Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:32

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga zo‘rlik qilganlarga qat’iy jazo choralari qo‘llanilishi talab qilinmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Toshkentdagi «Demokratiya va inson huquqlari instituti” nodavlat tashkiloti Bosh prokuraturaga Marg‘ilondagi 1-sonli Mehribonlik uyining sobiq rahbarlari va tarbiyachilariga chiqarilgan sud hukmidan norozilik bildirib, shikoyat arizasi kiritdi.

Меҳрибонлик уйи тарбияланувчиларига зўрлик қилганларга қатъий жазо чоралари қўлланилиши талаб қилинмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00

Arizada Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyida yetimlarga hukumat va xalqaro tashkilotlar tarafidan ajratilgan xayr-ehson pullarini talon-taroj qilganlikda, bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini jinsiy va jismoniy ekspluatatsiya qilinganlikda ayblanganlarga nisbatan “sud tomonidan o‘ta yengil jazo choralari qo‘llanilgani”dan norozilik bildirilgan.

-Biz juda ko‘pchilik bilan bu masalada muloqot qildik. Hamma sud hukmidan norozi ekanini aytdi. Lekin hamma ham Bosh prokuraturaga o‘z noroziligini bildirib murojaat qilishga botina olmas ekan. O‘zbekistonda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun” qabul qilindi. Mana shu qonun nodavlat tashkilotlarining bog‘liq qo‘llarini yechib tashladi. Shu qonunga tayangan holda biz Bosh prokuraturaga murojaat qildik, - dedi «Demokratiya va inson huquqlari instituti” nodavlat tashkiloti rahbari Sayyora Xo‘jaeva Ozodlik radiosi muxbiriga ovozini yozib olmaslik sharti bilan bergan suhbatida.

Sayyora Xo‘jaevaning bildirishicha, ariza Bosh prokuraturaga maxsus pochta orqali yuborilgan. Nodavlat tashkiloti rahbari Bosh prokuratura 10 kun ichida sud chiqargan hukm ustidan protest kiritish huquqiga ega ekanini ta’kidlar ekan, bu masalada, albatta, keng jamoatchilik fikri e’tiborga olinishidan umid qilishini aytdi:

-Har bir jinoyatga uning naqadar og‘ir ekaniga qarab jazo choralari belgilanishi lozim. Afsuski, Marg‘ilondagi Mehribonlik uyida bolalarni muntazam kaltaklab, qiynab va hatto zo‘rlik qilib kelgan shaxslarga nisbatan o‘ta yengil jazo choralari qo‘llanildi. Bu holat retsedivga sabab bo‘ladi. Jamiyatda “Bunday jinoyatlar jazosiz qolaverar ekan”, degan noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘ladi. Buning oqibatida bu kabi jinoyatlar yana takror-takror sodir etilishi mumkin. Shuning uchun murojaatimiz oxirida Bosh prokurorga qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalangan holda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat sodir etganlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish borasidagi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qildik, -dedi Sayyora Xo‘jaeva.

Marg‘ilondagi 1-sonli Mehribonlik uyining sobiq rahbarlari va tarbiyachilariga nisbatan 18 aprelda boshlangan sud jarayoni avgustning boshida yakunlangani to‘g‘risida O‘zA 7 avgustda xabar bergan edi.

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ajratilgan mablag‘larni talon-taroj qilish, voyaga yetmagan bolalarni kaltaklash va qiynoqlarga solish, shaxsning homilasini majburiy ravishda sun’iy tushirish, voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish kabi qator ayblovlar bilan sudlangan sobiq direktor Kamol Yakubov va direktor o‘rinbosari Sobirjon Usmonov 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Bundan tashqari feldsher Ixtiyor Yo‘ldoshev 3 yilu 6 oyga, tarbiyachi Ravshan Abdufattoev 3 yilga qamaldi.

Tarbiyachilar Xurshida Yakubova, Nargiza Solieva, enagalar Dildora Jo‘raboeva va XanifaTo‘raevalarga 3 yil ozodlikni cheklash, bosh hisobchi A.Muydinova va hisobchi A.Saidkamolovaga 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan jami 10 nafar odamga hukm chiqarildi.

Sudning bu hukmi ijtimoy tarmoqlarning o‘zbek kontentida ham foydalanuvchilarning keskin norozililiga sabab bo‘ldi.

Foydalanuvchilar “sud o‘ta yengil jazo choralarini qo‘llagan” qabilidagi fikrlarni aytib, Marg‘ilondagi 1-sonli Mehribonlik uyining sobiq rahbarlari va tarbiyachilariga qat’yiroq jazo choralari qo‘llanilishini talab qilmoqda.

Bosh prokuratura hozircha jamoatchilikning bu talabiga munosabat bildirgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG