Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:40

Qirg‘iz jurnalistikasi O‘g‘lonidan ayrildi


Ulan Egizbaev
Ulan Egizbaev

Kecha, yakshanba kuni Bishkekdan Ulan Egizbaevning halok bo‘lgani to‘g‘risida shum xabar keldi. Menday diydasi qattiq odamning ko‘zlari yoshga to‘ldi.

Ikki hafta oldingi yakshanbada Bishkekda edim. O‘sha yerdagi hamkasblarim - Elmurodu Xondamir bilan kun bo‘yi ag‘dan-bag‘dan gangir-gungur gurung qildik. Gap aylanib, hamkasblarimning byurodoshlari – Bishkekdagi Azattiqchilar qilayotgan ishlarga keldi. Ulanni maqtadim. Dadil yigit chiqdi, ishini puxta qilayapti, dedim.

Birov jon so‘rasa “yo‘q” deyolmay jonini berib qo‘yaveradigan, lekin o‘lib qolsayam kimsani o‘rinsiz maqtamaydigan “qizg‘anchiq” hamkasblarim fikrimga qo‘shildi. Ulanni maqtadi.

Xayrlasharkan, byurodagi bir-ikki hamkasbimga salom yetkazishni so‘radim. Lekin Ulangayam salom aytinglar, demabman. Mana endi o‘kinayapman. Yomonni yomon deyishga shoshamiz. Biroq yaxshini har doim ham yaxshi deyavermaymiz.

Ulan bilan shaxsan tanish emasdim. Men uning bir tomoshabini edim, xolos. Azattiqchilarning yangi avlodi vakili bo‘lgan bu yigit juda tez ko‘zga ko‘rindi. Chiqishlarining dadilligi, ishining puxtaligi bilan ko‘rindi.

Korrupsiya va korrupsionerlar haqida ko‘rsatuvlar qildi.

Xo‘sh, so‘z erkinligi darajasi qo‘shnilarining tushiga ham kirmagan Qirg‘izistonda boshqalar yozmadimi korrupsiya va korrupsionerlar haqida? Yozmaganni topish osonroq yozganlarni sanashdan ko‘ra.

Lekin boshqalarning yozganlaridan mish-mishning hidi sezilib, buyurtmaning qulog‘i ko‘rinib qolgan bo‘lsa, Ulanniki ilmiy ish darajasida puxta bo‘ldi.

Ulanning ishlari faktlar, faktlar va faktlar ustiga qurildi.

Ulan o‘rganayotgani masala yuzasidan yiqqani materiallardagi mag‘izlarni topa bildi. O‘sha mag‘izlarni o‘rikning mag‘iziday bir ipga tiza bildi.

Ulan o‘sha mag‘izshodadan hosil bo‘lgan hikoyani oddiy cho‘ponga ham, akademikka ham birday tushunarli tilda aytib bera oldi.

Ulan o‘zi fosh qilayotgan amaldorning shaxsiga teginmadi, istehzoyu kinoya qilmadi. Ular ustidan kulmadi.

Ulanning ko‘rsatuvlarini ko‘rarkansiz, “qorningiz to‘yadi” – qo‘shimcha savollar qolmaydi. Qolsayam, Ulan javob topib berishni istamaganidan emas, balki mavzuni “qazir” ekan, etgan joyidan nariga o‘tolmay qolganidan, nariga o‘tishning ilojsizligidan.

Ulan o‘z jurnalistikasi bilan qirg‘iz jurnalistikasini, binobarin jamiyatni tozartira boshladi. Har holda, shunday umid bera oldi.

Ulanning jurnalistikasi SIFATLI jurnalistika edi. Bu baho emas. Bu atamadir.

Ulanning necha yoshdaligi to‘g‘risida hech o‘ylamagan ekanman. Kecha u halok bo‘lgani to‘g‘risidagi xabardan endigina 28 ga kirganini bildim. Kichik bolam bilan teng ekanligini bildim. Yig‘ladim...

Ulan o‘zbekcha talaffuzda O‘g‘lon bo‘ladi. Qirg‘iz jurnalistikasi O‘g‘lonidan ayrildi. Men bu gapni hech qanday pafossiz, to‘la ishonch bilan aytayapman.

Ulanning oilasiga, Azattiqdagi hamkasblarimga hamdardman.

XS
SM
MD
LG