Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:44

O‘zbekiston madaniyat vaziri tarixiy obidalarni saqlashda koordinatsiya yo‘qligini tan oldi (Video)


"Matonat" monumenti ustiga bo‘ëq chaplangan.
"Matonat" monumenti ustiga bo‘ëq chaplangan.

O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev O‘zbekistondagi tarixiy va madaniy obidalarni saqlashda idoriy organlar o‘rtasida hamohanglik yo‘qligini e’tirof etdi.

Uning bu e’tirofi vazirlik binosida 25 iyulda o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida yangradi.

Anjumanda Samarqanddagi obidalarning buzilayotgani¸ Toshkentdagi mozaikalarning o‘chirilgani va Nukus muzeyidagi eng qimmat asarning vayron bo‘lgani muhokama qilindi.

Ozodlik muxbirining Toshkentdagi mozaikalar o‘chirilgani va Metro bekatidagi Chingiz Ahmarov asarlari ustidan bo‘yab tashlangani haqidagi savollariga javob bergan vazir Baxtiyor Sayfulllaev "mahalliy hokimchalar saviyasizligi bois yaltir-yultur qilinayotgan monumental asarlar" yo‘qolib borayotganini aytdi.

- Bunaqa bemaslahat “ta’mir qilishlar” ko‘p. Ijtimoiy tarmoq orqali bir narsani bilib qoldim. Toshkentdagi yer qimirlagani monumentini (Matonat monumenti-tahr) "vzyali i perekrasili". Yaltir-yultur qilib moylab qo‘yishibdi. Monumental asarlarni u bo‘yoqqa bo‘yab bo‘lmaydi-ku, axir. Kim qildi buni? Qaysidir "aqlli" hokimcha buyruq bergan¸ borib bo‘yab qo‘yinglar deb. Axir, bu - san’at asari! San’at asari bo‘yalmaydi. San’at asarini restavratsiya qilish mumkin, xolos. Uni yaltir-yultur qilib qaytadan bo‘yash aqlga sig‘maydi, - dedi Baxtiyor Sayfullaev.

U mahalliy hokimlarni vazirlik bilan maslahatlashib ish tutishga chaqirdi:

- Biz vazirlik o‘laroq qo‘limizdan kelgancha harakat qilyapmiz. Hokimlar san’at asariga teginishdan oldin biz bilan maslahat qilsin. Biz mutaxassislarimizni yuboramiz. Ammo Samarqandga o‘xshash holatga chidab tura olmaymiz, - deya ogohlantirdi O‘zbekiston Madaniyat vaziri.

Baxtiyor Sayfullaev Samarqand shahridagi YuNESKO madaniy merosiga kiritilgan binolarning buzilishi sabablariga ham to‘xtaldi:

- O‘sha yerda Madaniy meros idorasi buzishga ruxsat bermagan. Lekin "zastroyshchik" kimgadir pora bergan. Mayli, pora so‘zini ishlatmaylik. Nima balo qilgan bo‘lsayam¸ o‘sha joyni buzib, o‘rnida yetti qavatli bino ko‘tarib qo‘ygan. Biz esa chapagimizdan o‘t chiqib qolaverdik. Bizning "bditelnost"imizni (hushyorligimizni-tahr) uxlatib qo‘ygan, - dedi Baxtiyor Sayfullaev.

Ozodlik 2016 yil yanvarida Toshkent metrosining "Navoiy" bekatidagi mayolik pannoning xo‘jalik bo‘yog‘i bilan ta’mirlangani haqida xabar bergandi.

Madaniyat vaziri pannoning buzilishiga ham vazirlik qarshi chiqqanini aytdi:

- "Navoiy" metrosidagi Chingiz Ahmarov asarlarini ustidan moylashgan. Unga ham tegish kerak emas edi. Bizga ya’ni sohani biladigan professionallarga murojaat qilish kerak edi¸ - dedi O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodlik muxbiri savoliga javob bera turib.

Маданият вазири: Матонат монументи бўялганини ижтимоий тармоқ орқали билдим
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:19 0:00

Matbuot anjumani so‘ngida madaniyat vazirligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jaeva Ozodlik muxbiriga eksklyuziv suhbat berdi.

Ozodlik 25 iyul kuni Samarqandning YuNESKO himoyasi zonasida joylashgan 110 yillik pochta binosining bir qismi buzila boshlangani haqida xabar bergandi.

Самарқанднинг Юнеско ҳимояси қисмида яна бузиш ишлари бошланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:39 0:00

Mavluda Asqarxo‘jaeva tarixiy pochta binosining butkul buzilmaganini aytdi:

- Ijtimoiy tarmoqlarda pochta binosi buzilib yuborildi, deyildi. Lekin, ma’lumotni to‘g‘ri berish kerak: “buzib yubordi emas, buzilish arafasida. Hukumat tamonidan yaqinda qaror chiqarildi. YUNESKO ximoyasida bo‘lgan madaniy meros ob’ektlari madaniyat vazirligidan ruxsat olmagunga qadar, bizning qoshimizda “madaniy meros ob’ektlarining muxofazasi va ulardan foydalanish bosh inspeksiyasi” ruxsatnoma bermaguniga qadar, buzilishi yoki u yerda qurilish olib borilishi man etiladi. Shuning uchun, o‘ylaymanki, pochta binosi ham o‘z joyida qoladi¸ - dedi Madaniyat vazirligi matbuot kotibi.

Unga ko‘ra¸ “pochta binosi buzilib o‘rniga medinstitut qurilsin degan hujjatni hech kim ko‘rsatmagan”.

- Me’yoriy hujjatlar bilan yaxshiroq tanishsak bo‘lardi. Bizga pochta binosi buzilib, o‘sha yerda medinstitut qurilsin, degan dalilni berishmadi¸ - deydi Asqarxo‘jaeva.

Ammo, Ozodlik tasarrufida Samarqand shahar hokimining YUNESKO himoyasidagi hududidda joylashgan tarixiy pochta binosini buzish haqidagi qarori bor.

Samarqand shahar hokimining qarori
Samarqand shahar hokimining qarori

Qaror ilovasida Samarqand shahar pochta aloqa tarmog‘i binosi buzilishi aniq ko‘rsatilgan.

Asqarxo‘jaevaning ta’kidlashicha¸ "YUNESKO himoyasidagi yerlarni sotgan o‘zboshimcha mulozimlarga keskin chora ko‘rilgan".

- Bu - bizning madaniy merosimiz. Biz uni faqat muxofaza qilamiz va undan oqilona foydalanamiz. Farzandlarimizga qoldirish - bizning burchimiz. Matbuot anjumanida shaxsan vazirimiz o‘zlari javob berdilar ayni kimsalar qonun va qonunosti xujjatlar bilan yaxshi tanishmagani uchun, bu narsani ichiga kirmasdan, o‘zboshimchalik bilan yerlarni sotib, erlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va u yerda qurilish olib borayotgan mutasaddi kishilarga keskin choralar ko‘rilmoqda¸ - dedi u.

Ozodlik muxbiri undan Savitskiy muzeyining sobiq direktori ishga qaytadimi, muzeydagi asar nega suv tagida qoldi, deb so‘radi.

- Savitskiy muzeyi sobiq rahbarining ishga qaytishi masalasi qayta ko‘rilishi ko‘zda tutiladi. Lekin, bu narsa muzey eksponatlarining inventarizatsiyasi o‘tkazilganidan so‘ng bo‘ladi. Bu narsa bo‘yicha va’da berganlari yo‘q. Inventarizatsiyadan so‘ng u yerdagi eksponatlar holati va sobiq rahbariyat paytida eksponatlar qanday holatda bo‘lgan... Ularning holati xaqida ma’lumotlar olinganidan keyin sobiq rahbar bu lavozimga loyiq, loyiq emasligi ishchi gurux bilan ko‘rib chiqiladi¸ - dedi Asqarxo‘jaeva.

Madaniyat vazirligi matbuot kotibi Ozodlik bilan suhbat davomida Toshkentdagi mozaikalar muammosiga ham to‘xtaldi:

- Tarixiy devorga tushirilgan rasmlar va mozaikalar kelgusi avlod uchun saqlanib qolishi kerak. U qanday ko‘rinishi¸ qanday mazmunga ega bo‘lsa ham. Kimdir u asarda Sovet siymosi bor, deyapdi. U qanday siymoni bildirmasin, avvalombor, bu - bizning tariximiz. Bu borada vazir hamda vazir o‘rinbosarlari jonkuyarlik ko‘rsatishyapti. Bu mozaikalar Madaniyat vazirligi ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa ham, ularning siyosati baribir madaniyat vazirligiga tegishli, - dedi Mavluda Asqarxo‘jaeva .

U O‘zbekistondagi barcha san’at obidlarini vazirlik nazoratiga olish masalasi "deyarli hal bo‘lish arafasida" turganini bildirdi.

Mavluda Asqarxo‘jaeva "Navoiy" metrosi bekatidagi Chingiz Ahmarov asarining buzilishini "restavratorlarning kamligi” bilan izohladi:

- Yaqin kunlarda bu xaqda ma’lumot beramiz. Lekin, bu narsalar yo‘q bo‘lib ketmasidan, tuman rahbarlarining o‘zlari ham qayg‘urishi kerak. Restavratsiya qilish kerak, restavratorlar yo‘q bo‘lishi mumkin. Bevosita madaniyat vazirligiga murojaat qilish kerak. Bizga murojaat qilinsa, kerakli restavratorlarni topib berishga, amaliy yordam ko‘rsatishga harakat qilamiz. Shu yo‘l bilan tarixiy yodgorligimizni asrab qolamiz. Xozirgi kundagi eng katta muammo bu - restavratorlarning kamligi, - dedi Madaniyat vazirligi matbuot kotibi.

XS
SM
MD
LG