Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:25

Levada-sentr: Rossiyada millatchilik kayfiyati keskin kuchaydi


"Levada-sentr" ancha yillardan buyon Rossiya jamoatchiligi fikrini o‘rganib keladi
"Levada-sentr" ancha yillardan buyon Rossiya jamoatchiligi fikrini o‘rganib keladi

Moskvadagi “Levada-sentr” ijtimoiy fikrni o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyaliklar orasida boshqa millat vakillariga nisbatan salbiy kayfiyat keskin ortgan.

Kuzatuvchilar “Rossiya -ruslar uchun!” kabi millatchilik shiorlari tarafdorlari sonining ko‘payishi jamiyatda yuzaga kelayotgan iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklar bilan bog‘liq demoqda.

"Rossiya - ruslar uchun"mi?!

Oxirgi bir yilda Rossiyada boshqa millat vakillari yashashiga qarshi chiqayotgan rossiyaliklar soni keskin ko‘paydi. Bu haqda ijtimoiy so‘rov olib borgan “Levada-sentr” e’lon qildi.

“Nomaqbul” millatlar ro‘yxatining yuqori pog‘onalariga rossiyaliklar sigan-lo‘lilarni (o‘sish 17-dan 32 foizga), xitoyliklarni (15-dan 31 foizga), vyetnamliklarni (o‘sish 12-dan 26 gacha) va markaziy osiyoliklarni (o‘sish 19-dan 25 foizgacha) qo‘ydi.

"Rossiyada quyidagilar sonini cheklash kerakmi...?"
"Rossiyada quyidagilar sonini cheklash kerakmi...?"

Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar masalasida berilgan savolga so‘rovdan o‘tgan rossiyaliklarning 2 foizi markaziy osiyoliklar bilan turmush qurishi mumkinligi, 3 foizigina ularni hamkasb sifatida ko‘rish istagi borligini bildirgan.

“Umuman olganda, etnofobiya darajasi o‘tgan bir yilda 12 punktga ko‘tarilgan bir paytda, “rus bo‘lmagan”lik bilan bog‘liq boshqa pozitsiyalar 1,5 barobarga ko‘tarildi. Ya’ni salbiy munosabat doirasi keskin kengaydi”, deya xabar qiladi “Levada-sentr” sotsiologi Karina Pipiya “Vedomosti” gazetasiga bergan intervyusida.

Jamiyatshunos ksenofobiyaning rossiyaliklar orasida kuchayib borishiga hukumat olib borayotgan pensiya islohoti hamda iste’molchilik va ijtimoiy kayfiyatlarning yomonlashib borayotganini sabab qilib ko‘rsatdi.

Jumladan, “Rossiya - ruslar uchun!” g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchilar 10 foizdan 19 foizga ko‘paygani qayd etildi.

Bundan tashqari, “hukumat migrantlar oqimini keskin kamaytirishi kerak” degan fikrni ilgari surayotgan rossiyalik respondentlar soni 58 dan 67 foizga oshgani kuzatilmoqda.

"Millatchilik kayfiyati futboldan keyin kuchaydi!"

Millatchilik va irqchilik kayfiyatlarining keskin kuchayishi odatda Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va boshqa yirik megapolislarida kuzatiladi.

Moskvadagi “Fud-Siti” bozorida mehnat qilayotgan 49 yoshli Akmaljon Nasibov mahalliylarning millatchilik kayfiyati ayniqsa futbol bo‘yicha Jahon chempionati tugagandan keyin kuchaydi, deydi:

- Ikki oycha bo‘ldi – futboldan keyin ayniqsa kuchayib ketdi bu narsa! Avtobus, elektrichka, metroda – oldin bunchalik ko‘zga tashlanmas edi. Iqtisodiy krizis tufayli “migrantlar ketsin – rossiyaliklar pulini olib qo‘yyapti”, degan ma’noda fikrlar bor. Pensiya yoshi oshyapti – migrant aybdor, oylik bermayapti – bungayam migrant aybdor, Rossiyaga qarshi sanksiya uchun ham migrant aybdor!

"Rossiyaga kimlar kiritilishini cheklash kerak?"
"Rossiyaga kimlar kiritilishini cheklash kerak?"

Ayni damda, mutaxassislar va kuzatuvchilar millatchilik kayfiyatining Rossiyada oshishi tasodifiy emasligiga e’tibor qaratishayapti. Ular “Amerika, Ukraina va G‘arbga qarshi nafrat” Rossiyada yashab mehnat qilayotgan “kelgindilarga” qaratilishini bashorat qilishmoqda.

Chingiz Aytmatov nomidagi “Chegara bilmas muloqot” Xalqaro jamg‘armasi prezidenti Farhod Ustajalilov Ozodlik bilan suhbatda rus jamiyatidagi salbiy siljishlarni iqtisodiy va siyosiy sabablarga bog‘ladi:

- Eng avvalo buning iqtisodiy sabablari bor. Chunki odamzot necha yillar davomida o‘zining iqtisodiy ahvolini yaxshilash uchun kurashib keladi, qaysi jamiyat bo‘lmasin! Hozir aholining turmush darajasi judayam tushib ketdi – odamlarning ichidagi nafrat esa tashqariga chiqib ketayapti. Amerika va boshqa davlatlar Rossiyaga kiritgan sanksiyalar iqtisodga juda qattiq zarar keltirib, xalqning turmush darajasini pasaytirib yubordi. Hukumat esa, pulni ijtimoiy sohadan – pensionerlar cho‘ntagidan chiqarishni boshladi. Bu narsa avtomatik tarzda ksenofobiyaga olib keladi. Rahbariyat esa, “Bu biz emas – bu musulmonlar, kavkazliklar va boshqalar qilayapti” deb, odamlarning ongiga propaganda orqali singdirayapti! Ikkinchidan, odamlarning Rossiyada bilim darajasi pasayib ketgan: ma’naviy bilimlar berilmayapti, konfessiyalar o‘rtasida, millatlararo muloqot yo‘q bo‘layapti..

Britaniyaning Solsberi shahrida ikki tomonlama sobiq agent Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning zaharlanishi munosabati bilan AQShning Rossiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalari kuchga kirdi. 27 avgust kuni jarima choralari Federal reestr – AQSh hukumatining rasmiy jurnalida e’lon qilindi.

Sanksiyalar favqulodda gumanitar yordamdan tashqari, Rossiyaga tashqi yordam berilishi to‘xtatilishini ko‘zda tutadi. Rossiyaga oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari, shuningdek moliyaviy yordamlardan voz kechiladi, Rossiyaga har qanday kredit va kredit kafolatlari berilmaydi.

Ekspertlar buning ortidan rubl qadri tushishi va mamlakatning iqtisodiy ahvoli yanada og‘irlashishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

XS
SM
MD
LG