Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:42

O‘zbek to‘ylarini isloh qilish bo‘yicha Senatga qanday takliflar berildiyu¸ qaysilari o‘tdi?


Toshkent boylarining to‘yidagi dasturxon.
Toshkent boylarining to‘yidagi dasturxon.

Oliy Majlis Senati Kengashi 13 avgustda qabul qilgan qarorga binoan bundan buyon to‘ylar va boshqa oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish bilan fuqarolar yig‘inlari huzurida tuziladigan komissiyalar shug‘ullanadi.

Senat Kengashining 13 avgustdagi qarori to‘y-ma’rakalar yuzasidan so‘nggi 5 oydan buyon qabul qilingan uchinchi qarordir.

O‘zbekistonda to‘y-ma’rakalarni davlat tomonidan tartibga solishga urinishlarning Sovet davriga borib taqaladigan tarixini “boyitishga” Birinchi prezident Islom Karimov ham hissa qo‘shgan edi. Mamlakatning amaldagi prezidenti esa, yangi kampaniyaning tashabbuschisi bo‘ldi.

"Sep yoydi"ni ham, Love storyni ham taqiqlamoqchi edilar

Senatorlar masalaga naqadar jiddiy yondoshganini to‘ylarga doir joriy yil martida e’lon qilingan Nizom loyihasidagi mana bu banddan his qilish mumkin:

“Xalqimizning milliy an’analariga yot bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir vaqtidagi va keyingi qo‘shimcha, ya’ni “tanishuv”, “sep yoydi”, “quda tanish”, “ota ko‘rdi”, “ota keldi”, “charlari”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “kuyov navkari”, “kelin navkari”, “kelin salom”, “tog‘ora yuborish” va shu kabi boshqa tadbirlarni o‘tkazish man etiladi. Shuningdek, “pul qistirish”, “pul sochish”, odobsiz shoular, “sevgi tarixi” (“Love story”) kabi axloq-odobga zid bo‘lgan boshqa holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Bu me’yor nazarda tutilgan Nizom loyihasi Senatning jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Qarori loyihasiga ilova edi. 30 martdan kuchga kiritilishi rejalashtirilgan bu loyiha taklif qilingan ko‘rinishda prezident Mirziyoevning tanqidiga uchrab, qabul qilinmadi.

Natijada Senat 30 martda qabul qilgan qaror mazmuni tubdan o‘zgardi va uning asosida Respublika ishchi guruhi tomonidan oilaviy tadbirlarni tartibga solish yuzasidan keng jamoatchilik fikri o‘rganiladigan bo‘ldi.

Oradan 3 oy o‘tib, 29 iyunda Senat qabul qilgan ikkinchi Qaror bilan joylarda oilaviy tadbirlarni milliy va diniy qadriyatlarga mos holda, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz o‘tkazish yuzasidan doimiy monitoring yuritish tizimini yo‘lga qo‘yish, monitoring natijalari asosida tegishli hududning o‘ziga xos xususiyatlari, urf-odatlari hamda mavjud sharoitlaridan kelib chiqib, oilaviy tadbirlarni namunali o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarni xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilib borish nazarda tutildi.

Senatning 13 avgust kungi qarori esa, 29 iyundagi “qarorda belgilangan vazifalarning samarali ijro etilishini ta’minlash maqsadida” qabul qilindiki, bu hujjat bilan to‘ylarni nazorat qilish mas’uliyati mamlakatdagi fuqarolar yig‘inlari huzurida tuziladigan oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar zimmasiga yuklatildi.

Karimovdan Mirziyoevga o‘tgan "to‘y bosh og‘rig‘i"

Mustaqil O‘zbekistonda to‘ylarni tartibga solishga urinishlar tarixi Islom Karimov davriga borib taqaladi.Bundan 20 yil oldin, 1998 yil, 28 oktyabrda Prezident «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan edi.

Shundan so‘ng rasmiylarning bu sohadagi harakatlari vaqti-vaqti bilan, esga tushib ketganda o‘tkaziladigan kampaniyalarga aylandi.

Masalan, Toshkent shahar hokimi R. Usmonov 2012 yil, 18 apreldagi to‘ylarga oid qarorini qabul qilar ekan, 4 yil oldingi farmonga tayangan edi.

Xuddi shunday qarorni Toshkent shahar hokimi R. Usmonov o‘tgan yil avgustida ham qabul qildi.

Bu gal endi hokimning qaroriga Prezident Mirziyovning to‘ylar yuzasidan o‘tgan yil, avgust boshida Toshkent shahri Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida bildirgan fikrlari asos bo‘ldi.

O‘shanda Prezident: “Tasavvur qiling, oyligi yo‘q, ishi yo‘q, shifoxonaga borishga, dori olishga puli yo‘q odamga 20ta mashinada to‘y qilgan odam qanday ko‘rinadi? Yoqadimi? Men o‘ylayman, yoqmaydi. Adolatsiz. Man-man degan odamga bitta savol: shu zo‘r to‘y qilgan odam oyligiga qila oladimi? Eng oddiy fuqaromiz ham sal o‘zini tiklab olsin. Uni, kechirasiz, oddiy tilda aytganda, g‘azabini keltirmaylik”, - degan edi.

Bu gaplardan 5 kun o‘tib, Toshkent hokimi 2017 ning 7 avgustida shahar mahallalari rahbarlari bilan uch soat davomida selektor yig‘ini o‘tkazib, to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha qat’iy tartib joriy etilganini bildirgan edi.

Shunday qilib, poytaxt hokimi bundan bir yil muqaddam to‘y va boshqa marosimlarga 300 kishidan ortiq mehmon chaqirishni; kelin-kuyovning valьs tushishini, pul sochishni, gul otishini hamda tort kesishini taqiqlab qo‘ydi.

Restoran cheklovining amaldagi ko‘rinishi

Shunisi qiziqki, Toshkentdagi to‘yxonalar (to‘y o‘tkazishga mo‘ljallangan maxsus zallar) egalari hokimlikning “mehmonlar 300 kishidan ortmasin”, degan qarorini “300 kishidan kam bo‘lmasin”, deb tushunib olgan ko‘rinadi. Ushbu satlardar yozilayotgan 17 avgust kuni Ozodlik bilan bog‘langan toshkentliklardan biri ukasining to‘yi uchun to‘yxonaga buyurtma bergani borganida “300 kishi uchun pul to‘laysiz, shartimiz shu”, degan javobni eshitgan.

Ayni paytda to‘yxonalar egalarining ham o‘z mantig‘i bor. Joriy yilning martida Ozodlik bilan suhbatda ​ to‘yxonalardan biri boshqaruvchisi Senat mehmonlar sonini cheklash haqida qaror chiqarar bo‘lsa, to‘y va marosimlar uchun kishi boshiga to‘lanadigan narxning oshishi muqarrarligini aytgan edi:

- Elektr uchun¸ suv va gaz uchun to‘lovlar bir necha baravarga oshdi. Mulk solig‘i oshdi. Mehmonlar sonidan qat’inazar¸ bu chiqimlarni marosim xarajatiga qo‘shishga majburmiz. 500 kishiga sochilgan arenda xarajati¸ endi 150 odamga taqsimlanadi. Narx oshadi-da¸ albatta. Menyu narxini esa¸ to‘yga yaqin qolganda¸ bozorga qarab hisoblab beramiz.

Toshkent shahar hokimligining o‘tgan yilgi qaroriga qaytamiz

Hokimlik yana bir qator cheklovlarni, jumladan nikoh marosimida foydalaniladigan yengil mashinalar sonini cheklash, ovozkuchaytirgichlarni pasaytirish va shunga o‘xshash boshqa qator cheklovlar joriy etgan edi. Shuningdek, din xizmatchilariga kelin-kuyoning nikohi ham faqat FHDYo qaydidan keyin o‘qilishi lozimligi uqtirilgandi.

- Yangi tartibga muvofiq, FHDYo idoralari tomonidan nikohlanuvchi yoshlar ariza topshirish vaqtida yashash joylaridan, mahallalardan ma’lumotnoma olish talab qilinadi. Nikoh faqat ro‘yxatdan o‘tgan imom-xatib tomonidan o‘qilishi kerak, - degan edi majlisda qatnashgan mahalla raislaridan biri.

Mirziyoev davlat amaldorlariga to‘yga borishni taqiqladi

Prezident Mirziyoev joriy yilning erta bahorida to‘ylar mavzuiga yana qaytdi. 2 mart kuni Ozodlik pochtasiga kelib tushgan audiofaylda Shavkat Mirziyoev "ertaga Senat"ning davlat amaldorlarining to‘y-hashamlariga borishini taqiqlovchi qarori chiqajagini bildirgan. /a/navoiy-prezident-toy-taqiq/29075428.html

Audiodagi gaplari mantig‘idan ularning 27 fevral kuni import -eksport masalalariga bag‘ishlab Toshkentda o‘tkazilgan videoselektorda aytilganini taxmin qilish mumkin.

Rahbarlarga "tarixda bo‘lmagan uy¸ mashina va boshqa sharoitlarni qilib bergani" haqida gapira turib Prezident¸ ularni adolatsizlik va korrupsiyaga tortayotgan sabablardan biri to‘y-hashamlar degan ma’noda¸ ana shu tadbirlarni tartibga solish haqida gapirishga o‘tadi:

- Mana ertaga qaror chiqadi¸ Bosh vazirdan¸ hokimdan boshlab ijroiya organi vakillarining to‘y-marosimlarga borishi man etiladi. Choyxonalarda davlat mashinasini ko‘rgan kunim¸ o‘shalarni ishdan olib tashlayman¸ jazolayman.

Prezidentning shu gaplardan ko‘p o‘tmay, Senatning to‘ylarga oid birinchi qarori loyihasi e’lon qilindi.

To‘ylarni tartibga solish ishiga nafaqat senatorlaru hokimlar, balki boshqa strukturalar ham o‘z hissasini qo‘shishga shoshildi.

To‘y to‘sgan yoshlar yetakchisi

Yoshlar Ittifoq raisi, senator Qahramon Quronboevning shu yil 7 iyun kuni Namanganda to‘y kortejini to‘xtatib, kelin-kuyovni taksiga o‘tqazib yuborgani butun respublikada shov-shuv bo‘ldi.

Quronboevning bunday oshig‘ich “tirishqoqligi” Prezident Mirziyovning ham g‘ashini keltirganga o‘xshaydi, har holda Farg‘ona viloyatida o‘tgan videoselektor yig‘ilishi davomida Quronboevning nomini tilga olmagan holda, Prezident bunday degan edi:

"To‘ylarni yo‘lda to‘xtatgandan ko‘ra, senga o‘xshagan yoshlarning kattalari, dunyoqarashlaringni o‘zgartiringlar. Men to‘y masalasini, u bir yilda bo‘lmaydi, nima uchun cho‘zyapman, muhit paydo bo‘lishi kerak oldin. Prezident aytdi deb to‘yni to‘xtatish, bu Prezidentga xiyonat".

To‘yga chaqiriladigan xonandalar va aytiladigan qo‘shiqlar ro‘yxati

5 iyul kuni "O‘zbekkontsert" davlat muassasasi "to‘ylarga boradigan san’atkorlarning imtiyozli narxga ega ro‘yxati"ni e’lon qildi.

"To‘ylarni ixchamlashtirish va xalqqa yengillik yaratish" maqsadida tuzilgani aytilgan bu ro‘yxatga kirgan ashulachi va guruhlarning "osh tadbirlari va to‘y va yubileylar"ga necha pulga borishi aniq belgilab qo‘yilgan.

Oshga borish 500 mingdan 800 minggacha¸ to‘yga borishi 800 mingdan 1¸5 million so‘mgacha qilib belgilangan ro‘yxatda o‘zbekistonliklar orasida tanilgan biror san’atkor yoki guruh yo‘q.

Va nihoyat 2 avgustda, Prezident Toshkentning Olmazor tumanida ilk bor to‘ylar haqida gapirganidan roppa-rosa 1 yil o‘tib, “O‘zbekkonsert” davlat muassasi to‘ylarda aytiladigan qo‘shiqlar ro‘yxatini tuzish tashabbusi bilan chiqdi.

Detsentralizatsiya?

Bu tashabbusdan 11 kun o‘tib esa, Oliy Majlis Senati Kengashi to‘ylarni tartibga solish vakolatini fuqarolar yig‘inlari huzurida tuziladigan komissiyalarga o‘tkazib berdi, ya’ni “muammoni” detsentralizatsiyaladi.

Bu detsentralizatsiya liberallashuvga olib boradimi yoki aksincha, to‘ylar repressiyasini kuchaytiradimi – hozircha bir narsa deyish qiyin.

Ayni paytda...

To‘y-ma’rakalarni davlatning aralashuvi O‘zbekistoning ba’zi qo‘shnilarida ham mavjud.

Tojikiston Din qo‘mitasi 13 avgust kuni chiqargan qarorga ko‘ra, Qurbon bayramida qimmat dasturxon ëzgan fuqarolar 5 ming somoniy yoki 550 dollar miqdorida jarimaga tortiladi.

Bu mamlakatda 2007 yili qabul qilingan “Urf-odat va to‘y- ma’rakalarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun bilan bilan marosimga chaqiriladigan mehmonlar sonidan tortib sarflanadigan harajatlargacha cheklab qo‘yilgan.

XS
SM
MD
LG