Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:52

Hokim o‘chirtirgan mozaika Ozodlik maqolasidan keyin asl holiga qaytarilmoqda


Toshkentda oq rang bilan bo‘yab tashlangan mozaika qayta tiklanmoqda
Toshkentda oq rang bilan bo‘yab tashlangan mozaika qayta tiklanmoqda

Toshkentda 12 iyul kuni o‘chirilgan mozaika Ozodlik maqolasidan keyin asl holiga qaytarilmoqda. O‘chirilgan mozaika tiklanishi san’atshunos - akademik Marina Borodina nazoratida amalga oshirilayapti. Ozodlik mobil muxbirining Yunusoboddan turib bildirishicha¸ mozaika 23 iyulga kelib deyari tozalanib bo‘ldi.

Mozaikani uning ustiga surtilgan bo‘yoqdan tozalash jarayonini suratga olgan Ozodlik mobil muxbiriga ko‘ra¸ bu ishni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi qabul qilgan. Tozalash ishlari bilan esa, «Parkent Plaza» korxonasi shug‘ullanmoqda.

Yunusobod tumani, 11-daha, 17-uydagi ustidan bo‘yoq surilgan mozaika buzilishini qoralab chiqqan Toshkentlik me’mor Abdumalik Turdievning 23 iyul kuni Ozodlikkka bildirishicha¸ “vandalizm fakti borasidagi prokuratura so‘rovidan keyin mulozimlar harakatga tushgan”:

- 12 iyul kuni Yunusobod komxozining 4 ishchisi almpinistlar arqoniga osilib 200 kvadrat metrlik mozaika ustiga oq bo‘yoq surtib chiqishdi. 17 iyul kuni Ozodlikda bu xolat tanqid qilingan maqola chiqdi. 18 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent shahar hokimi nomiga so‘rov yubordi. O‘sha kuni soat 18 da shaharni rejalashtirish, arxitektura va dizayn bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi bino fasadlaridagi dekorativ pannolar vayron qilingani masalasini muhokama qildi. 19 iyul kuni bino oldiga havozalar o‘rnatildi va pannoni tozalash ishlari boshlandi. 20 iyul kuni restavratsiya bilimdoni¸ professor Marina Borodina nazoratida mozaika ustidagi bo‘yoq qatlami yuvib tashlandi¸ dedi me’mor Abdumalik Turdiev.

Endilikda mozaika atrofidagi darzlarni ta’mirlash, devordagi konditsionerlarni demontaj qilish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimining 23 iyul kuni Ozodlikka aytishicha¸ mozaika ustiga bo‘yoq surtgan Yunusobod tuman kommunal ta’mirlash-tiklash avariya xizmati va Yunusobod tuman hokimi Baxtiyor Abdusamatov ustidan xizmat surishtiruvi boshlangan.

O‘tgan hafta Madaniyat vazirligi mulozimi Ozodlikka mozaika buzilishini ” vandalizm” deya atagan edi.

Asarni o‘chirish jarayoni
Asarni o‘chirish jarayoni

12 iyul kuni ustiga oq bo‘yoq surib o‘chirilgan va 23 iyulga kelib tozalangan asarni Fransiyada tug‘ilib, Toshkentda ishlagan taniqli aka-uka rassomlar Petr va Nikolay Jarskiylar 1966 yili yaratgan edi.

Ular zilziladan ozor ko‘rgan toshkentliklar ko‘nglini ko‘tarish uchun uylarni bezashgan edi.

Toshkentda Jarskiylar bezagan yuzlab binolar hanuz bor.

O‘nlab mozaik lavhalar esa sovet timsoli bor deya o‘chirib tashlangan.

Yunusoboddagi uy
Yunusoboddagi uy

Toshkentdagi shahar bezaklarni saqlashni o‘z oldiga maqsad qilgan “Mozaika” guruhi yetakchisi Amir Sharifullinga ko‘ra¸ “Yunusoboddagi mozaikaning qayta tiklanishi qolgan mozaik asarlar saqlanishi uchun kafolatdir”.

Ozodlik bilan suhbatda Amir Sharifullin Toshkentning ko‘p qavatli uylari devorlariga ishlangan mozaika pannolarini suratga olib kitob qilib chop qilish ishlari boshlanganligini ta’kidladi.

Mahalliy amaldorlar yodgorliklarni “ta’mir qilamiz”, degan bahona bilan vayron qilgani haqida Ozodlik qator maqolalar e’lon qilgan.

Qo‘qon rasmiylari buyrug‘i bilan teatr devoridagi asar “islomga zid” deya buzib tashlangani haqidagi Ozodlik maqolasi ortidan o‘tgan oyda Madaniyat vazirligida ishchi guruh tuzilgan edi.

2016 yilda Toshkent metropoliteni boshqarmasi “Alisher Navoiy” metro bekati devorlaridagi taniqli rassom Chingiz Ahmarov ijodiga oid lojuvard koshin pannolarni oddiy moybo‘yoq bilan “bo‘yab” san’at asariga putur yetkazgan edi.

O‘shanda¸ O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov tomonidan ishlangan sakkizta pannodan uchtasini qo‘pol ravishda “ta’mir” qilishga ulgurgan metro rahbariyati aybini tan olgan va “ta’mirlash”ni to‘xtatib, keramika ustiga surilgan bo‘yoqni sidirib tashlashga qaror qilgan edi.

XS
SM
MD
LG