Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:42

Suriyada Assadning hujum rejasiga qarshi minglab odam namoyishga chiqdi


7 sentabr kuni Suriyaning Idlib viloyatida minglab odam prezidenti Bashar al-Assadning isyonchilar boshqaruvida qolayotgan viloyatni qayta qo‘lga olish rejasiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaga chegaradosh Idlib viloyatida Suriya hukumatiga qarshi kurashayotgan o‘n minglab isyonchi boshpana topgan.

BMT Idlibni qaytarib olish uchun Suriya hukumati qo‘shinlari boshlaydigan hujum halokatli oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirib keladi.

Namoyishlardan oldin Rossiya, Turkiya va Eron yetakchilari uchrashib, hujum ortidan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan fojianing oldini olishni muhokama qildilar. Tehron va Moskva Assad kuchlarining viloyatni zabt etish rejasini qo‘llab keladi.

Uchrashuvda qatnashgan Turkiya prezidenti rejalashtirilayotgan amaliyot juda ko‘p qon to‘kilishiga olib kelishi hamda minglab odamni o‘z uyini tark etishga majburlashi haqida ogohlantirdi. Ammo uchrashuv davomida Idlibda o‘q otishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi. Bu esa Assadga o‘z rejasini amalga oshirish uchun yo‘l ochib beradi.

Suriyadagi urushni kuzatib kelayotgan tashkilot uch davlat yetakchilari Tehronda muzokara olib borayotgan paytda Rossiya va Suriya kuchlari havodan onda-sonda hujum qila boshlaganini xabar qildi.

Hukumat kuchlarini to‘xtatib qolish umidi so‘nar ekan, Idlibda hamda qo‘shni Halab viloyatida minglab odam Assad rejasiga qarshi namoyishga chiqdi.

Namoyishchilar Assadni qoralab, amaliyotni boshlamaslikka chorladi. Ayrim namoyishchilar esa Assad kuchlari Idlib yaqinida to‘planayotgan bir paytda hech bir chora ko‘rmayotgan xalqaro hamjamiyatni qoraladi.

Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari observatoriyasining bildirishicha, Rossiya havo hujumlari Idlib viloyatining “Ahrar al-Shom” hamda “Al-Qoida”ga aloqador “Tahrir al-Shom” guruhi boshqaruvidagi janubi-g‘arbiy qismini mo‘ljalga olgan.

Taqriban 3 million odam yashovchi Idlib viloyatining katta qismi ushbu ikki guruh boshqaruvidadir.

Observatoriyaga ko‘ra, Rossiya havo hujumlari natijasida “Alhor al-Shom” tayanch punktlaridan biri yo‘q qilingan. Bunga javoban isyonchilar hukumat boshqaruvidagi hududda joylashgan nasroniylar yashaydigan qishloqqa hujum qilgan.

AQSh iltimosi bilan 7 sentabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi Suriyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun yig‘in o‘tkazdi.

BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura:

- Idlib uchun har qanday kurash dahshatli va qonli jang bo‘lishi ehtimoli yuqori, - dedi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Suriya hukumati va uning hamkorlarini Idlibga hujum qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirdi.

Idlib viloyatini qayta qo‘lga olish Suriyada 7 yillik urushda hukumat uchun so‘nggi muhim g‘alaba bo‘ladi. Urush davomida 400 mingdan oshiq odam halok bo‘ldi, millionlab kishi yashab turgan joyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi.

Keyingi yil davomida Assad kuchlari mamlakatdagi deyarli barcha isyonchilar boshqaruvidagi shaharlarni qayta qo‘lga oldi. Idlib viloyati esa isyonchilarning so‘nggi istehkomidir.

Idlib viloyati Rossiya uchun ham, Suriya uchun muhim strategik ahamiyatga ega, chunki u Asadning bosh tayanch hududi bo‘lgan Latakiya viloyatiga chegaradosh. Shuningdek, Rossiyaning eng yirik harbiy bazasi ham shu erda joylashgan.

XS
SM
MD
LG