Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:46

Karimov o‘limining ikki yilligi arafasida "Karimov davri"ni qoralash kampaniyasi boshlandi


2018 yilning 2 sentabrida mustaqil O‘zbekistonning 1-prezidenti¸ mamlakatni 27 yil bilan qattiqqo‘llik bilan boshqargan Islom Karimov o‘limi rasman e’lon qilinganiga ikki yil to‘ladi.

O‘zbekiston Mustaqillik bayrami bilan ketma-ket keladigan bu sana arafasida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan o‘tgan yilgi tadbirlar o‘rnini nomini tilga olmasdan¸ Karimov boshqaruvini qoralovchi chiqishlar¸ uning yakka hokimiyatini mustahkamlashga xizmat qilganlarning "tavba-tazarrulari" egallay boshladi.

Xususan¸ 28 avgust kuni taniqli publitsist¸ uzoq yillar “Tashkentsaya pravda” gazetasi bosh muharrriri bo‘lib ishlagan A’lo Xo‘jaevning Karimov davrini jiddiy tanqid qilgan maqolasi chop qilindi. O‘sha kuni Toshkentdagi “Yoshlar press klubi”da bo‘lib o‘tgan tadbirda “Karimov davridagi xatoliklar bois o‘sha davrda xalq norozi bo‘lgani va 25 yil mobaynida insonlar ma’naviyatiga tajovuz qilingani” ta’kidlandi.

Uchrashuvda qatnashganlarning Ozodlikka aytishicha, tadbir “Yoshlar ma’naviyati: Muammo va yechimlar” deya atalgan bo‘lsa ham¸ asosan Karimov boshqargan 25 yillik davrga salbiy munosabat bildirilgan.

Tadbirda qatnashgan bloger Sanjar Saidovning yozishicha, tadbirda asosiy spiker sifatida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Alisher Qodirov va Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati¸ marhum prezident Islom Karimovning sobiq matbuot kotibi Azamat Ziyo chiqish qilgan. Blogerga ko‘ra¸ bu chiqishlarda Karimov davri qoralangan.

Ayni uchrashuvda qatnashgan va ismi efirda aytilishini istamagan yana bloger Ozodlikka bu ikki spiker aytgan gaplar stenogrammasini taqdim qildi. Stenogrammadan ma’lum bo‘lishicha¸ Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Alisher Qodirov Karimov boshqargan 25 yilni “ma’naviyatga tajovuz qilingan davr” deb baholagan.

“To‘g‘ri, biz tan olamiz ko‘tarilgan muammolar o‘ta dolzarb¸ lekin aholimizning bunchalik noroziligi bu aslida o‘tgan 25 yil davomida «o‘shaning davrida» ( Islom Karimov nazarda tutilmoqda -tahr.) qilingan xatoliklarning aksidir. Bu 25 yil davomida insonning ma’naviyatiga qilingan tajovuz bilan bog‘liq...”degan jumladan O‘zbekiston ma’naviyati uchun mas’ul rahbar jumladan.

Ayni yig‘inda gapirgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati¸ marhum prezident Islom Karimovning sobiq matbuot kotibi Azamat Ziyo esa¸ 1991 yildan to 2016 yil kuziga qadar “shaxs va jamiyat mustaqil emas edi” deya ta’kidlagan.

“O‘zbekiston 1991 yilda mustaqillikka erishdi, lekin shaxs va jamiyat mustaqil emas edi. Faqatgina 2016 yil kuziga kelib bizda shaxs va jamiyat to‘la ma’noda erkin va ozod bo‘ldi.”

Bu tadbir o‘tayotgan kuni Vesti.uz nashrida chop qilingan maqolada esa "despotizm Karimov zehniyatiga Stalin davrida sut bilan kirgani va u 25 yil davomida mamlakatni dunyodagi eng dahshatli qamoqxonaga aylantirgani” ta’kidlanadi.

“Karimov o‘lganiga ikki yil bo‘ldi¸ uning saltanatiga baho berish payti keldi”¸ degan jumlalar bilan boshlangan maqola davomida o‘nlab faktlar bilan “Karimov mamlakat va xalqni boshi berk ko‘chaga tiqqani” urg‘ulanadi.

“Karimov davrida biz soqov va qo‘rqoq parlament¸ amorf va yuzsiz hukumat¸ burchakka tiqib tashlangan jamiyat¸ har bir simyog‘och tagida turadigan militsioner va ustiga tuproq tortilgan matbuotga ega bo‘ldik. 30 million xalq uchun bir siyosatchi¸ bir ideolog¸bir o‘qituvchi¸ birgina sudya va yagona prokuror bor edi”¸deb yozadi Karimov haqida publitsist A’lo Xo‘jaev.

14 avgust kuni O‘zbekiston xalq shoiri¸ senator Iqbol Mirzo O‘zA nashrida chop qilingan maqolada Karimov davrini "qora tushga" tenglashtirdi. Senator oldingi Prezident davrida "ko‘pchilikning kelajakka umid shamlari birin-ketin o‘cha boshlaganligi"ni bildirib “Karimov davrini qoralash mavsumini” boshlab berdi.

O‘zbekiston xalq shoiri¸ O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sobiq raisi Jamol Kamol Ozodlik bilan suhbatda “yuqorining buyrug‘i bilan bo‘lsa ham Karimov davrini qoralayotganlarni” olqishlashini bildirdi.

- Ularning aytganlari to‘g‘ri - Karimov davri zulmat edi. Karimov xalqni qatag‘on qilgan edi. Men bundan ikki yil oldin hozirgi rahbarimiz Shavkat Mirziyoevga maktub yozib¸ Toshkent xalqaro aeroportiga Karimov nomini qo‘ymang¸ muzey va haykallar qurishdan oldin bu shaxs faoliyatiga tanqidiy baho beraylik¸ deb chiqqanimda ko‘pchilik meni quvvatlamadi. Bugunga kelib yurt oydinlari¸ jurnalistlar bu gapni ayta boshlagani ma’qul ish. Nega ular Karimov tirik paytida buni aytmadi¸ deyish insofsizlik bo‘lar edi. Karimov ularni yo‘q qilgan bo‘lar edi¸ deydi yozuvchi Jamol Kamol.

Toshkentlik jurnalist Sergey Yejkov 30 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda “o‘z vaqtida Karimov oxuridan yem yeb semirganlarning u o‘lganidan keyin tanqid qilishga ma’naviy haqqi yo‘q”¸ degan fikrni bildirdi:

- Masalan men, hali Karimov tirik paytida uni feodal-qullik tizimi yaratganlikda ayblaganman. Lekin Azamat Ziyo va Iqbol Mirzolar o‘sha paytda Karimovni ulug‘lash bilan band ediku! Bugun Karimov o‘lib¸ o‘zi uchun javob bera olmaydigan holga kelganida botirlanib uni toptashda xayr ko‘rmayman¸ deydi Uzmetronom internet gazetasi muharriri.

Ayni paytda Sergey Yejkov “Karimov davrining kechagi kun ekani va ko‘proq bugungi kun va erta haqida o‘ylash ma’qulligini ham aytadi:

- Orqadagi yoqilgan ko‘priklar gulxani oldimizdagi yo‘lni yoritadi¸ degan Hayyomning ruboiysi bor. Shu bois kechagi zulmatni emas¸ ertangi yorug‘likni o‘ylaganimiz ma’qul¸ deydi bu suhbatdosh.

Karimov o‘limidan ikki yil o‘tdi. Shavkat Mirziyoev o‘z chiqishlarida Karimov davrida qaror topgan siyosiy tartibni tanqid qilgani holda, hozirga qadar mas’uliyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaxsan birinchi prezidentning o‘ziga yuklamadi.

Birinchi prezident o‘limidan ko‘p o‘tmay¸ Mirziyoev topshirig‘i bilan uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Islom Karimov jamg‘armasi tashkil etildi va Toshkent¸ Samarqand va Qarshida marhum prezidentning haykallari o‘rnatildi.

XS
SM
MD
LG