Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:33

OzodMikrofon: “Bosh prokuratura ham meni ishga qayta tiklay olmadi"


Ozodlik radiosining Bishkek byurosiga Toshkent va Xorazmdan kelgan ikki nafar ayol O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari va rahbarlarning adolatsizliklaridan shikoyat qilishdi.

OzodMikrofon: “Озодлик радиосига шикоят қилганимдан сўнг мени ишдан бўшатишди”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:55 0:00

“OzodMikrofon”ga gapirgan birinchi suhbatdoshimiz Tojigul Genjaeva Xorazm viloyati Shovot tumanidan kelganini aytdi. Tojigul Genjaeva 2017 yilning 21 aprelida birinchi marta Ozodlik radiosiga murojaat qilib, 24 yillik shifokorlik tajribasiga ega bo‘lishiga qaramasdan tuman markaziy kasalxonasi labaratoriyasi bo‘limi mudirligi vazifasidan noqonuniy bo‘shatilib, oddiy laborantlikka o‘tkazilganini aytgan edi.

Tojigul Genjaevaning iddao qilishicha, u Ozodlik radiosiga shikoyat qilganidan so‘ng bosimlarga uchrab, bira-to‘la ishdan haydalgan.

-Bu murojaatimdan so‘ng menga hech qanday yordam bo‘lmadi. Aksincha milliy xavfsizlikka chaqirtirishib: “Nega Ozodlik radiosiga chiqding”, deb bosim ko‘rsatishdi. “Bolalaringga ham kislorodni to‘sib qo‘yamiz”, deb tahdid qilishdi. Bosh vrach ham har bir masjlisda Ozodlikka shikoyat qilganimni gapirib, bosimlar o‘tkazib yurdi. O‘sha paytda men prokuraturaga qilgan murojaatlarimga javob ololmaganim uchun, meni noqonuniy ishdan bo‘shatishgani uchun Ozodlikkka gapirgan edim, -dedi Tojigul Genjaeva.

Suhbatdoshning bildirishicha, u 2017 yil 21 iyuldan beri ishsiz yuribdi. Shu davr ichida u bosh prokuraturaga uch marta murojaat qilgan.

Genjaevaga ko‘ra, bosh prokuraturaning 15-bo‘limi xodimi Erkinboy Tojiev uning arizalarini ko‘rib chiqib, tuman prokuraturasiga uch marta ishni ijobiy hal qilib berish masalasida topshiriq bergan. Biroq mahalliy rahbarlar bu topshiriqni bajarmaganlar.

-15-bo‘limi xodimi Erkinboy Tojiev arizamni ko‘rib chiqib, viloyat prokuraturasiga telefon qildi. Men viloyat prokuraturasiga bordim. Viloyat prokuraturasi meni tuman bandlik bo‘limiga jo‘natdi. Bandlik bo‘limi menga ishga yo‘llanma berdi. Biroq hali Bandlik bo‘limidan chiqmasimdan turib Marhabo ismli qiz qo‘limdan yo‘llanmani olib qo‘ydi. Shundan so‘ng yana viloyat prokuraturasiga bordim. Ular mening masalamni ijobiy hal qilishga va’da berishdi. Men o‘n kun kutdim. O‘n kundan keyin viloyat prokuraturasiga borsam, meni ichkariga kiritishmadi, -dedi “OzodMikrofon”ga Tojigul Genjaeva.

O‘shdan Toshkentga 2005 yilda kelin bo‘lib borgan Malika Hayitova esa bir yildan beri sudlar uning sobiq turmush o‘rtog‘iga bildirayotgan mulk iddaolari bo‘yicha jarayonni ortga surib kelayotganidan shikoyat qildi. Malika Hayitovaning iddao qilishicha, sud jarayoni asossiz cho‘zilayotgani to‘g‘risidagi shikoyatlariga prokuratura ham javob bermagan.

-2017 yildan beri prokuratura va boshqa joylarga murojaat qildim. Biroq birortasidan natija bo‘lmadi. Hozir qiynalib, Toshkentdagi “Pchelka” degan magazinning ichida yashayapmiz. Sobiq turmush o‘rtog‘im firibgarlik yo‘li bilan hamma mulkimizni, meni balog‘atga yetmagan qizim bilan Toshkentga ko‘chirib olib kelib, mulkni o‘zlashtirib, bizni ko‘chaga irg‘itib yubordi,-deydi Malika Hayitova.

Suhbatdoshimiz Toshkentga ko‘chib kelayotganida O‘shda 52 ming dollarlik mol-mulkini sotib, turmush o‘rtog‘iga biznes qilish uchun berganini iddao qildi. Malika Hayitovaga ko‘ra, uning qo‘lida sobiq erining pulni olgani to‘g‘risidagi tilxat va boshqa hujjatlar mavjud.

Malika Hayitova bu masalada sudga shikoyat kiritgan. “Biroq Toshkent shahar Bodomzor tuman fuqarolik ishlari sudi bir yil davomida bu ish yuzasidan biron marta majlis o‘tkazmadi. Muntazam jarayonni ortga surib kelmoqda”, deb iddao qiladi Malika Hayitova.

--------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 602 612 713 va +420 776 368 434 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG