O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Moskva viloyatining Kotelniki shaharchasidagi turklarga qarashli qurilish firmasida ovqatdan zaharlangan 26 nafar o‘zbekistonlik shaxsiga oid ma’lumotlarni ochiqladi. Vazirlik zaharlanish oqibatida nobud bo‘lgan 33 yoshli xorazmlik Eshmetov Odilbek jasadini vatanga qaytarishda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tegishli choralarni ko‘rayotganini ham bildirdi.
"Shifoxonaga yotqizilgan muhojirlar ahvoli yaxshilanmoqda"
21 avgust kechqurun FVV o‘z rasmiy saytida Moskva viloyati, Kotelniki shaharchasidagi “Boyz-Konstrakshn” firmasiga qarashli qurilishda sifatsiz ovqatdan zaharlangan 26 nafar o‘zbekistonlikning shaxsiga oid ma’lumotlarni ochiqladi.
Rasmiy xabarda o‘zbekistonliklardan birining o‘lgani tasdiqlandi.
- 26 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Kotelniki shahar kasalxonasining tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limiga ovqatdan zaharlanish, ya’ni “Gastroenterit” tashxisi bilan yotqizilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, 18 avgust kuni, turli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilganligi hamda sog‘ligi yomonlashganligi va uy sharoitida o‘zlarini davolashga uringanligi lekin barcha urinishlar samarasiz bo‘lgach, Kotelniki shahar Tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limiga yordam so‘rab murojaat qilganligi aniqlangan. Tez tibbiy yordam brigadasi voqea joyiga yetib kelgan hamda 24 nafar jabrlanuvchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Ularning 23 nafari kasalxonaga yotqizilgan, 2 nafari davolanishdan bosh tortgan va bir nafari tibbiy yordam yetib kelguniga qadar vafot etgan, deyiladi FVV rasmiy ma’lumotnomasida.
Idora zaharlanib o‘lgan mehnat muhojiri 33 yashar xorazmlik Odilbek Eshmetov ekani va hozirda jasadning Moskva viloyati morgida saqlanayotgani ma’lum qildi.
Aytilishicha¸ O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi zimmasiga Eshmetov jasadini yaqinlariga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuklatilgan.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ jabrlangan migrantlar Moskva viloyatining Lyuberetskaya shahridagi 1-sonli va 2-sonli kasalxonalari, Ramenskaya markaziy kasalxonasi va Jukovskaya shahar kasalxonasiga joylashtirilgan.
Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Moskva viloyati bo‘yicha mutasaddilaridan biri Ozodlikka 23 nafar o‘zbek muhojiriga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani va ularning ahvoli yaxshilanayotganini bildirdi.
- Ular kerakli tibbiy yordamni olishmoqda. Zaharlanish sabablari aniqlanmoqda. Analiz natijalarini ko‘rib, nima bo‘lgani to‘g‘risida xulosa chiqaramiz. Shifoxonaga yotqizilganlarning ahvoli stabil, hayotlariga xavf tug‘diradigan biror xatar yo‘q. Analiz natijalariga qarab, keyingi davolanishni ham tayinlaymiz, dedi vazirlik rasmiysi Mixail Okoyomov.
“Ovqatdan aslida 200 kishi zaharlangan edi”
Kotelnikidagi qurilishda ishalaëtgan o‘zbekistonliklardan birining Ozodlikka aytishicha¸ “Boyz-Konstrakshn” turk firmasiga qarashli qurilish ob’ektiga olib kelingan tushlikdan 18 avgust kuni 200 yaqin ishchi zaharlangan va ich ketishi bilan mahalliy shifoxonalarga shikoyat qila boshlagan.
"Shulardan biri 20 avgust kuni soat 21:40larda hushini yo‘qotib, o‘rnidan qaytib turmadi. Bunga kim javob beradi: firmami davlatmi? Yosh umri xazon bo‘ldi! Ko‘pchilik bolalar firma doktoriga shikoyat qilib “qornim og‘riyapti” deb borsa, hammasiga paratsetamol berib yubordi. Yana 4-ta to‘rtko‘llik bola og‘ir ahvolda olib ketildi. O‘rtog‘imning aytishicha, ularga tovuq go‘shti berilgan ekan. Firmamiz doimo eskirgan mahsulotlardan ovqat beradi"¸ dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan suhbatdosh.
Mahalliy "Tez yordam" bo‘linmalari o‘zbekistonlik ishchilarda sug‘urta polislari yo‘qligi bahonasida avvaliga ularga tibbiy yordam berishdan bosh tortgan va faqat vaziyat jiddiylashgandan keyingina shifokorlarni jo‘natgan.
O‘zbekistonlik muhojir yigitga ko‘ra¸ hozirda “Boyz-Konstrakshn”ga tegishli ikkita qurilish ob’ektida ishchilarga javob berib yuborilgan va ishchilar yotoqxonasi to‘liq dezinfektsiya qilingan.
Suhbatdosh qurilish ob’ektiga qarashli oshxona va yotoqxonalar mahalliy sanitariya inspeksiyalari tomonidan tekshirilayotganini ham qo‘shimcha qildi.
Ozodlik Rossiyaning turli mintaqalarida sifatsiz oziq-ovqatdan o‘zbekistonlik ishchilarning ommaviy tarzda zaharlanishi holatlari to‘g‘risida oldin ham bir necha marotaba xabar bergan.