Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:16

13 yilga qamalgan imom oqlanib, ozodlikka chiqarildi


12 sentabr kuni Toshkent shahar jinoiy ishlar bo‘yicha sudi 13 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan xorazmlik imom Hikmatulla Yusupovni sud zalidan ozod qildi. Imomning yaqinlariga ko‘ra, sudьya giyohvand moddalarga aloqadorlikda ayblanib, 2016 yilning 25 yanvaridan beri qamoqda o‘tirgan Hikmatulla qorini to‘la oqlagan.

Hikmatulla qori Yusupovning oqlanib, sud zalidan ozod qilingani haqida Ozodlikka uning yaqinlari xabar qildi.

“Bugun sud zalidan to‘g‘ri ozodlikka chiqarishdi. Butunlay oqlashdi. Hozir u Toshkentda, erta-indin Xorazmga keladi”, dedi Hikmatulla qorining yaqin qarindoshlaridan biri.

Hikmatulla qorining yaqinlari uning sud zalidan ozod bo‘lganidan so‘ng tasvirga olingan suratlarni ham Ozodlikka yo‘lladi.

Yusupov 2016 yilning 25 yanvarida sud hukmi bilan giyohvand moddalarga aloqdadorlikda aybdor deb topilib, 13 yilga qamalgan edi. Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2017 yil 14 fevral kungi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgandi.

Imomning rafiqasi Mehribon Rahmatullaevaning murojaatlari ortidan joriy yil avgust oyi boshida Bosh prokuratura Hikmatulla qori Yusupovga chiqarilgan ish bo‘yicha Oliy sudga protest kiritib, barcha sud qarorlarini bekor qilishni so‘radi.

Tekshiruvlarda Hikmatulla Yusupovga soxta guvoh va dalillar bilan jazo tayinlangani aniqlangan.

Oliy sud 16 avgust kuni imom Hikmatulla qori Yusupovga nisbatan jinoyat ishini nazorat bosqichida ko‘rib chiqdi hamda ishni yangidan kassatsiya tartibida ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga yubordi.

Mahkamada ishtirok etgan Hikmatulla qorining yaqinlariga ko‘ra, prokuror Yusupovga nisbatan ayblov hukmi chiqarishda qonun talablari buzilgani va imomga qo‘yilgan aybni tasdiqlovchi birorta ham dalil mavjud emasligini ta’kidlagan.

Hikmatulla qori 1993 yildan buyon O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi madrasa va masjidlarda faoliyat yuritib kelgan.

Mahalliy matbuot Xorazm viloyati Harbiy prokuraturasi Hikmatulla qorining qamalishi ortida MXXning ayrim xodimlari turganini aniqlagani va ularga qarshi ish ochilgani haqida xabar qildi.

XS
SM
MD
LG