Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:32

O‘zbekiston telekanallarida Islom Karimov ismini aytmaslik talab qilingani iddao qilinmoqda


Samarqandda marhum prezident Islom Karimov surati tushirilgan narsalar sotgan tujjorlar joriy yilning 17 may kuni jarimaga tortilgan edi.
Samarqandda marhum prezident Islom Karimov surati tushirilgan narsalar sotgan tujjorlar joriy yilning 17 may kuni jarimaga tortilgan edi.

O‘zbekiston MTRK tarkibidagi barcha kanallar muharrirlari joriy hafta boshida mamlakatni 1989 yildan 2016 yilgacha boshqargan marhum Islom Karimovning ismi efirda umuman aytilmasligi lozimligi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Bu haqda Ozodlikka O‘zMTRK ning uch xodimi - teleboshlovchi, telekanallardan biri Bosh muharriri va "Yoshlar" telekanali bo‘limlaridan biri boshlig‘i​ bir-biridan mustaqil ravishda xabar qildi. MTRKning uch xodimidan olingan bu ma’lumotlar yuzasidan Teleradiokompaniya rahbariyatidan hech bir shaklda izoh olishning, hozircha, imkoni bo‘lmadi.​

O‘zMTRK tarkibidagi kanallaridan biridagi jonli efir boshlovchisining Ozodlikka aytishicha¸ u va hamkasblariga «Islom Karimovning nomi efir setkasiga kirgan barcha dasturlarda aytilmasligi borasida Prezident Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonovdan «pryamoy zapret» kelgani to‘g‘risida bevosita rahbari aytgan:

- Agar Karimovning ismi efirda ketsa kallangdan ajraysan deyishdi. Bu gossovetnik Sultonovning buyrug‘i deb qo‘rqitishdi.

O‘zbekiston telekanallaridan birining Bosh muharririning aytishicha, MTRK rahbariyat tarkibiga kiruvchi barchadan «Islom Karimov ismini umuman tilga olmaslik» talab qilingan:

«Tavsiya emas talab qilindi. Ayniqsa, keksa avlodga mansub ziyolilarning Karimovni eslab gapirib qolish extimoli borligi uchun¸ bunday risk kategoriyasiga kiruvchilarni jonli efirga yaqinlashtirmaslik choralari ko‘rildi».

Ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan Bosh muharrirning aytishicha¸ Islom Karimov ismiga taqiq boshlanganiga bir oy bo‘lgan:

- Dushanba kungi majlisda yana eslatildi "Karimov nomi tilga olinmasin", deb. O‘zi yil boshidan beri Karimovning nomini kamroq aytinglar¸ Shavkat Miromonovich nomiga "yurtboshi" kalimasini qo‘shib aytib ulug‘langlar, degan tavsiya bor edi. Ammo mana bir oydirki, muharrirlar qo‘lida lupa bilan matnlardan Islom Karimov ismini qidirib topib, o‘chirib tashlab o‘tiribdi. Hozirgi kunda Karimovning nomini efirda berish diniy ekstremistlar yetakchisi Tohir Yo‘ldoshni ismini efirga berishdan ham xavfli bo‘lib qoldi.

O‘zMTRK tarkibiga kiruvchi "Yoshlar" telekanalida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlaydigan jurnalistga ko‘ra¸ «Kadrda Islom Karimov rasmi¸ haykali yoki ismi yozilgan lavhalar ko‘rinib qolishiga nisbatan ham taqiq joriy qilingan»

O‘zMTRK boshlovchisi, telekanallardan biri Bosh muharriri va "Yoshlar" telekanalida bo‘lim boshlig‘idan olingan bu bir xil mazmundagi ma’lumotlar yuzasidan Teleradiokompaniya rahbariyatidan hech bir shaklda izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘z TV kanallarida Karimov tasviri oldin ko‘p takrorlangan
O‘z TV kanallarida Karimov tasviri oldin ko‘p takrorlangan

"Tarix o‘zgarmasin"

O‘zTV veteran jurnalistlaridan biri¸ sobiq deputat Dadaxon Yoqubovning Ozodlikka aytishicha¸ «Tarix o‘zgartirilmagani ma’qul»:

"Kamina tarixni o‘zgartirishga butunlay qarshiman. Uning nomini Birinchi prezident sifatida tilga olish lozim. Ammo xalq deputatlarini lord sifatida, Mustaqillik asoschilari sifatida tarixga muhirlab qo‘yish lozim. 1990 yilgi, Birinchi deputatlarni, demoqchiman".

Rasmlar yig‘ishtirib olindi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qo‘lyozmalar instituti majlislar zalida Islom Karimov portreti osilib turgani bois institut rahbariga dakki berilgan. Ayni institutda tadqiqot olib borayotgan olimning aytishicha¸ o‘tgan hafta bu borada Fanlar akademiyasida o‘tkazilgan majlisda «Islom Karimov portretlari va u kishidan olingan iqtiboslar yozilgan lavhalar olib tashlanib yo‘q qilinishi buyurilgan».

Suhbatdoshga ko‘ra¸ «devoriy pannolardagi Islom Karimov ismi yozilgan matnlar o‘chirilgan¸ qo‘lyozmalar institutida mavjud bo‘lgan o‘nga yaqin Karimov portretlari institut xovlisiga olib chiqib yoqib yuborilgan».

Joriy yilning 17 iyun kuni Buxoro Davlat universitetida Islom Karimov kitoblari yuk mashinasiga solinib makulatura sifatida olib ketilgani haqida mazkur oliygoh talabasi Ozodlikka ma’lum qilgan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 20 avgust kuni Qashqadaryo va Samarqandda o‘rnatilgan Karimov haykali tagida va Samarqanddagi Al-Buxoriy majmuida mayda suvenirlar bilan savdo qilayotganlar reyd qilingan. Karimov aksi tushirilgan magnitka va taqvimlar sotayotgan savdogarlar jarimaga tortilgan¸mollari musodara qilingan.

Joriy yilning may oyida Samarqanddagi Islom Karimov ko‘chasida (sobiq Toshkent ko‘chasi) O‘zbekistonning marhum prezidenti siymosi tushirilgan kalendar¸ otkritka¸ magnitka va boshqa yodgorlik buyumlari bilan savdo qilayotgan tadbirkorlar IIB tarafidan o‘tkazilgan reyd davomida huquqbuzar sifatida ushlanib jarimaga tortilgan edi.

Berlindagi o‘zbek elchixonasida Karimov rasmlari turibdi

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi xodimi Azim Azotovning Ozodlikka 22 avgust kuni bildirishicha, "Elchixona binosidan Islom Karimov rasmlarini olib tashlash bo‘yicha ko‘rsatma hali berilmagan.Bino kiraverishida Islom Karimov nomi zikr qilingan marmar lavh hali ham turibdi. Shuningdek, binoda Islom Karimov portretlari oldingisi kabi hurmatu ehtirom bilan osig‘liq turibdi"

Birinchi prezident xotirasi abadiylashtirish yuzasidan bir qator ishlar qilingan

Prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yili Mustaqillik kuni munosabati bilan 31 avgustda so‘zlagan tabrik nutqida sobiq prezident Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar davom ettirilishini ta’kidlagan edi.

Ana shundan keyin 2017 yilning 2 sentabr kuni Samarqand shahrida Islom Karimov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan 2018 yil 30 yanvarda Qarshi shahrida Islom Karimovga haykal o‘rnatildi va Samarqandda Karimovga bag‘ishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish ishlari to‘la yakuniga yetkazildi.

2017 yilning 31 avgust kuni Toshkentdagi Oqsaroy rezidensiyasi oldida Islom Karimov haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

“Bugun barchamiz bir fikrda yakdilmiz: Birinchi Prezidentimizning Vatan va davlat oldidagi buyuk tarixiy xizmatlari, so‘nmas xotirasi xalqimiz qalbida abadiy yashaydi”, degan edi amaldagi prezident Mirziyoev marhum prezident Karimov haqida.

XS
SM
MD
LG