Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:23

Yulduz Usmonovaning konsertlari qoldirilishi anomal issiq bilan izohlandi


Yulduz Usmonovaning mamlakat bo‘ylab turnesida unga qiziqchi Obid Asomov hamrohlik qilmoqda. Surat Usmonovaning Instagramidan olindi.
Yulduz Usmonovaning mamlakat bo‘ylab turnesida unga qiziqchi Obid Asomov hamrohlik qilmoqda. Surat Usmonovaning Instagramidan olindi.

Taniqli qo‘shiqchi Yulduz Usmonovaning qiziqchi Obid Asomov bilan hamkorlikdagi mamlakat bo‘ylab turnesi vaqtincha to‘xtatildi. Usmonovaning Namangan va Bekoboddagi konsertlari ham qoldirildi.

Usmonovaning vakilidan olingan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi ikki kundagi konsertlari davomida bir necha tomoshabin issiqdan xushini yo‘qotib, kasalxonaga tushgan. Shu bois mutasaddilar konsertlarni qoldirishga qaror bergan.

“Yulduz Usmonova Namangan xalqidan uzr so‘rasin!”

22 iyul kuni Namangan shahridagi “Navbahor” stadionida o‘tkazilishi rejalangan qo‘shiqchi Yulduz Usmonovaning konsert dasturiga chipta olgan tomoshabinlar shu kuni o‘yingoh oldidan qaytarildi.

Ozodlikka bir guruh namanganlik nomidan yo‘llangan maktubda yozilishicha, tomoshaga kelganlarga konsert qoldirilgani aytilgan, biroq sababi tushuntirilmagan:

“Bir necha oydan beri Yulduz Usmonova konsertini reklama qilishdi. Lekin bugun bo‘lib o‘tadigan konsert noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtatildi. Yulduz Usmonova Namangan xalqini aldadi, sotilgan chipta pullari muxlislarga qaytarilmayapti. 40 -45 gradus issiqda kelgan yoshi katta onaxonlar, bolalar sarson bo‘lishdi. Yulduz Usmonovaga murojaatimiz, Namangan xalqidan uzr so‘rasin, chiptalar pulini qaytarib bersin va xalqni boshqa aldamasin”, deyiladi bir guruh namanganlik nomidan 22 iyul kuni Ozodlikka kelgan maktubda.

Ozodlik bog‘langan namanganliklarga ko‘ra, o‘sha kuni Usmonovaning konserti qoldirilganidan bexabar qolgan chiptali tomoshabinlar chekka qishloqlardan kelib, ovora bo‘lib, qaytib ketishgan.

“Konsert qoldirilgani aytilmagan. IIBda ishlaydigan tanishimning aytishicha, ularni konsert payti tartibni saqlash uchun kecha soat 15:00ga chaqirishgan va borishsa, konsert qoldirilganini aytishgan. Markazdan olisda joylashgan tumanlardan yoshi katta onaxonlar konsertga kelishgan. Keyin norozi bo‘lib qaytib ketishdi”, deydi ismini ochiqlashni istamagan namanganlik.

“Andijondagi konsertda olti kishi kasalxonaga tushdi”

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova joriy yil 8 iyulidan boshlab mamlakat bo‘ylab konsert turnesini boshlagandi. “Sen va men uchun” deb nomlangan konsert dasturida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, qiziqchi Obid Asomov Usmonovaga hamrohlik qilmoqda.

Usmonova konsertlari tashkilotchilaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, 22 iyul kuni Namanganda va 23 iyulda Bekobodda o‘tkazilishi rejalangan ikkita konsert qoldirilgan.

O‘zini “Usmonovaning agenti” deb tanishtirgan yigitning aytishicha, Farg‘ona va Andijondagi konsertlar payti tomoshabinlar orasida issiq tufayli hushidan ketib qolganlar ko‘p bo‘lgani bois konsert dasturlarini hozircha to‘xtatib turishga qaror qilingan.

“O‘zi 21 iyul kuni Andijonda o‘tgan konsertni qoldirmoqchi edik. Sababi 20 iyul Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” o‘yingohida o‘tgan konsert payti issiq sabab tomoshabinlar orasida bir necha kishining sog‘ligi yomonlashib qoldi. Andijonda vaziyat yanada yomonroq bo‘ldi. Yoshi katta tomoshabinlardan olti kishi hushidan ketib qoldi. Skoriy chaqirib, kasalxonaga olib ketishdi. Konsert soat 8da boshlanadi. Lekin uzoq qishloqlardan keladiganlar soat 4dan uyidan chiqayapti. Issiq chidab bo‘lmaydigan darajada. Biz o‘zimizni emas, odamlarni o‘ylab konsertlarni qoldirdik”, - dedi “Usmonovaning agenti”.

“O‘zbekkonsert” birlashmasi matbuot xizmati rahbari Davronbek Shukurov Yulduz Usmonova konsertlarining qoldirilishiga anomal issiq sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Yulduz Usmonovaning Namangan va Bekoboddagi konsertlari sentabr oyiga qoldirilgan: 2 sentabrda Namanganning “Navbahor” stadionida, 3 sentabr kuni esa Bekobodning “Metallurg” stadionida o‘tishi rejalangan.

Konsert tashkilotchilariga ko‘ra, chipta olgan tomoshabinlar xohlasa chipta pulini qaytarib olishi yoki sentabr oyidagi konsertlarga borishi mumkin:

“Chipta pulini qaytarmaslik holati bo‘lmadi. Boshida odam to‘planib qolgan payti, balki pulini ololmasdan qaytib ketgandir. Lekin kim hohlasa pulini qaytarib olayapti. Xohlasa, shu chipta bilan sentabrdagi konsertga kelsin. Hech biriga muammo yo‘q”,- dedi kontsert tashkilotchilaridan biri.

Uning aytishicha, konsert qoldirilgani haqida bir kun avval Internet orqali xabar berilgan.

Ozodlik Yulduz Usmonovaning rasmiy saytidan va Facebookdagi sahifasidan bu haqdagi e’lonni topa olmadi. Faqat konsert bo‘ladigan kuni - 22 iyul soat 10:27da Yulduz Usmonovaning Telegramdagi rasmiy sahifasida konsert dasturlari qoldirilgani haqida xabar berilgan.

Ushbu sahifaning 54000lik folloveri bo‘lib, ularning necha nafari namanganlik tomoshabin ekani bizga noma’lum. Qishloq joylarida Internet muammosi borligi esa ma’lum. Tashkilotchilar bu tomonlarini o‘ylagan yoki yo‘qmi - bu savol ochiq qolmoqda.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yulduz Usmonova konsertlari boshlanishidan bir necha kun avval mamlakatda 19-23 iyul kunlari anomal issiq bo‘lishi, havo harorati 45 darajaga ko‘tarilishini e’lon qilib, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikdan ogohlantirgan edi.

Nima sababdan konsert tashkilotchilari FVVning ushbu ogohlantiruviga avvaldan amal qilmagani noma’lum. Usmonova konsertlari tashkilotchilari bu savolimizni javobsiz qoldirishdi.

XS
SM
MD
LG