Moskva metrosida politsiya xodimini otib o‘ldirganlikda gumonlanayotgan 42 yoshli qirg‘izistonlik Nurlan Muratov hibs etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda Moskvada navbatdagi bor migrantlardan “zachistka” amaliyotlari boshlanishi to‘g‘risida xabarlar tarqalayotgan bir paytda huquq himoyachilari Moskva metropolitenida Rosgvardiya xodimlari asosan muhojirlarni to‘xtatayotganidan xavotir izhor etmoqda.
Nurlan Muratov politsiyachini o‘ldarganlikda gumonlanmoqda
Rossiya vatandoshi bo‘lgan 42 yashar Nurlan Muratovga Moskvaning “Kurskaya” metro bekatidagi politsiya bo‘limida politsiya xodimini otib o‘ldirganlik ayblovi e’lon qilindi.
Bu haqda xabar qilayotgan Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy saytida aytilishicha, qirg‘iz muhojiriga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 317 moddasi – huquq tartibot organi xodimi hayotiga tajovuz asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
- Kechki payt, 2018 yilning 2 sentabrida Moskva Metropolitenining Kurskaya metro bekatidagi qo‘shimcha xonasida boshidan yaralangan politsiya xodimi tanasi topildi. Politsiya xodimi bundan oldinroq bir shaxsni hujjat tekshirish vaji bilan to‘xtatgani aniqlandi, - deyiladi tergov idorasi bildirishnomasida.
Unda yaqin kunlarda ayblanuvchiga nisbatan jazo chorasi sifatida hibsda saqlash bo‘yicha sudga murojaat hozirlanayotgani ma’lum qilingan.
"Men uni o‘ldirganim yo‘q!"
Tergov qo‘mitasi ayblanuvchi borasida ortiqcha ma’lumotni tarqatmayotir.
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Nurlan Muratov O‘sh viloyatining Qora-Qo‘lja qishlog‘ida tug‘ilgan va 2010 yilda Orenburgda Rossiya grajdanligini olib, bola-chaqasi bilan Moskvaga ko‘chib o‘tgan.
“Komsomolskaya pravda” nashri 42 yoshli Nurlan 1999 yilda “Botken voqealari”dagi harbiy to‘qnashuv paytida boshidan yaralangani va psixikasi biroz buzilganini xabar qildi.
Politsiya xodimi 23 yashar Andrey Rayskiy 3 sentabr oqshomida yonidagi pistolet o‘qidan o‘ldirilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan nazorat kameralaridagi videodan politsiya bo‘linmasidan chiqqan Nurlan Muratov perronda pol yuvayotgan farrosh ayolga nimadir degani va kelgan poezdga chiqib ketganini ko‘rish mumkin.
Moskvada e’lon qilingan “Sirena” qo‘lga olish rejasi asosida Muratov biroz o‘tmasdan qo‘lga olingan.
Tergovchilar politsiyachi Andrey Rayskiy Muratovni hujjat tekshirish uchun to‘xtatib, xonasiga olib kirgani, u yerda esa muhojir hojatxonaga chiqish bahonasida politsiyachiga tashlanib, uni “Makarov” pistoletidan otib o‘ldirganini iddao qilmoqda.
Biroq, birinchi so‘roq paytida Nurlan Muratov vaziyatni boshqacha tasvirlab berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mast holatda uyidan qaytayotganida Rayskiy uni to‘xtatadi va hujjat so‘raydi.
Rossiyalik bo‘lgan Nurlan hujjatlarini uyda qoldirganini aytadi.
- U menga eshik oldida turib turishimni aytdi. Keyin u ichkariga kirdi va u yerdan bitta o‘q ovozi eshitildi. Kim otganini bilmayman – men eshik oldida edim. Keyin men baqirishga tushdim, yordamga chaqirdim. Qo‘rqqanimdan chiqib ketdim u yerdan. Ketishdan oldin men tez yordam chaqirtirdim. Men uni o‘ldirganim yo‘q, - dedi Nurlan.
Moskva metrosida tekshirishlar kuchaydi
Moskvada politsiyachining o‘ldirilishi ortidan mehnat muhojirlariga nisbatan navbatdagi “zachistka” va “reydlar” o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarlar tarqala boshladi.
Moskva politsiyasi Andrey Rayskiy bundan oldinroq ishdan ketish to‘g‘risida ariza yozgani va o‘ldirilgan kuni oxirgi smenasi bo‘lganini bildirdi.
“SMI-li” Telegram kanali Rossiya poytaxti ichki ishlardagi anonim manbalarga tayanib Moskvada yaqin orada norasmiy “Gastarbayter” amaliyoti boshlanishini xabar qildi.
“Amalda bu O‘rta Osiyodan kelgan migrantlarning ish (qurilish, magazin, “Jilishchnik») va yashash (yotoqxonalar, yerto‘lalar, ijaradagi kvartiralar) joylarini tekshirishdir. Viza rejimini buzganlar deportatsiyani kutayotganlar uchun “otstoynik”larga joylashtiriladi, qurol va narkotik bilan tushganlarni –qamaydi, “borziy”larni – yasaydi”, - deb yozdi kanal moderatori.
Xabarchi bundan oldin Moskvada muhojir taksichilardan biri YHX xodimini urib ketganidan keyin “Taksi” amaliyoti boshlangani va barcha taksichilar “shmon” qilinganini eslatdi.
Ayni paytda, Moskvadagi huquq faollari mehnat muhojirlariga ommaviy tekshiruvi avj olganini tasdiqlamoqda.
Migrantlarning bepul himoyachisi Valentina Chupik 3 sentabr kunidan boshlab unga politsiya oblavali to‘g‘risida o‘nlab murojaatlar bo‘lgani va bo‘layotganini Ozodlikka aytib berdi.
- Bu haqiqat, kecha kunduzgi soat 2-lardan boshlab metroda migrantlarni ommaviy tarzda ushlab qolish bo‘yicha qo‘ng‘iroqlar tunggacha tinmadi. Ularni politsiya emas, Rosgvardiya xodimlari ushlayotganiga e’tibor qaratmoqchiman. Ular odamlarni ushlab, o‘zlarini tanishtirmasdan, hujjatlarni talab qilmoqda. Muhojirlarni janjalga provokatsiya qilib, politsiya xonalarida kaltaklashmoqda. Kechaning o‘zida menga yuzdan ortiq odam murojaat qildi. Bugun ertalabki 10largacha davom etib, hozir biroz kamaydi, dedi huquq faoli.
Valentina Valentinovna metropoliten prokuraturasi va huquq faollariga politsiya bedodligi ustidan murojaat qilganidan keyin, rosgvardiyachilar qonunbuzarliklari biroz kamaydi, dedi.
- Rosgvardiya xodimlari bu tekshirishlar va kaltaklashlar “Kurskaya” metrosidagi politsiyachining o‘limi bilan bog‘liq ekanini ochiqchasiga aytishibdi. Ryazanskaya metrosida kaltaklangan bollarga ular “ Senlar bizni o‘ldirayapsanlar – biz ham senlarni o‘ldiramiz!”, deb tahdid qilibdi, - dedi huquq faoli Valentina Chupik.