Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:35

BLOG: Hokimiyat diniy muxolifat bilan xotin talashayapti...


O‘zTVning "Otalar ko‘zi - aqlning ko‘zi" ko‘rsatuvidan olingan kadr.
O‘zTVning "Otalar ko‘zi - aqlning ko‘zi" ko‘rsatuvidan olingan kadr.

Kecha kechqurun Youtubedan “Otalar so‘zi – aqlning so‘zi”ning so‘nggi sonlaridan birini ko‘rdimu ko‘zlarim moshday ochildi: shu paytgacha elas-elas tasavvur qilayotganimlarim tiniqlashdi.

Syujet budir: shaharlik badavlat otaning talaba qizi o‘z kursdoshi, qishloqi yigitga ko‘ngil qo‘ygan. Badavlat ota qizini marhum do‘stining o‘g‘liga bermoqchi. Oilada hech qanday huquqi yo‘q ona yig‘laydi-siqtaydi, qizini ko‘ndirolmaydi. Ilojsiz qolgan qiz yigiti bilan qishloqqa qochib ketadi. Darg‘azab ota qizini oq qiladi. Oradan uch yil o‘tadi. Yigitining xotiniga aylangan qizni qaynonasiyu qishloqdoshlari yomon ko‘radi – chunki qochib kelgan. Kelinning bo‘yida bo‘lmaydi. Bu ham qochib kelganiga jazo. Eri bilan muomalasi buziladi. Ilojsiz qolgan qiz ota uyiga qaytib keladi. Ota ters qaraydi. Qiz uning oyog‘iga yiqiladi. Shu joyda flashback: ota bundan bir necha yil oldin ham qizining oyog‘iga yiqilganini eslaydi. O‘shanda ham onasi bilan urushib, uydan chiqib ketayotgan otasining oyog‘iga yiqilgandi qizcha. Ota o‘sha voqeani eslab, eriydi. Qizini kechiradi. So‘nggi kadrda yaxshi kayfiyat bilan uyiga – qishloqqa qaytayotgan qizni ko‘ramiz. Happy end. Go‘yoki happy end.

Ko‘rsatuv boshlovchisi – oqsoqol uchun bu syujet “Ota rozi -Xudo rozi”, degan o‘gitni millionlab tomoshabinga uqtirish uchun kerak.

“Ota rozi -Xudo rozi”ni aytish uchun otaning mutlaq zolimligiga ko‘zlar chirt yumildi. Chunki u – Ota. Ota rozi - Xudo rozi.

Ko‘rsatuvni tayyorlaganlar yana “Teng tengi bilan, tezak qopi bilan”, degan aqidani singdirmoqchi jamiyat ongiga.

To‘g‘ri, har qanday dramatik syujet konflikt atrofiga quriladi. Lekin syujetni kambag‘alparvar, qishloqiparvar, qizining hislarini hurmat qiladigan Er bilan molparast, dunyoga faqat tilla tog‘orasi uzra qaraydigan Xotin o‘rtasidagi konflikt atrofiga qursa ham bo‘lar ediku?!

Ota qizining hislarini hurmat qilib, tantiq xotinini yaxshi gap bilan ko‘ndirib, qishloqi yigitni kuyov qilib olsa, gumanistlik qilsa, osmon uzilib, yerga tusharmidi? Axir, gap u yoki bu xontaxtachi rejissyorning kinochasi haqida emas, mafkura mashinasi - umummilliy televideniening shaxsan Prezident farmoni bilan qayta tirilgan ko‘rsatuvi ustida borayapti. Xalqning tutum modellarini shakllantiruvchi ko‘rsatuv ustida borayapti gap!

Zolim otani emas, gumanist otani qahramon qilib ko‘rsatishsa, osmon uzilmasdi, yerga tushmasdi. Lekin bunday qilishmaydi. Chunki jamiyatga “Ota rozi – Xudo rozi”ni, “Teng tengi bilan, tezak qopi bilan”ni uqtirish, bu shiorlarni uning shuuriga singdirish kerak.

Bu shiorlar – shu kunning shiorlari. Ularning muallifi Mustaqillik maydonidami yoki TVchilarning o‘zlarimi – bir narsa deyish qiyin.

Bugungi o‘zbek jamiyatida xotin-qizlar masalasi hayot-mamot masalasiga aylanganday. Tilga olganimiz ko‘rsatuvu diniy blogerlarning o‘quvchi qizlarga ro‘mol o‘ratish talabi bilan qilgan chiqishlari fikrimiz dalillaridir.

Bu masala jamiyatni ikkiga – diniylar va dunyoviylarga bo‘layotgan asosiy masaladir.

Diniy blogerlaru ba’zi bir imomlar tamsil qilayotgan, hokimiyatga muxolif kuch sifatida strukturalashmagan, lekin potensial bazasi o‘ta qalin bo‘lgan diniy qatlam bilan hokimiyat tamsil qilayotgan dunyoviy qatlam bir-biridan xotin-qizlarni talashayapti.

Ikkala tomon ham ular ustidan, ularning erkiyu huquqlari ustidan monopol huquq o‘rnatmoqchi.

Diniylar uchun shu kunda qizlarning ro‘moli – hal qiluvchi masala. Go‘yo shu masala hal bo‘lsa – bas, olam guliston, O‘zbekiston – musulmonobod.

Diniylar uchun xotin-qizlar ro‘moli – e’tiqod istehkomi. Menimcha, ro‘mol ular qurmoqchi bo‘layotgan istehkom poydevoridir. Ular dunyoviylarning bugungi shiorini biroz tahrir qilgan bo‘lardi: “Xudo rozi – ota rozi”.

Dunyoviylar uchun xotin-qizlar ro‘moli korridaga tushgan buqaning g‘ashini keltiruvchi bir lattadir. Ular uchun, buqadan farqli o‘laroq, ro‘mol rangi ikkilamchi – ro‘molning o‘zi birlamchidir – u bo‘lmasligi lozim. Ro‘mol diniylar qurmoqchi bo‘layotgan istehkom poydevori ekanligini dunyoviylar sezib turibdi.

Lekin dunyoviylar xotin-qizlar boshidan ro‘molni yechib olar ekan, ularga ro‘molsiz yurish huquqini berayapti, xolos. Boshqa barcha huquqlarini tizginda ushlamoqchi – bu diniylarga jo‘natilayotgan messejdir: “Qarang, biz bu masalaga befarq emasmiz”, degan messej.

Xotin-qizlar huquqlarini tizginda ushlash “milliy qadriyatlar” degan yaltiroq qog‘ozga o‘ralmoqda.

Dunyoviylar bir tomondan ro‘mol o‘rashni taqiqlayapti, ikkinchi tomondan, xotin-qizlarning lab bo‘yog‘i rangidan tortib, etagining uzunligigacha o‘lchash, nazorat qilish bilan band. Bu ish bilan ularning qo‘lidagi butun boshli davlat idoralari – davlat mashinasi shug‘ullanayapti.

Nahotki, o‘zbekning ayol etagi uzunligidan boshqa milliy qadriyati bo‘lmasa?!

Xullas, “Otalar so‘zi...”ning so‘nggi sonini ko‘rarkan, diniylar va dunyoviylarni bir birovidan ayiruvchi masala xotin-qizlarning ro‘moli bilangina bog‘liqligini tushundim.

Yana shuni tushundimki, diniylar bilan dunyoviylarni bir birovi bilan bog‘lovchi masala xotin-qizlar huquqlaridir, ularga huquq bermaslikdir.

Bu ikki kuch tanganing ikki tomoniga o‘xshaydi. Bir tomonida diniylar, ikkinchi tomonida dunyoviylar.

XS
SM
MD
LG