Peterburgning migratsiya politsiyasi ishga ruxsatnoma rasmiylashtirayotgan mehnat muhojirlarini ularga qarshi “kompromat ma’lumotlar topilsa” patentlarini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirmoqda.
Kuzatuvchilar migrantlarga berilayotgan “majburiyat xatlari” bu shaharda avj olgan migratsiya qonunbuzarliklari holatlari bilan bog‘liq ekanini aytmoqda.
Sankt-Peterburgning “Krasnoe Selo” Ko‘ptarmoqli migratsiya markazida ishga ruxsatnoma – patent rasmiylashtirayotgan ko‘plab muhojirlarga berilayotgan g‘aroyib hujjat nusxasi Internetda tarqaldi.
Feysbukning “Mi, migranti” jamoasiga Peterburgdan yuborilgan «Majburiyat» deb atalgan bu hujjat quyidagilar bitilgan:
“Men, _______ grajdani (Familiyasi, ismi-sharifi), Mintaqadagi yashash joyim __________________, telefonim_______, men haqimda kompromat ma’lumotlar olinsa patentim bekor qilinishi borasida OGOHLANTIRILDIM.
Rossiya IIVsining Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo‘yicha Tashqi migratsiya masalalari bosh boshqarmasining birinchi talabi bilanoq mehnat migratsiya masalalari bo‘yicha bo‘limga KELIShNI VAʹDA BERAMAN.
Sana_________, imzo.”
Ozodlik bilan suhbatlashgan hujjat egasi, tojikistonlik Qurbonali Sattorov muhojirlardan nima uchun bunday tilxat olinayotgani sabablarini bilmayotganini aytdi:
- Ular menga bo‘sh qog‘ozni berishdi va to‘ldirishimni so‘rashdi. “Qachon kelganing, nima uchun kelganing, qanday kelganingni yoz”, deyishdi – men yozdim. Chegaralarni qachon va qaerda kesib o‘tganimni, pasportimdagi har bir urilgan muhr nima uchun va qachon urilganini tushuntirib yozishimni aytishdi. Man tushunmadim – nima uchun berishdi bu qog‘ozni.... Ular bu qog‘ozni hammadan ham so‘rashayotgani yo‘q. Ro‘yxat bilan chaqirib, ayrimlarga berishayapti. O‘shani yozib, juma kuni soat 2-larga borib topshirishim kerak,keyin ular tekshirib, patent berar ekan.
Ozodlikka taqdim etilgan hujjatda xorijlik shaxs uyidan qachon chiqqani, O‘zbekiston-Qozog‘iston chegaralarini kesib o‘tgan sanalarni yozib qoldirganini ko‘rish mumkin.
Bunday hujjat bilan tanishib chiqqan yana bir migrant – Muhammad bu hujjatni to‘ldirmaganlarga patent berilmasligini aytishdi, deydi:
- Mening tanishimga poezd va avtomobilda kelganlarning hammasi mana shu qog‘ozni to‘ldirishlari kerak, to‘ldirmagan ketaversin – patent olmaydi, deyishibdi. Odamlar u yerda norozi bo‘lishdi, imzolamaganni chiqarib yuborishibdi. Peterburgdagi FMSda bespredel ilgaridan bor! Men bu masalada yuristlar bilan suhbatlashdim va ular bunday qonun yo‘qligini aytishmoqda. Men 144- xonadan “otkaz” olganlarni ham ko‘rdim. Bu hujjatga imzo qo‘yib odam o‘ziga hukm chiqarayapti ekan-da!
Suhbatdosh bu tilxat hech qaysi bir rasmiy hujjat bilan tasdiqlanmagani va aslida mahalliy migratsiya bo‘limi rahbariyatining shaxsiy istagi ekanini taxmin qildi.
“Krasnoe Selo” ko‘ptarmoqli markaz xodimlaridan biri Ozodlik so‘roviga bunday hujjatlar berilayotgani borasida hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirdi.
"Peterburgda qalbaki hujjatlar bilan yurganlar soni ko‘payib ketgan!"
Hujjat bilan tanishib chiqqan huquq faollari tilxat bilan Sankt-Peterburg prokuraturasi, Inson haqlari bo‘yicha vakil va shahar politsiyasi boshqarmasi boshlig‘i huzuriga “davlat xizmatini bajarishdan bosh tortish” asosida arz qilishni tavsiya qilmoqda.
Biroq, Peterburgdagi jamoatchilik faoli Bek Tohirovga ko‘ra, mazkur tilxat shaharda migratsiya va ishga ruxsatnoma berish masalasida yuzaga kelgan tartibsizlik tufayli qalbaki hujjatlarni tarqatuvchilar soni ko‘paygani bilan bog‘liq ekanini taxmin qildi.
- Bu hujjat asosan kirdi-chiqdi qilib, patent olayotganlardan olinayapti. Hozir chalasavod falshivka patent qiladiganlar ko‘payib ketgan. Ular FMS oldida turib oladi: odamlarni aldab, “ulgurmay qoldingiz, deb qalbaki Belarus va Qozog‘iston muhrlarini bosib, “kirdi-chiqdi” qilib berayapti. Bu tilxat bir yil ishlab qo‘yganlardan olinayapti ekan. 3,5 ming rublli registratsiyani printerdan chiqarib, qalbakilashtirishayapti 500 rublga. Ular juda ko‘payib ketdi! – deydi Bek.
O‘zbekistonlik faol ayrim firibgarlar mahalliy politsiya xodimlari bilan hamkorlikda ishlayotganini allaqachon hamma bilishini iddao qildi.
- Patentni bazadan tekshirsangiz chiqaveradi – cheklar va registratsiya esa qalbaki! Bu yerda FMS oldidagilar hammasi “krisha” qilib olgan. Bir kunda 100 minggacha pul topishadi. Bu ish uchun ular politsiyachilarga dolya berayapti – birgalikda qilmasa turmaydi bular bu erda! O‘sha erga borsangiz ayol-qizlar, yosh bollar “Dokument qilamiz!”, deb yuribdi. Oddiy odamlar o‘zi borsa kira olmaydi ichkariga – 2-3 minglik navbatga qo‘ymaydi. Bular sun’iy ravishda katta navbatlarni yaratishmoqda, deya taxmin qildi Bek Tohirov.
Ozodlik 2017 yilning aprelida Sankt-Peterburg metropolitenida sodir bo‘lgan portlash oqibatida shahar va viloyatda qattiq tekshiruvlar boshlangani va migratsiya qoidalari yanada kuchaytirilgani bir necha bor xabar qilgan.