5 avgust, yakshanba, tushdan keyin ko‘p qavatli uyning 9- qavatidan boshiga suvoq-beton parchasi tushib, og‘ir jarohat olgan 55 yashar Dilbar Yunusova uch kundan buyon komada qolmoqda.
Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 9 qavatli 26-uy yonida sodir bo‘lgan bu voqeada jabrlangan ayolning qo‘shnilari aybni uyni sifatsiz ta’mirlagan quruvchilarga to‘nkamoqda.
Ammo, 26-uy joylashgan Charog‘on mahalla fuqarolar yig‘ini raisining Ozodlikka aytishicha, mazkur uy, aholi aytayotganday, kapital remont qilinmagan, sodir bo‘lgan voqea esa, baxtsiz tasodif, xolos.
Voqea joyidan olingan suratda domning 9-qavati bilan uy tomi to‘sig‘i tutashgan joydagi yoriqni yopish uchun ishlatilgan suvoq-beton parchasi o‘rni bo‘shligini ko‘rish mumkin.
Suratda binoning yon devori aks etgan bo‘lib, suvoq-beton parchasi ko‘chgan joy bilan bitta chiziqda, 2 va 3 qavatlarda ikkita konditsioner ko‘rinib turibdi.
Boshiga suvoq-beton parchasi tushgan Dilbar Yunusovaning katta qizi Nargizaning Ozodlikka aytishicha, 9- qavatdan ko‘chgan parcha avval konditsionerlar ustiga, so‘ng onasining boshiga tushgan.
- Onamning yonida 6 yashar nevarasi - mening o‘g‘lim bor edi. Ikkalasi birga buvimlarnikiga ketishayotgandi. O‘tib ketishayotganda tepadan – domdan ko‘chib tushibdi. Konditsionerga tushib, ikkiga bo‘lingan. Bitta bo‘lagi onamning boshiga tushgan,- dedi Nargiza.
Og‘ir jarohat olgan Dilbar Yunusova Respublika Shoshilinch tibbiy yordam kasalxonasida 5 soat atrofida operatsiya qilingan.
Kasalxona telefonini ko‘targan vrach Dilbar Yunusovaning jonlantirish bo‘limida qolayotganini aytdi.
Dilbar Yunusovaning qo‘shnilari voqea to‘g‘risida Ozodlikka xabar qilarkan, o‘z xatida aybni uyni ta’mirlagan quruvchilarga to‘nkadi.
“Bu uy yaqinda kapital ta’mirdan chiqqan edi. Fasadni pardozlash ishlari yakunlangan. Ammo-lekin ustalar ishini yaxshi bajarmagan, vijdonan ishlamagan”, deb yozdi qo‘shnilar.
Ular, ayni paytda, aybni kvartiralariga konditsoner o‘rnatish uchun perforator ishlatayotganlarga ham to‘nkamoqda.
Xo‘sh, uy “kapital ta’mirdan chiqqan”mi yoki “fasadni pardozlash ishlari”gina o‘tkazilganmi?
Bu savolni Ozodlik 26-uy joylashgan Charog‘on mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduqodir Ahadovga berdi.
Mahalla oqsoqoli avvaliga yakshanba kuni ham, bugun ham kasalxonaga borib, Dilbar Yunusovaning holidan xabardor bo‘lishga urinayotganini pisanda qildi.
Ahadovning aytishicha, 1992 yilda qurilgan dom shu paytgacha kapital ta’mir qilingan emas. 2016 yili fasadi – old tarafi pardoz-ta’mir qilingan, xolos. Suvoq-beton parchasi esa, domning yon tarafidan ko‘chgan.
Mahalla oqsoqolining fikricha, bu voqeada hech kimni ayblab bo‘lmaydi, Dilbar Yunusova baxtsiz tasodif qurboni bo‘lgan, xolos.
Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov ham 6 avgust kuni voqea joyiga borib, fojia tafsilotini o‘rgandi.
- Sergelida bo‘lgan hodisa boshqa domlarda ham takrorlanishi mumkin. Lekin shunday holatlarda kim javobgar bo‘ladi? Bu savolga bugun men javob izladim, biroq topa olganim yo‘q,- dedi Abdurahmon Tashanov.
Sergeli tuman hokimi qabulxonasi telefonini ko‘targan mulozim Ozodlikning voqeaga doir savoliga javoban “ishga yangi kelganligini, hech narsadan xabari yo‘qligini” aytish bilan cheklandi.
Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi mulozimi Ozodlikning binolar xavfsizligiga doir savoliga “Bu masalada bizga murojaat qilishingiz noto‘g‘ri. Biz qurilishgacha bo‘lgan hujjatlar bilan shug‘ullanamiz”, degan javobni berishdan nariga o‘tmadi.
1963 yilda tug‘ilgan Dilbar Yunusovaning 4 qizidan kattasi Nargiza onasining sog‘ayib ketishiga umid qilayotganini ko‘zida yosh bilan so‘zlab berdi:
- Farzandlarimiz tarbiyasimi, oddiy oilaviy kelishmovchiliklarmi – hamma masalada onamiz eng birinchi maslahatchimiz. Onamizning maslahatlarini hali ko‘p eshitishdan umidvormiz,- dedi Nargiza.
Sergelidagi voqeani o‘rganish jarayonida Ozodlik Iste’molchilar jamiyatining shu tumandagi bo‘limi vakili Shohruh Eshonxo‘jaev bilan ham bog‘landi.
Bu jamiyatga ishga kelganiga endigina 3 oy bo‘lgan Eshonxo‘jaevning aytishicha, u ishlayotgan davr davomida ko‘p qavatli uylar bilan bog‘liq bironta ham shikoyat tushmagan.
- Lekin bu uylar bilan bog‘liq shikoyat qilishga arziydigan voqealar yo‘q, degani emas. Dilbar Yunusova bilan bog‘liq voqea fikrimga dalil bo‘la oladi. Agar u bizga murojaat qilsa, albatta, qonun doirasida qo‘limizdan kelgan barcha yordamni berishga tayyormiz, - dedi Shohruh Eshonxo‘jaev.