Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:33

Karimov qamog‘ida eng uzoq o‘tirgan Samandar Qo‘qonov reabilitatsiya imkonidan mahrum qilindi


Samandar Qo‘qonov (suratda) mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq qolgan siyosiy mahbusdir.
Samandar Qo‘qonov (suratda) mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq qolgan siyosiy mahbusdir.

O‘zbekiston Oliy Kengashining sobiq deputati, qamoqda 23 yilu 5 oy jazo muddatini o‘tab, 2016 yilning 24 noyabrida ozodlikka chiqqan Samandar Qo‘qonovga oid jinoyat ishi materiallari 2017 yilning 6 aprelida Toshkent viloyat Davlat arxivi ma’muriyati tomonidan “tegishli tartibda yo‘q qilingan”. Shu bois sobiq siyosiy mahkumning reabilitatsiya talab qilib yozgan murojaati ko‘rilmaydi.

Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi raisi D. Tadjibaev Samandar Qo‘qonovga bergan rasmiy javobda aytilgan.

Samandar Qo‘qonovga suddan kelgan javob
Samandar Qo‘qonovga suddan kelgan javob

Samandar Qo‘qonovning jamoatchilik himoyachisi Hamroqul Asqar 13 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda gapni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi raisi D. Tadjibaevning xatini “sharhlashdan ojizligini” aytish bilan boshladi.

Hamroqul Asqarning aytishicha, sud raisi D. Tadjibaev 28 avgustda imzolagan xat yozilishidan bir necha kun oldin - 16 avgustda O‘zbekiston Oliy sudi vakili V. Nazarov Samandar Qo‘qonovga oid jinoyat ishi kassatsiya tartibida ko‘rilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgan.

“Demak, o‘sha kunlari bundan 1 yildan ko‘proq muddat oldin, ya’ni 2017 yilning 6 aprelida yo‘q qilingan jinoyat ishi mavjud edi”, dedi Hamroqul Asqar.

Samandar Qo‘qonovning jinoyat ishi 2017 yil, 6 aprelda yo‘q qilingani joriy yil may oyida ham “ma’lum bo‘lmagani” ma’lum bo‘lmoqda.

2018 yilning 23 mayida Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Samandar Qo‘qonovdan olingan ma’lumotga tayanib, u Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi o‘rinbosari N. Akbarov imzosi bilan javob olganini xabar qilgan. Javobda Qo‘qonovning yozgan kassatsiya shikoyati jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining kassatsiya sudlov hay’atida ko‘rilajagi aytilgan.

Hamroqul Asqarning aytishicha, o‘shanda, ya’ni joriy yil mayida Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi o‘rinbosari N. Akbarovdan olingan javobdan keyin, Samandar Qo‘qonovni Toshkent viloyat sudiga chaqiradilar:

- U kishi suddan nihoyatda xursand bo‘lib qaytdi. “Sudya bilan gaplashdim, juda yaxshi kutib oldi, ishingizni o‘rganib chiqdik, ishingizda jinoyat tarkibi yo‘q ekan, yaqinda biz sudlov hay’ati xulosasini beramiz, dedi”, degandi o‘shanda Samandar aka. Mana endi oradan 4 oy o‘tib, D. Tadjibaev jinoyat ishi bir yil oldin yo‘q qilingani to‘g‘risida xat yozayapti. Agar shunday bo‘lsa, 4 oy oldin Samandar Qo‘qonovga “ishingizda jinoyat tarkibi yo‘q ekan”, degan gapni qaysi ishga tayanib aytishgan?!

Samandar Qo‘qnovning jinoyat ishi materiallari nima uchun, qaysi qonunga asosan yo‘q qilindi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi raisi D. Tadjibaev Samandar Qo‘qonovga bergan rasmiy javobda uning jinoyat ishi hujjatlari “amaldagi me’yoriy hujjatlar asosida” yo‘q qilingani aytilgan. Lekin xatni imzolagan rasmiy aynan qaysi hujjatlarga asoslanganilganini ochiq yozmagan.

O‘zi, umuman, jinoyat ishlari necha yil saqlanishi lozim?

Bu savolga javoban mamlakat darajasidagi yuqori lavozimli huquq tizimi amaldorlaridan biri D. Tadjibaev imzolagan xat nusxasini ko‘rgach, “muayyan muddatdan keyin ishning toifasiga karab jinoyat ishlari ham unichtojenie bo‘ladi. Siz aytgan ishlar o‘ta og‘ir jinoyatlar yuzasidan - shuning uchun saqlanish muddati eng maksimal”, deb javob berdi. Lekin “maksimal muddat” necha yil ekanligini ochiqlamadi.

Samandar Qo‘qonovga javob yozgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudidan, uning ishini yo‘q qilgani aytilayotgan Toshkent viloyat Davlat arxivi ma’muriyatidan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Hamroqul Asqar Samandar Qo‘qonovga kelgan javob yuzasidan juda ko‘p yuristlar bilan gaplashgani, ulardan biri, tajribali yurist Qo‘qonovnikiga o‘xshash ishlar 75 yil saqlanishi kerakligini aytganini aytdi.

Samandar Qo‘qonovning o‘zi ishi atrofida paydo bo‘lgan vaziyat haqida gapirarkan, bunday dedi:

- Men buni shunday tashlab qo‘ymayman. Men qamoqda 24 yil Karimovning zulmi bilan o‘tirdim. Men na xalqning, na davlatning mulkiga xiyonat qilganman. Jinoyatchi emasman. Shuning uchun ham yangi Prezidentimizning sharofati bilan chiqib oldim qamoqdan. Endi meni oqlaydi, degan umiddaman.

O‘zbekiston Oliy kengashi deputati¸ Chinoz neftni qayta ishlash korxonasi sobiq boshlig‘i Samandar Qo‘qonov 1993 yilning 2 iyul kuni "davlatga qarashli katta miqdordagi mol-mulkni talon-tarojlik qilganlikda" ayblanib hibsga olingan.

MXX yerto‘lasida bir yarim yil saqlanganidan so‘ng¸ 20 yillik qamoqqa hukm etilgan va tergov davridagi bir yarim yil qamoq muddatidan chegirilmagan.

Asli Jizzax viloyatining Forish tumanidan bo‘lgan Samandar Qo‘qonov 1989 yili Shavkat Mirziyoev bilan bir chaqiriqda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi deputatligiga saylangan.

​Uni yaqindan tanigan maslakdoshlari 80-yillar oxirida siyosiy maydonda faol ko‘zga tashlangan tadbirkor va deputatning shaxsan Islom Karimov topshirig‘i bilan qamoqqa olingani va shaxsan Karimov topshirig‘i bilan qamoqda shuncha vaqt saqlanganini ta’kidlaydilar.

Qo‘qonovning Karimov g‘azabiga uchraganini izohlagan o‘zbekistonlik tahlilchilar¸ buni Qo‘qonovning 80-yillar oxirida demokratik muxolifatga qo‘shilgani¸ xususan¸ Erk demokratik partiyasiga moliyaviy yordam bergani bilan bog‘laydilar.

Samandar Qo‘qonov mustaqil O‘zbekiston tarixida qamoqda eng uzoq qolgan siyosiy mahbusdir.

XS
SM
MD
LG