbosari Kamola Oqilova¸ Nukus muzeyi rahbari Gulbahor Izentaeva va boshqa mulozimlar ishtirok etgan.

“Nukus muzeyining durdonasi sifatida Parij va Moskvada namoyish qilingan bu asarning shikastlanganiga sababchi bo‘lgan barcha mulozimlar qonunda belgilangan tartibda jiddiy tekshirilib javobgarlikka tortiladi. Asarni qayta tiklash uchun nima kerak bo‘lsa¸ hammasi qilinadi”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Madaniyat vaziri yordamchisi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha Shevchenko asari Nukus muzeyida shikastlangan ilk asar emas. Yil boshidan beri¸ taniqli rassom Qoraxonning “Nomozshom” rangtasvir asari va haykaltarosh Jo‘ldosbek Quttimurotovning “Amudaryo” asari ham chirib nobud bo‘lgan. Muzey xodimlariga ko‘ra haykalni hasharotlar yeb bitirgan¸ Qoraxon asari ustidagi tomdan chakka o‘tkani bois shikastlangan.

Asar va uning muallifi haqida

Igorь Savitskiy nomidagi Nukus davlat tasviriy san’at muzeyida rus avangard rassomligi asoschilaridan bo‘lgan Aleksandr Vasilyevich Shevchenko (1883-1948) mo‘yqalamiga oid bir nechta asar bor. AQShda istiqomat qilayotgan rassom Omon Azizga ko‘ra¸ 1913 yilda yaratilgan «Chelak ko‘targan qiz» asari “Turkiston avangardi” degan oqimning yorqin namunasidir.

Ukrainada tug‘ilgan Shevchenko 1905 yili Parijda rassomlik sirlarini o‘rgandi. 1906 yilda rassom Karryer maktabida¸ keyin esa Etyen Din va Jan-Pol Loran ustaxonalarida tahsil ko‘rdi.

Shevchenko «Mir iskusstva», «Soyuz molodyoji» va «Osliniy Xvost» kabi rassomlik guruhlarida ijod qilgan.

Jyulyen rassomlik akademiyasini tugatganidan keyin Shevchenko Misr¸ Usmonli imperiyasi va Turkistonga sayohat qiladi va "Chelak ko‘targan ayol" asarini ayni davrda yaratadi. 1948 yili rassom o‘limidan so‘ng Igor Savitskiy tomonidan Turkiston avangardi kolleksiyasi uchun Moskvadan olib kelingan bu noyob asar¸ 2018 yilning iyuliga qadar Nukus muzeyida beshikast saqlanib kelingan edi.

Muzeydagi talon-toroj tarixi

Nukus muzeyidagi san’at asarlarini saqlash bilan bog‘liq ahvoldan bevosita xabardor Qoraqalpog‘iston huquq-tartibot tizimi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda¸ xalqaro san’atshunoslar tomonidan "sahrodagi javohir" deb ta’riflangan bu muzeydagi vaziyatning umumiyatla ayanchli ekanini ta’kidladi:

- Bu rasmning vayron bo‘lgani muzeydagi sistemali sovuqqonlik oqibatidir. Ayni muzeyda 2015 yil avgustida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tarafidan ochilgan jinoyat ishi tekshiruvida qatnashgan odam sifatida sizga aytaman¸ ahvol juda qayg‘uli. Biz olib borgan taftish natijasida mazkur muzeydan umumiy qiymati 600 million so‘mga yaqin 5 kartina o‘g‘irlanganini aniqlagan edik¸ deydi suhbatdosh.

Mulozimga ko‘ra¸ Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyida rassom Ganning “Dam olishda”, Kashinaning “Ovulda”, Safronovning “Ko‘k tasmali shlyapa kiygan ayol portreti”, Turusovning “Uzumzor” va Karaxanning “Lola tergan ayollar” asarlari o‘rniga, ularning inventar raqamlari va nomlari ostida chizish texnikasi, o‘lchamlari, materiallari, syujeti va mualliflik yozuviga ko‘ra asliga mutlaqo to‘g‘ri bo‘lmagan kartinalar saqlangan”.

Mulozim¸ “rasmlarning aslini sotib yuborib¸ o‘rniga nusxasini qo‘ygan xodimlar jazolanganiga qaramay¸ san’at asarlariga nisbatan ayni munosabat davom etayotganini bildirdi:

- 2015 yilda jazoladik¸ direktorlar almashdi¸ lekin ahvol o‘sha-o‘sha . Muzeydagi 85 mingdan ziyod eksponatni taftish qilish davom etayotgan paytda narxi million dollardan ko‘p turadigan asarlar eksponatlarni saqlash instruksiyasiga zid holatda turgani borasida akt tuzib¸ bildirgi berilgan¸ deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan mahalliy huquq tizimi mulozimi.

Prezidentlar tavof qilgan "Cho‘ldagi Luvr"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev iqtidorga kelganidan keyin 2017 yilning aprelida Igor Savitskiy tomonidan uzoq yillar davomida Nukus muzeyiga yig‘ilgan yirik san’at asarlari to‘plami Rossiyada ilk marotaba namoyish qilindi.

Prezidentlar Mirziyoev va Putin Moskvadagi Pushkin nomidagi davlat tasviriy san’at muzeyida “Nukus xazinasi” ko‘rgazmasini ochib berdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Pushkin davlat muzeyi direktori Marina Loshak ko‘rgazmani “o‘ziga xos betakror san’at” deb atagan edi.

Muzey asarlari Moskva va Parijda namoyish qilingan
Muzey asarlari Moskva va Parijda namoyish qilingan

Britaniyaning Telegraph gazetasi Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukusni aynan shahardagi muzeyda saqlanayotgan noyob asarlar bois ham sayohatchilar borishi tavsiya qilinishi lozim bo‘lgan g‘ayrioddiy makonlardan biri sifatida e’tirof qilgan edi.

“O‘zbekiston shimolida sovet davrida barpo qilingan bu shahar noma’lum sabablarga ko‘ra, sayoyhlar uchun odatiy marshrutlar sirasiga kirmaydi. Lekin ko‘zga tashlanmaydigan bu manzara ortida mutlaq gavhar yotibdi - bu Savitskiy galereyasidir”, deyiladi Nukusning bu ro‘yxatda kiritilishigi Britaniya nashri bergan izohda.

Telegraph gazetasi, sovet davrida norasmiy taqiqqa uchragan muzeyning Nukusda joylashgani butun dunyo sayyohlarini bu shaharga jalb qilishi kerak¸ deya xulosa qilgan edi.

Savitskiy galereyasida 20-asr rus avangardini tamsil qiluvchi noyob asarlar, jumladan, Sokolov, Komarovskiy kabi rassomlar qalamiga mansub kartinalar saqlanadi. Taniqli rassom va san’atshunos Igor Savitskiy Qoraqalpog‘iston Davlat san’at muzeyi rahbari sifatida sovet rejimi tomonidan ta’qib qilingan va taqiqlangan rassomlarga mansub asarlarni sotib olib, yaratgan galereyaga keyinchalik uning nomi berilgan.

Savitskiy galereyasi Turkiston avangardi namunalari saqlanadigan dunyodagi yetakchi muzeylardan biri sifatida ham e’tirof etiladi. Bu muzeyda 90 mingdan oshiq eksponat borligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG