Peterburgda onasi 280 ming rublga sotib yuborgan chaqaloqning otasi topildi. Rossiyada noqonuniy yashab kelayotgani ma’lum bo‘lgan 28 yoshli ayolning eri O‘zbekistonda yana uchta farzandi katta bo‘layotgani va xotinining go‘dakni sotishga uringanidan xabari bo‘lmaganini tergovchilarga aytgan.
12 sentabrda Peterburgning Korablestroiteli ko‘chasidagi 12- uyda 7 sentabrda tug‘ilgan bolasini sotayotganda 28 yashar o‘zbekistonlik ayol qo‘lga olingan edi. “Xaridor” tezkor-qidiruv amaliyotida ishtirok etayotgan politsiya xodimi bo‘lgan.
Bir necha kunlik surishtiruvlar natijasida onasi tomonidan 280 ming rublga (~4100 AQSh doll.) “baholangan” chaqaloqning otasi ham borligi aniqlandi.
Bu ma’lumotni Ozodlikka tasdiqlagan Sankt-Peterburgdagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakolatxona rasmiysi Oleg Alekseevga ko‘ra, hozirda otaning bolaga yaqinligi tekshirilmoqda.
- Huquq-tartibot idoralari bu shaxsning bolaga qarindoshlik aloqalarini tekshirib ko‘rishadi va ular o‘z tasdig‘ini topsa, bola otasiga topshiriladi. Aks holda chaqaloq shifoxonaga yotqiziladi. Bizda maqomi aniqlanmagan barcha bolalar shifoxonada 10 kunlik ko‘rikdan o‘tadi. Keyin maqomi aniqlangach, uni yetimxonaga yoki boshqa yetimlar tarbiyalanadigan muassasaga joylashtirishadi, dedi Oleg Alekseev
Sankt-Peterburg Bolalar ombudsmani hozirda 10 kunlik chaqaloq o‘zini yaxshi his etayotgani va shifokorlar ko‘rigidan o‘tayotganini bildirdi.
Ozodlik o‘zbekistonlik muhojirlar farzandi bo‘lgan o‘g‘il bola Rossiya shimoliy poytaxtining 17-sonli kasalxonasida qolayotganini aniqladi.
Ma’lum bo‘lishicha, homiladorlik paytida o‘zbekistonlik ona shifoxonada qaydda turmagan, vrachlar nazoratida bo‘lmagan. Rossiyada noqonuniy yashab kelayotgani ma’lum bo‘lgan 28 yoshli bu ayolning eri O‘zbekistonda yana uchta farzandi katta bo‘layotgani va xotinining go‘dakni sotishga uringanidan xabari bo‘lmaganini tergovchilarga aytgan.
Sankt-Peterburg bo‘yicha Tergov qo‘mitasida hozircha bu shaxs bolaga otalik qilish huquqini beruvchi birorta hujjat taqdim eta olmaganini Ozodlikka bildirishdi. Shunga qaramasdan, Peterburg ombudsmani bu muhojir farzandini O‘zbekistonga olib ketishni rejalashtirayotganini aytmoqda.
Hibsga olinganidan keyin tergovchilarga bergan ko‘rsatmasida ismi sir tutilayotgan muhojir ayol jinoyatga pul yetishmovchiligi tufayli qo‘l urganini bildirgan. U qarzlaridan qutulib, O‘zbekistonga ketish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi Peterburgda yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolasini sotmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston grajdaniga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 127- moddasi 2- qismi (“Odam savdosi”) asosida jinoyat ishi ochdi.
“Ayni paytda ayolni hibsda saqlash va unga ayblov e’lon qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Chaqaloq tegishli bolalar uyiga joylashtirildi”, deyiladi tergov boshqarmasi rasmiy xabarida.
Sudda aybi isbotlansa, bolafurushlikda ayblangan ayolga 4 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Ozodlik Rossiyada bolafurushlikda ayblanib, o‘zbek muhojirlarining jinoiy javobgarlikka tortilgani borasidagi boshqa ko‘plab holatlar to‘g‘risida xabar bergan.
2016 yil avgustida Moskva viloyatining Lyubersi shahrida yangi tug‘ilgan chaqaloqni sotayotgan va sotib olayotgan ayollar ushlandi. Politsiya 16 yashar o‘zbekistonlik "sotuvchi" ayol 150 ming rublga o‘z bolasini samaralik ayolga pullamoqchi bo‘lganini bildirdi.
2016 yilning 31 martida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olti oylik chaqalog‘ini 800 ming rublga pullamoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik 33 yashar Gavhar A. jinoiy javobgarlikka tortilgandi.
2014 yilning martida Peterburgda 22 yashar o‘zbekistonlik Sayligul Nuralieva yangi tug‘ilgan o‘g‘lini sotish paytida bu savdoga yordam bergan 29 yashar tojikistonlik Aziza Davurova bilan birga qo‘lga olingan edi. To‘rt kunlik bolani 25 ming rublga sotmoqchi bo‘lgan muhojir ayollar pulni registratsiyadan o‘tish uchun ishlatmoqchi bo‘lganini bildirgan.